close

Вход

Забыли?

вход по аккаунту

?

Jontemir . Yangi she'rlar

код для вставкиСкачать
Jontemir bir she’rida yozganidek «bardoshdan ulkan, tasavvurdan keng, go‘dak kulgusidek jarangdor, g‘arq pishgan uzumdek bir shingil, Pikasso suratidek rangdor, tamaki dudidek yengil,qayg‘udan ming karra qayg‘uli, tutqun er bo‘g‘zidagi erk; dahshat
Jontemir bir she’rida yozganidek «bardoshdan ulkan, tasavvurdan keng, go‘dak kulgusidek
jarangdor, g‘arq pishgan uzumdek bir shingil, Pikasso suratidek rangdor, tamaki dudidek
yengil,qayg‘udan ming karra qayg‘uli, tutqun er bo‘g‘zidagi erk; dahshatga soluvchi ohuni, och
arslonning bo‘kirig‘idek so‘z izlayotgan“ shoir. Yosh do‘stimga o‘sha ”eng og‘riqli, eng pokiza
eng… » So‘zni topish quvonchu og‘rig‘ini tilayman…
JONTЕMIR
YANGI SHE’RLAR
ALAM
Motsart tirik bo‘lganda bormi,
Allaqachon tanishib olib,
Uning masih barmoqlaridan
Ilohiy kuy tinglashdan oldin,
Turon otli mamlakat haqda
To‘lib-toshib so‘zlab berardim.
Mobodo Van Gogni uchratib kolsam,
“Quloq” vokeasin so‘rab o‘tirmay,
Berilib tomosha kilishdan burun
Qulidagi so‘nggi suratni
Turondan gap ochardim dangal!
Deylik Rauf Parfi sog‘-omon.
U bilan birinchi uchrashuvdayok
Til topishib ketardim, aniq.
…Agar Temur hayot bo‘lganda,
Bu vaysaqi tilimni tiyib.
Qalammas, ko‘tarib qilich,
Egnimga navkarlik sovutin kiyib
Ko‘rsatgan bulardim sizga bepoyon
Ufqlarga tutashib ketgan Turonni!
18.10.2017
***
So‘zlar,
Siz o‘kib turgan mana shu qudratli so‘zlar,
Toshlashgan yurakni eritolmasa,
Pichirlab aytilganda ham
Sanchilmasa g‘addor ko‘ziga —
Bo‘g‘zini kuydirib
oqizmasa ko‘zlaridan yosh,
Turkona yigitlar,
Turkona qizlar,
Eng suyukli kalima misol
Ichida takrorlab yurmasa agar.
Bo‘rtib turgan uchun xaqiqat
Olomon ichidan so‘nggi daqiqa
Dor tagiga sudrab borolmas ekan
mag‘rur boshimni —
Hazrat Sulton cho‘qqisiga olib chiqing-da,
Uloqtiring pastlikka tomon.
Yaxshisi shamol bo‘laman,
Turon osmonida isyonkor shamol!
18.10.2017
OLCHOQQA DUCH KЕLGANDA
To‘satdan o‘zgarar holating,
Badaningga yugurar titroq.
Ko‘zlaring qizg‘ish tus oladi,
Xayolingga keladi sirtmoq.
Ro‘parangda bijg‘igan miya,
“Jonini ol, qonini ich, bas!”.
O‘qotar qurolmas og‘zing yaxshiyam,
Yaxshiyam ko‘llaring qilichmas…
17.10.2017
KUN BOTDI
Kun botdi. Kaytmoqda poda,
Cho‘pon kelar o‘ynatib zarang.
Yomg‘irga chayilgan havodan,
To‘yib-to‘yib nafas olar chang.
Yulduzlarni shikorga chorlab,
Samoda oy uyushtirar ov.
Mizg‘ir zulmat kuchog‘i — g‘orda,
Tuyoqlardan horigan yaylov.
Kun botdi. Yengildi quyosh,
Jonsarak yaproqlar titrar…
Uvlab chiqar ko‘zlarida yosh,
Erksiragan zanjirband itlar.
17.10.2017
SHAROB
Ichaman, ko‘zlarim chirt yumib,
Tanimda yoyilar harorat.
Yuboraman dardlarim ko‘mib,
Jura’tim tog‘larga barobar.
Chalkashib ketadi kun va tun,
Chuvalgan ot yoli singari.
Qilolmaydi ongimga xujum,
Soatning beshafqat millari.
Birdan qanot chikarar qo‘lim,
Ojizligim kelmaydi malol.
Sarg‘aygan rasmingga termulib,
So‘ng yig‘lay boshlayman bemalol…
17.10.2017
***
Dimaga
Broadway.
Qoramtir osmon,
Shamol olib yurar
bug‘latilgan jo‘xori isini.
Ko‘chadagi eng so‘nggi rassom
Ketib borar opichlab polotnosini.
Qo‘ltiqtayoq tutgan sersoqol yigit
Xomush o‘tirar bir chetda,
Sochlarin xavoda to‘zg‘itib kizlar
Uchib yurar velosipetda.
Sentyabrning salqin okshomi,
Daraxtlarga o‘rmalar kuzak.
Shamol esar xorg‘in, erinib.
Odamlar seliga beparvo,
Beparvo yaproqlar holiga —
Simyog‘ochga suyangan ko‘yi
Sarg‘ich sochlari paxmoq,
g‘amgin ko‘zlari moviy musiqachi — Dima
Sikripka chalar berilib.
Goh mahzun chayqalar ozg‘in qo‘llari,
Gox shiddatla chiqar avjiga.
Uzokdan kuzatsang xarakatlari
O‘xshab ketar to‘lqin mavjiga.
O‘tkinchi lo‘li qiz
Poyiga tashlangan pullarni
bittalab terar
“Quloqni qomatga keltirding” deya
qarg‘anadi pistachi ayol.
U esa kiprik qoqmay
Sikripka chalar,
Chalar unutib o‘zini,
Uzo-oqlarga tikkancha moviy ko‘zini.
Tushunishni istamas
Bu Versal,
Parij emas,
Toshkentligini…
U suyanib turgan simyog‘och
to‘satdan tunchirog‘in yoqar,
Jonlanadi erinchoq shamol.
Lo‘li kiz yo‘q,
Juftakni rostlagan pistachi ayol.
Sokin ko‘cha,
San’atsevar daraxtlar,
Sikripka
va
Kuy!
Zaminga yaqinrok engashar osmon,
Yulduzlar musiqa tinglar terilib.
Soat millariga beparvo,
Beparvo yaproklar holiga —
Unutgancha butkul o‘zini,
Uzo-oqlarga tikib moviy kuzini
xamon sikripka chalar
sarg‘ish sochlari paxmok Dima
berilib…
Ohangga to‘yingan rux,
Xorg‘in soyamni yetaklab
tushib borarkanman metroga
Tusatdan xayqirib yuboraman :
Toshkent emas
Parij bu
Parij!
18.09.2017
***
Maddohlardan olmadim saboq,
Mudom qaltis yo‘lni tanladim.
Quruq gapdan olqish yasamoq,
Gunohligin erta angladim.
Aravani bo‘m-bo‘sh obqochgan,
Og‘zi polvon kaslardan ko‘ra,
Xalqim deya bir ariq ochgan,
Dehqon bilan tutindim jo‘ra.
Qaysi kuni yangi hamkasbim,
Boshliq qo‘lin o‘pganin ko‘rib,
Etolmasdan g‘azabim taslim,
Yuziga yubordim tupurib.
Va ishdan haydaldim. Sadqai sar,
Teng ko‘rolmay har ikki yonni,
Ayb o‘zimda, fe’lim sal qaysar…
Pok saqlab qoldim-ku vijdonni.
Bir og‘iz so‘z aytmay nojoiz,
Men shunday ulg‘aydim boshidan.
She’rni ham yozaman shu bois,
Turganday Xudoning qoshida.
Endi faqat bir orzuyim bor,
Qilganimda bir kun jon taslim.
Yaqinlashmay zanchalish, g‘addor,
Tobutimni mardlar ko‘tarsin!
17.06.2017
***
Ko‘zyoshingni art,
Boshingni ko‘tar!
Qaltiratma tizzalaringni.
Cho‘chima (qattiqroq yo‘tal!),
Bo‘ronlarga bo‘shatib ber
Yurak qa’ringni.
Ojizliging sezmasin birov,
Yo‘qsa joning qolar xatarda.
Zarbalarga berolmasang dov,
Chiqarib tashlashar qatordan.
Har lahzani mardona yasha,
Tekkunicha o‘lim qamchisi.
Kuchsizman deb qilma xarxasha,
Tug‘uldingmi, demak
Jangchisan!
12.04.2017
***
Tog‘lar — she’r.
Bug‘doyzor — she’r.
Yilqilar,
Ketmon,
Chirildok,
Oy,
Ilk bo‘sa…
Kisqasi,
Dunyoda she’r bo‘lmaydigan nimaiki bor,
Tan olmayman hech bittasini!
Sen esa menga,
O‘lim…
13.11.2016
***
Eng uchqur kiyiklar cho‘qqida,
Eng pokiza qorlar cho‘qqida.
Mag‘rur archalar,
Sor burgutlar,
Fanga nomalum
Allaqanday o‘simlik.
…Sen esa bor yo‘g‘i shoirsan — zaminning pakana bolasi.
Hech qachon ko‘rmaysan ularni.
Ha, aytganday,
Kuylashing mumkin,
Faqat kuylashing.
Kuyga yarashadi cho‘qqidagilar!
26.03.2017
***
So‘z izlayman bardoshdan ulkan,
So‘z izlayman tasavvurdan keng.
Tegmaydigan biror ko‘ngilga,
Eng og‘riqli, eng pokiza, eng…
Go‘dak kulgusidek jarangdor,
G‘arq pishgan uzumdek bir shingil,
Pikasso suratidek rangdor,
Tamaki dudidek yengil.
Qayg‘udan ming karra qayg‘uli,
Tutqun er bo‘g‘zidagi erk.
Dahshatga soluvchi ohuni,
Och arslonning bo‘kirig‘idek
So‘z izlayman.
So‘z…
25.03.2017
***
Aldab keldi meni g‘animlar,
Sen samoning o‘g‘lisan deya.
Qo‘llaringdan tutib parilar,
Arshga olib ketar (pok niyat).
Go‘l ekanman, laqmaman biram,
Ha, ishondim yigirma uch yil.
Endi bilsam ming urun, chiran,
Tortish kuchin bo‘lmaskan yengib.
Haqiqatni anglab yetdimu
Peshonamni bosdi sovuq ter.
Men yerniki ekanman mangu —
Ostimda yer, ustimda ham yer!
5.07.2017
ZЕRIKTIRDI SHAHAR SHOVQINI
Zeriktirdi shahar shovqini,
Birday o‘tar shomu ertalab.
Jonim, tuyay hayot shavqini,
Quyuq sochim o‘yna erkalab.
Oy — momomning qatiq to‘rvasi,
Tun ko‘ksiga osib qo‘yilgan.
Chuh-chuhlaydi shamol yo‘rg‘asin,
…Hulvo bo‘ylariga to‘yingan.
Qurbaqalar sayramas bunda,
Vovullaydi itlar ham siyrak.
Sayr qilgani chiqsang qoq tunda,
Ushlab ketar mirshablar, ziyrak.
O, bilsayding men kelgan yerda,
Otlar qanday kishnab yurishin.
Zavqin berib bo‘lmaydi she’rda,
Kuchukvachchalarning urushin.
Saratonda daydilab, sanqib,
Terakzorda o‘ynardik soqqa.
Shalvarimiz poychasin tang‘ib,
Chirmashardik qari yong‘oqqa.
Sen qafasda ko‘rgan ilonni,
Men tortib yurardim dumidan.
Kuchugim bo‘lardi sullonli,
Cho‘milardik qishloq gumida.
Aytaversam ming bir kecha kam,
Ko‘zlarimdan o‘qi davomin.
Meni shoir qilgan tosh ko‘cham,
Lek olyapti shahar savobin.
…Kibor bo‘yinbog‘im yechgin-da,
Jonim, qo‘shiq kuylab ber mungli.
Oy sutidan qonib ichsin-da,
O‘ynab kelsin to‘pori ko‘nglim.
Zeriktirdi shahar shovqini…
BAXT
Ko‘zlaringga yiqildi osmon,
Kiprigingda qoldi oy nuri.
Anhor ko‘nglin g‘ulg‘ula bosmay,
Tol kokilin qo‘ymoqda o‘rib.
Terak uchlarida zilzila,
Shovullaydi keksa qayrag‘och.
Poyonlagan kun boshin silab,
Kimga kiydirarkin oltin toj?!
Qiziqtirmas dunyoning holi,
Tushunsangchi quvonchim, chunki
O‘sgan bo‘lsa hamki soqolim,
Bu kech oyni o‘pishim mo‘mkin.
12.11.2016
***
Bu qadimiy ashula,
Oy bilan o‘rtamizda
Yetmish ming nafis shula –
telegraf simlari —
Oqib kelar qo‘shiqlar
Va men ko‘zlarim ila
She’r bitaman bo‘shliqqa.
Bulut o‘qiydi uni,
Shamol ham yod oladi.
Aytib yurar xar kuni
Tog‘da, cho‘pon bolakay.
O‘g‘irlaydi qo‘shig‘im
Bokira qizlar tushin.
So‘ng yetkazar nor bo‘lgan
yigitlarga bol qo‘shib.
Ketmon chizgan yo‘lakdan,
Bug‘doyzorga taralar.
Harir pushti ko‘ylakda
Har tong qayta yaralar.
Bu qadimiy ashula.
Qarag‘ay shoxlariga
In qurgan sayyoh qushlar
tumshug‘ida kelgan u…
13.11.2016
***
Qo‘shiq aytib raqs tushishga
haqqingiz yo‘q hali!
Atrofga sinchiklab qarang:
Go‘dak nafasini sog‘ingan siynalar,
Zirhlangan derazalar,
Qurib borayotgan dengizlar bor.
Ko‘chalar ko‘zyoshu og‘riqqa liq to‘la.
Yashin urib,
jon berolmay tutayotgan
Chinor,
Bolalarini boqolmay
bir burda non ilinjida daydib yurgan ona it xaqqi
Baxtingizni ko‘z-ko‘z qilishga shoshilmang.
To‘yib gul hidlashga
Har doim vaqt topiladi…
17.11.2016
***
Do‘ppidek yer,
Seryulduz osmon,
Cheksiz g‘am,
Jindek sevinch
Va bir tomchi sevgi.
11.12.2016
RUHIM
Ko‘zlari kirtaygan lochin,
To‘dasidan quvilgan qashqir..
Mevasiz og‘och,
Eng chiroyli g‘am.
Do‘ppi ko‘rmay o‘sayotgan soch,
Harobani sog‘ingan hasham.
Oy no‘rida vujudsiz soya,
Simlari uzilgan chiltor.
Yoshsiz yig‘i,
Nihoyat,
Saratonda yog‘ib bergan qor.
11.12.2016
MЕTRODA
Sen uchun tushaman metroga,
Dovdirab jetonga qilaman to‘lov.
Bilaman, emassan uncha ketvorgan,
Emassan libosga qamalgan olov!
Qo‘yoshning aksi yo‘q qaroqlaringda,
Kitob varaqlaysan butun yo‘l bo‘yi,
Uzun va nozik barmoqlaringdan,
Ishq ichgim keladi labimni qo‘yib.
Qachon mehvaringdan yog‘ilar rag‘bat,
Ko‘z tashlab qo‘yasan ko‘p borsa.
O‘la-o‘lgunimcha aytardim rahmat,
Kimdir sen tomonga turtib yuborsa…
***
Shahrisabz, omon bo‘l inim!
Ko‘p sevardim kulunlaringni.
Biri opam, birisi singlim,
Avaylagin suluvlaringni.
Rozi bo‘lgin o‘g‘lingdan Hisor,
Tik qoyalar, sersuv bulutlar.
Ohularim — mahbub, beozor,
Mag‘rur qashqirlaru burgutlar.
Men shoxini sindirgan inak,
Kechir, bu dam araz bitgandir.
Gunoximdan o‘t qari ko‘ppak,
Bir gal seni yomon tepgandim.
Do‘stim, nega boshginang egik?
Ko‘zyosh to‘kmay kuzat, iltimos.
Kel bag‘rimga, xayrlashaylik,
Qo‘choqlashib tog‘liklarga xos!
Baytalimni qo‘ydim qantarib,
Otboqarni xushlamas Toshkent.
Ketganimdan uch kun o‘tkarib,
Tushovidan uni ozod et…
Kechir buvi, keksaygan chog‘ing,
Seni tashlab… Darding ketmaydi.
Og‘riganda endi oyog‘ing,
Uqalashga qo‘lim yetmaydi.
Ko‘rishguncha jaydari qishloq,
Yodda tutgum: olma, tokini.
Zangor osmon, ey ona tuproq,
Extiyot qil bobom hokini.
Shahrisabz — otameros yer,
Qarolmayman ko‘zlaringa tik.
Borlig‘imni egallagan she’r
Sabab sendan ketayapman lek —
Yaprog‘ingni chertsa biror kas,
Eshit dunyo, dangal aytaman.
Xudo haqqi, olmoq uchun qasd,
Shu zahoti ortga qaytaman!
Shahrisabz,
Omon bo‘l inim…
2.09.2017
IJOD
Jimlikka bo‘yalgan devorlar,
Stol, kompyuter,
kuldon,
Bir quti sigara.
Eng sara kitoblar
Hamda —
Lo‘lilardan sovg‘a — gitara!
Tor xonaga qamalgan (bahaybat) to‘yg‘u
Tirqishlardan ketolmas chiqib.
Tasavvurga bermaydi o‘yqu,
Ko‘krakdagi soat chiq-chiqi.
Magnitofon murvatin burayman biroz,
Yurakni sel qilib yuborar Motsart.
Tushuniksiz yozuqlar bitilgan qog‘oz
ustida muk tushib So‘z izlaydi Dard.
Chaqmoqtosh.
Sigara cho‘g‘lanar.
(Derazadan boqar tashqari)
Shiftga o‘rlar tutun
To‘lg‘ona-to‘lg‘ona,
…tun ham asta bormakda qarib.
Va qo‘qqisdan yoza boshlar Dard,
Sigarani g‘ijimlar kuldon.
Soat, gitara, Motsart!
Sasini chiqarmas magnitofon.
Tong yorishib kelar sezdirmay,
Yozar, yozar,
Yozaverar u.
Endi boyagiday sukut bezdirmas,
Kog‘ozga paydar-pay to‘kilar tuyg‘u.
Nuqta!
Tutun,
Og‘ir xo‘rsiniq —
Tovushsiz yig‘i.
Chok-chokidan so‘trayotgan tun.
Soat. Gitara. Motsart,
Nihoyat
Xo‘roz qichkirig‘i…
18.06.2017
XOHLAMAYMAN
Ko‘p qavatli uy oynasidan sokin shaharni kuzatib
soat chiqillashi-da asabga teguvchi tor xonada go‘zallik haqda she’r yozilayotgan bir paytda
dunyoning qaysidir burchagida daydi o‘qqa uchib,
qon tupurgancha jon berayotgan bolani o‘ylashni xohlamayman!
Xohlamayman!
Jonimga achinib,
muzdek sharbat simirib
salqinda yotganimda,
Saratonga qasdma-qasd
dalada ishlayotgan
(mendan bo‘lak hech kimi yo‘q)
qari momomni o‘ylashni.
Jazmanim ehtirosli tun hadya etayotgan damda,
Tizzasida pishillab uxlayotgan o‘g‘ilchamning
sochlarini silagancha
nigohlari eshikka mahtal xotinimni
o‘ylashni xohlamayman!
O‘lim, oxiratdagi hayot
va shunga o‘xshash
mayda-chuydalar haqida o‘ylashni xohlamayman!
Ayni chog‘da qo‘rqaman va o‘ylashni xohlamaymanki:
mana shu she’rni yozib bitirmagunimcha
sevimli sigaretim tugab qolishini…
04.08.2016
***
Tun malikasi,
Suv qizi – Nilufar,
Seni o‘ylasam
Yuragim duv qizir
Nilufar.
Bo‘g‘zimda qalqib turar
Bokira so‘zlar to‘lqini,
Sening ham.
Birga qochib ketaylik desak,
Yo‘l qani?!
Nilufar.
O‘n olti yosh qiz tushlariday,
Go‘dak kulgusi,
G‘aribning tinch uyqusi kabi
Shirinsan.
Unutma,
Hajringda yashab o‘tyapti Bir inson.
Yusufchehra,
Suv qizi,
Alamki,
Tuproqda ildizim,
Nilufar…
8.12.2016
XOTIRA
Kuzgi bog‘.
Daraxtlar oralab kezib yurar siniq xotira.
U qachonlardir biz yaratgan shodlik topgan
Xotima.
Shaklga ega emas.
(Har yonda ko‘rinar daragi.)
Tikilib qarasang
O‘xshab ketar ochiq yaraga.
Kezinarkan,
O‘rgimchak to‘ridek nafis
Bog‘ cholg‘usi simlarin
Chertib o‘tar
Nozik barmoqlari.
Va yetmish ikki tomiringa ketar tarmoqlanib
Go‘zal, alamli, betakror, achchiq
Xotira ohanglari.
Shu zayl o‘tgan kunlar ummoniga botirar
Har gal kuz kelganda
Bizni xotira.
12.11.2016
HAR HOLDA
Og‘rigan joyinga tuz sep.
Og‘zinga bir hovuch tosh solginu
Ishtaha bilan chayna.
Og‘rigan joyinga tuz sep.
Suratdan boqib turgan ko‘zlarga
Tamakingni ezg‘ilab o‘chir.
Ancha yengil tortasan.
Yuragingni
Ignaning uchiga yashir,
Ignani tuxumga,
Tuxumni g‘ozga,
G‘ozni qutiga,
Qutini ummonga uloqtir.
Dard esa iskovich itdek
Baribir topib olaveradi.
Og‘rigan joyinga tuz sep.
Zaharni zahar kesadi.
Ancha yengil tortasan har xolda.
18.03.2017
HAMAL
Yechilgandek bo‘ynidan sirtmoq,
To‘lib ketar ariqlar labi.
Vujudinga soladi titroq,
Daraxtlarning xo‘rsiniqlari.
Potrab chiqa boshlar yashillik,
Ko‘kni qoplar qushlar lashkari.
Barg yozadi shoxlar yashindek —
Tabiatni bo‘lmas boshqarib.
Hissiyotlar qamaldan chiqqan,
Juft qidirib kishnar biyalar.
Pok-pokiza suvlar cho‘qqidan,
Bog‘lar sari kelar qiyalab.
Tag‘in borliq to‘xtar qarishdan,
Dalalarga ajib ruh indi.
Eng totlisi bu o‘zgarishdan,
Saqlab qololmaysan ruhingni.
3.04.2017
DЕJAVYU
Kecha o‘tgan edim
Xuddi shu yo‘ldan,
O‘sha mashina,
Tanish raqam…
Xo‘jasini yo‘qotgan qulday,
Qaqqayib turibman
Chorraxada.
Aniq bilaman
Soatim yetti,
(Topishim kerak biror boshpana).
Kechagiday havo sovib ketdi,
Hali zamon yomg‘ir boshlanar.
Qarab turing
Do‘kondan chiqib kelgan chol,
Tushurib qo‘yadi hamyonin.
Gaplarimga ishonmassiz ehtimol,
Garov bog‘layman,
Hozir aksiradi
Anavi xonim.
Aytganimdek quyib yubordi yomg‘ir.
Cholning hamyonini eltib beray deb
Yo‘lni kesib o‘tyapman
(Bismillo).
Muyulishdan qayrilgan mashina
Meni urib ketadi hozir.
Mana hozir, ho…
11.04.2017
***
Go‘zallarga tikilma uzoq,
Ular soxta, beqo‘nim, toshqalb.
Muhabbat bu chiroyli tuzoq,
Qalbim!
Sening yo‘rig‘ing boshqa.
Men o‘tkinchi, faqat sen mangu,
Yolg‘onlarga sachrat qaxringni.
Axir bo‘ron bo‘lmoqchisan-ku,
Epkinlarga ochma bag‘ringni.
Bas, o‘tkinchi hislardan chekil,
Yengil-yelpi qo‘shiqlar aytma.
Haqiqat-chun har tong muttasil,
Janga kirish,
Qaytma! Qaytma!
Og‘riqlaring peshonanga zeb,
Avaylagin ularni doim.
Seni faqat gul hidlasin deb,
Yaratmagan axir Xudoyim.
6.03.2017
***
Barmog‘idan ayrilgan kulol —
Dala bosolmas g‘azabini.
Sira ozor chekmay, bemalol,
Sudrab keldik tut jasadini.
Payqamadi qishloqi itlar,
Chumchuq uyqu chollar qayoqda?
Faqat hilol kuzatdi titrab,
Ummondagi yolg‘iz mayoqday.
Yig‘lab keldi yo‘l bo‘yi sezdim,
Qishning o‘ljasi juvonmarg tut.
Yuragimni bir faryod ezdi,
“Qondoshingni qilding-ku nobud”.
Tuproqqa yoqmadi qilmishim,
Aybimga ro‘yi-rost aminman.
…Ostonamda yotar burishib,
Bahaybat barmog‘i zaminning.
9.12.2016
TITROQ
Orqamdan bir jontalab g‘anim,
Boshimga tosh bilan urganday
Titrab ketar negadir tanim,
Ketmon tutib yerga kirganda.
Taqdirim bo‘layotganday hal,
Yo‘liqqanday og‘ir savdolar.
Kechalari she’r kelgan mahal,
Oyoq-qo‘lim qaltirab qolar…
Toshlarnida kesardi so‘zi,
Berolmasdi shaytonlar firib.
Nohaqlikka tushganda ko‘zi,
Titroq bossa har o‘zbek erin.
Axir baliq emas-ku odam,
Oy ham quyosh u uchun porlar.
Qadrlidir menga dunyoda,
Yuragida titrog‘i borlar!
12.04.2017
***
O‘ndan to‘qqiz shoir maydagap,
Mardlar chiqar ahyon-ahyonda.
Tug‘ulsaydi deyman qaytadan,
A’zam O‘ktam, Shavkat Rahmonlar.
Poshsholarning ko‘ziga qarab.
Qo‘rqmay darding aytguvchilar kam,
…Dorda qalkib turibdi Mashrab…
Berib qo‘yding Abdullani ham,
Olqishlashib vatanni tilda,
G‘oz yurishar sochni turmaklab.
Qarsakbozlik avj olgan elda,
Ko‘kararmi olov yuraklar?!
Qachon uchqun sachratgan kesak,
Behuda sarflama zaringni.
Ich-ichingdan poklanay desang,
Saralab ol shoirlaringni.
18.11.2016
BUZILGAN O‘LKADA ERK
Bunda hamma o‘zini o‘ylar,
Bunda barcha darvozalar berk.
Ko‘chalarda nomini kuylab,
Tentib yurar alamzada erk.
Nigohidan sachraydi qayg‘u,
Muhabbatdan, shodlikdan holi.
Zamonning yodidan chiqqan u,
Muzeydagi xanjar misoli.
Siniq oynalardan damba-dam,
Olayib qaraydi asirlar…
Xushlashmaydi xarobada ham,
Sig‘dirishmas hatto qasrda.
Tugab borar saboti, kuchi,
Sudraladi it talaganday.
Allaqachon ketardi uchib,
Qanotlarin kesishmaganda…
10.04.2017
SABAB
Men nega Toshkentga bormayman,
Chunki boqib bo‘lmaydi sigir.
Bunda ketmon chopib xormayman,
Keng shaharga sig‘mam negadir.
Qulunlamas unda biyalar,
Bo‘ribosar itlar hurmaydi.
Qish kechasi tog‘dan qiyalab,
Och qashqirlar izg‘ib yurmaydi.
Changitgani tuproq yo‘llar yo‘q,
Yaltiraydi oftobda asfalt.
Na buloq bor va na tosh quduq…
Bosib ketar ichingni hasrat.
Axir tushunsangchi dilbarim,
Ot boqmay yashashning gashti yo‘q.
Avvallar bo‘lgandir, bilmadim,
Bug‘doy ekay desang dashti yo‘q.
Yurak siqar miltiq otmasam,
Qilib bo‘lmas biror telbalik.
Qodiriyni tanimasang ham,
Salominga olishar alik.
Yetar!
Ortiq qiynama ey gul,
(Bu gal ham qoldirdim safarni.)
Mensiz ham poytaxtda shoir mo‘l,
O‘shalar gullatsin shaharni.
Endi ishga.
Ancha oldik tin,
Ha, shunaqa o‘jar bolaman.
Ko‘rasan, qishloqda turib men,
Toshkentni larzaga solaman!
Kelishmayin tillari so‘zga,
(O‘zlaricha she’rda mohirlar)
O, o‘shanda yosh olib ko‘zga,
Qishlog‘iga qaytar shoirlar.
22.03.2017
***
Yugur qashqir, qarama ortga,
Qamchisi-la kesib havoni.
Yelkasiga miltig‘in ortgan
Ovchi kelayapti — bigiz tovonli.
Chop, ayama panjalaringni,
Bolalaring haqqi to‘xtama.
Qulat qo‘rquv panjarasini,
Cho‘chimagin daydi o‘qdanam.
Oy — sut to‘lg‘azilgan piyola.
Yaraqlaydi cho‘qqilar qori.
Boraver qashqirim qiyalab,
Yuqori, yanayam yuqori.
Ovchi tishlaringa ishqiboz,
Tirnog‘ing ham boyitar uni.
Tag‘in chaqar ko‘ksini novvos,
Bo‘g‘izlangan otarning xuni.
Yo‘q, joyida to‘xtadi bo‘ri,
Chek qo‘ymokchun azaliy janga.
Toptalardi axir g‘ururi,
Yovni boshlab kirsa vatanga!
Mag‘rur turdi tishlarin qayrab,
Ol deganday ovchi o‘chingni.
O‘q ovozi ketdi varanglab…
Jondor yalab qonli lo‘njini,
Raqibga tashlandi sherdayin,
Qurigandi o‘ljaning sho‘ri.
Ketib borar endi gerdayib,
Tog‘lar tomon yarador bo‘ri.
9.11.2016.
NIYAT
Avaz Malik — qadimiy qishloq,
Qadimiydir qabristoni-da.
Unda yotar bobomiz
Shundoq,
Rahmatli otasin yonida.
Soya tashlab turar keksa tut,
Panalaydi yomg‘irdan, qordan.
Sal narida — hujrada tobut,
Pusib yotar aybdorlarday…
Bir so‘zli odam edi bobom,
Bir qalkidi, bir bor yiqildi.
Va’da berganidek bir oqshom,
Otasining yoniga keldi.
O, o‘shanda ich-etimni yeb…
Lekin qoyil inson sabriga.
Qiyomatda yengil yursin deb,
Kichikroq tosh qo‘ydik qabriga.
Niyatlarim kelib o‘ngidan,
(Men ham dangal gapimni aytay!)
Qayda bo‘lmay, safar so‘ngida,
Bobom yotgan tuproqqa qaytay.
10.05.2017
***
Nega sevgini tuzlab bo‘lmaydi?
Tuzlab bo‘lmas nega do‘stlikni?
Tuz
Buzulishdan asrashi mumkin-ku tuyg‘ularni ham.
Hammasiga fikr aybdor!
Negaki,
Bahor havosidek o‘zgaruvchan bizning fikrimiz.
Agar tuz haqdagi taxmin
to‘g‘ri chiqsa,
Avvalo fikrni tuzlamoq kerak.
Yodda tuting,
Avval fikrni!
18.07.2017
***
Bulutdek,
Shamoldek,
Qush kabi ozod ko‘nglimni
Zanjirband qul misol
poyingga keltirmak istayman —
Toki telba ruhimga hukumronlik qil!
Maysalarning tilini o‘rgat,
Toshlarning sabrini.
Alloh jamoliga yo‘l ko‘rsat,
Ko‘rsat Majnunning qabrini.
Dardimning bir tishlamin ulashay unga…
Yomg‘ir,
To‘rtinchi qavat derazasidan
shalabbo shaharni yolg‘iz kuzatmoq
Naqadar og‘ir.
Nigohimdan to‘kilar
Fikrlar, o‘ylar:
Anavi soyabon ostida ketayotgan sendirsan balki,
Ismingni aytib chaqirsam
Ilg‘armikin meni moviy ko‘zlaring,
Qorong‘ulikda?!
Yo‘q, bu dam shirin uyqudasan go‘zalim.
Tushlaringda yurgan kimsaga aylanib qolmoqni
shu qadar istaymanki…
Ex!
Darvoqe — tush!
Tush bo‘lsam qanidi,
Faqat sen ko‘rishga qodir bo‘lgan tush.
Alam qilgani
Men na shoirman na rassom,
Yo‘qsa,
Samoviy go‘zalliging,
Ko‘zinga botirib olingan osmon,
Osmonga qorishib ketgan ko‘zlaring qoshida titroqqa tushmay
Shoh asar yaratgan bo‘lardim
Allaqachonoq,
Mangulikka daxldor asar!
Naqadar nochorman sevgilim…
Yarim tun,
Kuzning ilk yomg‘iridan mosuvo
To‘rt devor ichida
senlashgan hayollarga berilib,
Ketma-ket kuldonga bosilayotgan sog‘inch og‘ushida karaxtman.
…maysalarning tilini o‘rgat,
O‘rgat
Ko‘zlaring — samoga
Oy nuridan tirmashib chiqish sirrini.
Tog‘lardek,
Ummonlardek,
Piramidalar misol mag‘rur ko‘nglimni
Zanjirband qul kabi
poyingga keltirdim axir.
30.09.2017
***
Tong yoyganda zarrin sochlarin,
Sigarasin cho‘g‘latganda ufq.
Yuragimning qarindoshlari —
Cho‘qqilarga qilaman qulluq.
So‘ng olacha choponim kiyib,
Yo‘l olaman mozor boshiga.
Unda “inson o‘tkinchidir” deb,
Yozilgan bir qabr toshiga.
Yig‘lab-yig‘lab o‘qigach duo,
Qo‘zg‘alaman qoqilab to‘nim.
Sizda qanday bilmadim ammo,
Mening shunday boshlanar kunim.
27.03.2017
QIMOR
Qarta chiylandi.
Senda tuz,
Menda qirol,
Unda esa hechvaqo.
…soatimni tikaman,
Sen qimmat kamzo‘lingni.
O‘ylab ham o‘tirmay u
Tashlaydi bor bisotin.
Chekinaman shu zahot,
Seni bosadi qo‘rquv.
Tavakkal qil!
Yutasan
Yo bari bo‘lar barbot.
Yo‘q.
O‘yindan chiqasan,
G‘azablanib, uf tortib.
Soatim va kamzo‘ling
Unga etilar tortiq.
Vaholangki,
Senda tuz,
Menda qirol,
Unda esa hechvaqo.
6.04.2017
***
Mening uyim — mening vatanim,
Undagi hamma narsa meniki.
Shiftdagi qaldirg‘och ini va
Ushoq sudrab ketayotgan
Anavi chumoli ham.
Istasam chekaman,
Istamasam — yo‘q.
O‘z tilimda so‘zlayman
Kelgan odamga.
Xohlaganimdek
Bezayman uni.
Tomorqaga ehtiyojimga qarab
Urug‘ sepaman.
Behosdan gilamga
Qahva to‘kib yuborsam
Hech kim urushmaydi,
Musht tushurmaydi.
Mening uyim — mening vatanim.
Unda shoh ham
Avom ham o‘zim.
31.03.2017
***
Stolda xat qoldirdi yozib,
(Tashqarida yomg‘ir,
Tashqarida kuz)
Va qo‘liga olib paltosin
Chiqib ketdi ohista bosib.
Endi u qaytmaydi
Bu aniq.
Hayot naqadar absurd (bemani).
Kechagina usiz yashay olmasdim,
Hozir esa
Og‘rigan tishini oldirgan kishiday
Xotirjam yotibman o‘rnimda.
31.03.2017
***
Jamolungma yolg‘iz o‘y surar,
Dardkashi yo‘q dunyoda uning.
Bulutlarga osilgan surat,
Timsoli eng og‘ir qayg‘uning.
Tanholikda yashar eh g‘arib,
O‘xshamaydi na sen, na menga.
Qancha baland o‘sgani sari,
Shuncha botib borar zaminga.
Qoyalarni nazarga ilmas,
Oshkor etmas asli kimligin.
Dardlarini dasturxon qilmas,
Uning buyukligi — jimligi.
Sukut tog‘i — mag‘rur salobat,
Qo‘zg‘olsa har baloga qodir!
Jamolungma — Arshi A’lodan,
Yerga qulab tushgan bahodir.
31.03.2017
***
Shoir do‘stim, tillaring burro,
Qayga borma o‘tasan to‘rga.
Ammo olqish bitishdan ko‘proq,
G‘animga tik boqishni o‘rgan!
O‘rgan qilich to‘tmoqni avval,
Ot choptirib turgin har zamon.
Davralarda so‘zlagin dangal,
Tez-tez mashq qil otishni kamon.
Shoirman deb sharobga cho‘mib,
Tamakingdan burqsitgancha dud.
Nohaqlikka ko‘zingni yumib,
Pusib yurma, o‘zni mag‘rur tut.
Qo‘qis yurtni bosganida yov,
G‘azab, nafrat jo‘shib tanada.
Jang bo‘lib to‘rganda beayov,
She’r yozib o‘tirsang panada —
“Ko‘nglimni dog‘ladi bir sanam…”,
Befoyda. Oqizma yoshingni.
Xudo xaqqi gunoh bo‘lsa ham,
Chavaqlab tashlayman boshingni!
21.08.2017
***
Tog‘larga chiq, holini so‘ra,
Har bir maysa, har bitta toshni.
Erkalatgin: dagarim, to‘ram,
Yelkanga mindirib qo‘yoshni.
Pastda qolsin cho‘qqilar, shamol,
Puflab uchur yulduz uyurin.
Mirrixga bosh ko‘yib orom ol,
Yuragingni erkin qo‘yirib.
Ortiq seni cho‘chitmas soya,
Axir shuni istarding mudom.
Qara, qanday mukammal g‘oya,
Tog‘! Cheksizlik! Inson va Xudo!
Endi qo‘rqmay yashashing mumkin,
Singib ketdi ruhingga viqor.
O‘limga tik boqasan,
Chunki
Yelkangda qo‘yoshning izi bor!
5.10.2017
***
Xongullarga ishqibozmasman,
Kapalaklar bilan ishim yo‘q.
Qushlarning tilini bilmasman,
Ohulardan yaqin kishim yo‘k.
Diydam qattiq, so‘zlarim dag‘al,
Sulh o‘rniga ko‘taraman musht.
Ko‘chalarda kezib bemahal,
Darveshlardek yuraman sarxush.
Tamakini qilmayman kanda,
Goh-gohida o‘ynayman qimor.
Dahshatlisi — shundoq yelkamda,
Do‘stim urgan hanjar izi bor!
Shundan buyon holatim abas,
Shundan buyon ko‘ngilda jarlik.
Shundan nafis gullarni emas,
Xush ko‘raman rostgo‘y hanjarni.
9.07.2017
SARATON
Shamol uyg‘ot bulutni,
Qani kuzgi jalalar?
U yig‘lashni unutdi,
Samum o‘ynar dalada.
Tubiga cho‘kkan oyni
Tutolmay soy chayqalar.
…tebranmas ko‘kdan aynib,
Qopar tunni baqalar.
Xo‘rsinar ovchi, bugun
O‘ljasiz qaytdi ovdan.
Quyoshga mushtin tugib,
Yomg‘ir so‘rar tar novda.
O‘zidan kuyib chilla,
Xansirar, bir soya yo‘q.
Asta-sekin imillab,
Cho‘kib boryapti quduq…
31.10.2016
***
Bu kecha:
Kallaklangan tutlar uchun yig‘ladim,
Yig‘ladim otilgan kiyiklar uchun.
Bandi burgutlar,
Shiryalang‘och simyog‘och,
Qiltomoq daryolar,
Cho‘kib qolgan tog‘lar.
Bepusht er,
O‘qilmagan kitob,
Cho‘qilmagan meva,
Usmon Nosir bo‘g‘zida qon bo‘lib qotgan
So‘ngi she’r-r!
O‘zini qirg‘oqqa urib
Jon berayotgan Ko‘k kitlar,
Buzilgan dunyo,
Xiralashgan osmon,
Bevaqt uzilgan har bir yaproq
Va senga yetolmagan,
Izhorin aytolmagan
Ojiz yuragim uchun
To‘yib-to‘yib yig‘ladim,
Kuyib-kuyib yig‘ladim.
Tong!
Xonam bo‘ylab sochilib yotar,
Chekib tashlangan yurak qoldiqlari…
15.08.2017
***
Uyg‘ondingmi, sahar muborak!
Demak hayot — o‘limla kurash.
…Yuragingni to‘kib yuborar,
Avtobusda bir o‘tli qarash.
Qizil chiroq. To‘xtaydi qatnov,
Yo‘lni kesib o‘ta boshlaysan.
Bilib-bilmay bir qizga nogoh,
Mehr to‘la nigoh tashlaysan.
Kutib olar korxonang seni,
Takroriy kun qo‘zg‘aydi g‘ashing.
Jaranglatib soxta kulguni,
Kirishasan ishga bosh qashib.
Tarqoqlashib boraverar o‘y,
Xona, stol ortiq yarashmas.
Radiodan yangrar sohir kuy,
“Avtobus, yo‘l, o‘tli qarashlar…”
“Jonga tegdi qolipda yashash!”
…Boshliq sezmas eshik yopganing.
A-asta chiqib ketasan, otash
Nigohlarni izlab topgani…
19.07.2017 Archa ko‘cha.
23
23 — isyonkor raqam!
Boshidan to tubigacha o‘t.
Umr choragi — chorraha,
Everestni zabd etgan burgut.
23 — bezori bola,
Sal narsaga qo‘zg‘alar g‘ashi.
Kapalakka limmo-lim olam
Va bir qizning o‘tli qarashi.
23 — qaynoq og‘ushlar,
She’rga ko‘chgan ehtirosli tun.
…devorlarni qonatgan mushtlar,
Quchoqlab yig‘langan tosh ustun.
23 — lo‘livash saboq,
Tomirlarga sig‘mayotgan qon.
Laqillatib ketilgan qishloq,
Bekatlarda ottirilgan tong.
23 — mustaqil hayot,
Saralangan tuyg‘ular, do‘stlar.
Uyurini qo‘msayotgan ot,
Chertib yuborilgan afsuslar.
23 — bolalik dog‘i,
Ertangi kun oldidan hadik.
23 — endi bu yog‘i,
Tasavvurga sig‘mas keksalik.
2.06.2017.
AYRILIQ
Shom.
Momiq patlarin
Yig‘ib olarkan quyosh
Avtobusga o‘tirib
Ko‘nglimni bo‘shatgani
Xiyobonga jo‘nadim.
Kirarkanman darvoza
Xuddi tashlanmoqchiday
Irilladi ro‘yi-rost.
Va tag‘in qora mushuk
kesib o‘tdi yo‘limni
So‘ng tashlandiq inlarin
Uloqtirdi daraxtlar
Meni ko‘rib bukchayib
oldi tanish o‘rindiq.
Anhorda baliqlar yo‘q,
Qurbaqalar sayrog‘i
Kar qilgudek quloqni.
Dunyoning bor qarg‘ishin
Peshonamga bitgandek
Nomalum
Badbaxt hattot
Soatimga qarayman
U ham to‘xtagan hatto.
Tamakimni olaman.
Bari qilgandek kamlik
Tushurib qoldiribman
Avtobusda gugurt va
Sendan qolgan yagona
Esdalik —
hamyonimni.
1.06.2017
QANDAY MOVIY, QANDAY LOJUVARD
Kuzgi osmon, dilbarim Nigor.
Xuddi ko‘zgu, yuqmaganday gard,
Qara, g‘amlar bo‘lmishdir bekor.
Qanday moviy, qanday lojuvard.
Tikilishar olisdan mag‘rur,
Hisortog‘ning tik qoyalari.
Jonlanadi xotirda masrur,
Jek Londonning hikoyalari.
Hisortog‘ning tik qoyalari.
Pastlab uchgan qushlarni ko‘rib,
Toshib chiqar yurakdan zavqing.
Topolmaysan jannatga kirib,
O, bundayin lahzalar shavqin.
Pastlab uchgan qushlarni ko‘rib.
Muhabbatdan so‘z ochgan mahal,
Qizaradi nechun yuzlaring?
Menda ko‘ngling borligin go‘zal,
Oshkor etib qo‘ydi ko‘zlaring.
Qizaradi nechun yuzlaring?!
Lablarimla tutib olgum bor,
Kipriginga ilashgan nurni.
Sadag‘asi ketayin Nigor,
Yanog‘inga yarashgan durning
Lablarimla tutib olgum bor.
Keng adrlar, baxmal dalalar…
Shahrisabzning jon dilbandimiz.
Tuprog‘ida mehr yaralar,
Ikkimiz ham ishqqa bandimiz.
Keng adrlar, baxmal dalalar.
Jilg‘alardan taralmoqda kuy,
Soching bilan o‘ynashar shamol.
Kel, dunyoni bir chekkaga qo‘y,
Erta umrim tugar ehtimol.
Jilg‘alardan taralmoqda ko‘y.
Qanday moviy, qanday lojuvard,
Kuzgi osmon, dilbarim Nigor…
4.12.2016
JUMBOQ
Hamma narsa ma’lum dunyoda,
Jumboq bu men
Faqat men jumboq.
Ro‘paramda o‘tirgan odam,
Mag‘zimni chaq
Va yoki jim boq.
Yong‘oq mag‘zin yashirgan misol,
Chinim to‘sib turar paranji.
Yuzimdan niqobim yirtib ol,
Yo‘qsa ket. O‘ksimay ranjib…
Bunga faqat englar qodir eng,
Mohiyatning sarhilligidan
Esankirab qolishar va
Men
Meni yechgan aqlnikiman.
19.05.2017
***
Kim baxt topgan ichiga yutib,
To‘kib tashla g‘am-anduhingni.
Ko‘kragingni shamolga tutib,
Yengillatib olgin ruhingni.
Yaylovlarga bor, tog‘larga chiq,
Ozod qushlar galasin kuzat.
Tashvishlarga achchiqma-achchiq,
Magrur yasha, to so‘ngi fursat…
Og‘ir o‘ylar — ko‘rinmas qafas,
Qayg‘u — chayon,
Dardlar — qopag‘on.
Bir amallab yorib o‘tsang bas,
Diqqanafas hayot qobig‘in.
O‘zligingni angla qisqasi,
Dunyo — janggoh.
Maydonga tushding.
Tugulgancha qolib ketmasin,
Yerk yo‘lida birikkan mushting!
29.04.2017
***
Bir yaxshilik qilsangchi jonim,
Mendan kech va izlama qaytib.
Bir yaxshilik qilsangchi jonim,
Bir umrga alvido aytib.
Mendan xafa bo‘lmagin faqat,
Bu aslida ko‘ngil xohishi.
Bilmasmiding, dardsiz muhabbat,
Juda erta zavol topishin.
Ortiq senga emasman qaram,
Endi butkul ochiq oramiz.
Buyog‘iga Xudoga qarab,
Boshqa-boshqa yo‘ldan boramiz.
25.04.2017
***
Bir kechada seni unutdim,
Bir kechada so‘ndi muhabbat.
Ertasiga atirgul tutib,
O‘zga qizga bitdim ishqiy xat.
Singanim yo‘q, mag‘rur turibman,
Endi ko‘kni tutar faryoding.
Ayriliqdan qo‘rqib yuribman,
Bir kechalik ekan-ku yoding.
18.05.2017
***
Ketyapsanmi?
Mayli, yaxshi bor,
Qaramagin ortinga zimdan.
Faqat bitta iltimos, dildor,
O‘zingni olib ket qalbimdan.
Yana bir gap,
Ketishdan oldin,
Quvib chiqar uydan atringni.
(Bunda yolg‘iz o‘zimni qoldir)
Yoqib yubor suratlaringni.
Senga atalgan she’rlar va
Yoqtirgan kitoblarni ol.
Shkafda ko‘ylaklaringni ko‘rmay!
Buyog‘iga yashay bemalol.
(Istaymanki orzo‘yinga yet)
Afsus chekmaslik-chun umr so‘ngida,
Barini o‘zingla ola ket,
Hech vaqo qolmasin sevgidan.
24.05.2017
***
Dildiraydi qoraygan osmon,
Chaqmoq bulut ko‘ksin cho‘qilar.
Yomg‘ir quyar,
Yerda shu zamon,
Kunduzning motami o‘qilar.
Yana tunla keldim yuzma-yuz,
Yuzinchi yo minginchi bora.
Sendan darak bo‘lmadi hanuz,
Hanuz ishqning yuzlari qora.
Qaytaman deganding, ishondim,
Garchi yolg‘on edi so‘zlaring.
Ayriliqqa qongancha qondim,
Bugun kimni avrar ko‘zlaring?!
Bilaman g‘o‘r umidlar sarob,
Go‘zallar unutgay axdini.
O, baribir rahmat dilrabo,
Qoldirding-ku kutish baxtini.
Yana tunla keldim yuzma-yuz…
1.03.2017
***
Ishkomda osig‘li
Bahaybat qafas —
Qanotlilar etilgan bandi.
Don ilinjida sayraydi bulbul,
Bedanani qilib sharmanda.
Qilmok bo‘lib bulbulga taqlid,
Bor ovozda chiranar kaklik.
Qafasda ham kasbini qo‘ymay,
Ikki moda g‘iybatchi mayna,
Oldi-qochti gaplarni chaynar.
Bir zavqlanar tomosha qilib
Choy xo‘plarkan so‘rida ovchi.
…Qorli cho‘qqilarga ko‘z tikib,
faqat jim turardi mag‘rur sarlochin.
23.05.2017
***
Mashina qo‘zg‘almas
O‘t oldirmasang,
Yem yemasa
Sut bermas sigir.
Eng yaqining — o‘limga esa
Baribir.
Gugurt chaqsang
Olovga tegib,
Sigarangdan dud bo‘ralaydi.
O‘limning xizmati tekin,
U sendan haq so‘ramaydi.
Xabar olar kunda uch bora,
To‘lamaysan yo‘l kira haqin.
Qaytamga jerkiysan (ichi qora),
U baribir soyangdek yaqin.
Ketganingda ba’zan quturib,
Uni esla,
Tinchir holating.
Yoningda shundayin do‘st turib,
Yolg‘izman deyishing g‘alati.
18.05.2017
***
Tog‘lar bilan tillashib keldim,
Shamollar-la she’r aytishdim soz.
Qulunlarga ergashib yeldim —
Ruhim ko‘kka qildiya parvoz.
Tubsiz jarlik labida turib,
Qo‘llarimni yozdim qanotday.
Ovozim boricha hayqirib,
Minnatdorman dedim hayotdan.
Harsanglarga bosdim yuzimni,
Muzdek buloq suviga qondim.
Qushdek yengil sezdim o‘zimni,
Men shu kuni qayta uyg‘ondim.
Ko‘p yayradi yuragim — kiyik,
Indamadim, qiyalab ketdi…
Endi pastda yashashim qiyin,
Chunki ruhim cho‘qqiga yetdi.
1.05.2017
Toshkent-Parkent.
***
Yolg‘izlik istadim.
Yetishdim.
…Tun. Kitoblar. Kuldon. Sukunat.
Derazamdan tashlab ketishdi,
Egasi nomalum ishqiy xat.
Engashaman stolga behol,
Konvertni avaylab yertaman.
Qisqagina jumla «eslab qol,
Ko‘rgani boraman ertaga».
Kimligiga qiziqmayman ham,
Irg‘itaman g‘ijimlab xatni.
Ketish kerak (cho‘kar hafsalam)
Boy bermasdan turib fursatni.
Tag‘in yo‘l.
Ketyapman piyoda,
Boshimdan nur elar keksa oy.
Yuragim, bormikan dunyoda,
Hech kim yo‘qlab bormaydigan joy.
15.03.2017
SHOIR
Haydab soldi uni yolg‘iz uy,
Sig‘dirmadi ortiq bag‘riga.
Kun ochiq edi, osmon xushro‘y,
Qo‘vg‘indi shoirning baxtiga.
Paypasladi cho‘ntaklarini,
Tamakisi, gugurti ham bor.
Ko‘nglidan xavotir aridi,
Endi kezsa bo‘lar telbavor.
Ketar ekan keskin qayrilib,
Kulbasiga qaradi xomush.
Yuragini ezdi ayriliq.
Eshik turar do‘laytirib musht.
Derazadan boqar ichkari,
Hilviragan yolg‘izlik bilan.
Ko‘rinardi zo‘rg‘a kichrayib,
Devordagi aravon gilam.
Bir xo‘rsinib qo‘l siltadi u,
Eshikning musht kesakisiga.
“Xayr, endi qaytmayman mangu.”
… Gugurt chaqti, cho‘g‘landi sigar.
Uzoq yurdi ko‘cha changitib,
Kun chekindi, quyildi oqshom.
Shu kun erk neligin angladi,
O‘ziga xon, o‘ziga podsho.
Avval uydan chiqmasdi sira,
Ko‘cha bilan yo‘q edi ishi.
Tinmay yozish hamda ijara
Pulin topish bo‘lgan tashvishi.
Endi bildi va yozdi sarmast,
«Yashash uchun betashvish, bekam.
Shoirlarga uy kerak emas,
Eng muhimi ozodlik ekan!»
Boshqa dunyo, yangi qadamlar,
Hammasini tushunib yetdi.
Ko‘chadagi ozod odamlar
Oqimiga qo‘shilib ketdi…
18.03.2017
***
Gavjum uyda yop-yolg‘iz
Yelkalaring qabartar jimlik.
Tunlar oydan tushib yalmog‘iz,
Tutar achchiq-achchiq ichimlik.
Termulasan yo‘lga nigoron,
Termulasan ufqlar sari.
Chap ko‘ksingda uyg‘onar bo‘ron,
Chiqib ketar ruhing sarsari.
Tushuniksiz tuyg‘ular bosar,
Mast bo‘lasan lo‘livash hisdan.
Yuragingni o‘ynatib rosa,
Bir telbalik chorlar olisdan.
Chipta olib so‘ngi chaqanga,
(Bu to‘g‘rimi yo‘qmi bilmadim)
Sezdirmasdan bolachaqanga,
Uydan chiqib ketasan dadil.
Ko‘chalarda tentirab, sang‘ib,
Kechikasan poyezdga atay.
Va o‘zingni oqlaysan tag‘in,
“Sal oldinroq kelmapman, attang”.
So‘ng ortinga qaytasan xomush,
Sahar vaqti uyga kirasan.
Peshonanga tushurib bir musht,
Avvalgidek yashayverasan.
9.03.2017
IQROR
Yetar!
Jim yurolmayman, yo‘q,
Mayli kesib tashlang tilimni.
“Iskandarning shoxi bor, quduq”,
Yasholmayman aldab elimni.
Oxir sabr kosasi to‘ldi,
Ortiq yovga emasman sherik.
Qodiriyni otganlar o‘ldi,
Qodiriyni sotganlar tirik!
…To‘g‘ri, men ham qattiq adashdim,
Tanib oldim o‘zimni biroq.
Bu yog‘iga qo‘rqib yashashdan,
Rost gapirib o‘lgan yaxshiroq.
8.04.2017
***
Burnidan naryog‘in ko‘rolmas,
Fosiqlar ko‘p hali dunyoda.
Ko‘chada shunchaki yurolmas,
Biz kabi xotirjam, piyoda.
Qo‘rqishar yuzma-yuz kelishdan,
O‘q uzishar ortingdan mudom.
Ko‘rinishi po‘rim, kelishgan,
Sanashadi o‘zlarin Xudo.
Yelkalari bulutga tegib,
Go‘yo tutib turar samoni.
Boshqalar yashasin bosh egib,
Aytishar “bu zo‘rlar zamoni”.
Tan olishmas o‘zgardi hayot,
Birov boqmas “chiz-chiz”lariga.
Bilishmaski, allaqachonoq,
Qurt tushgan o‘q ildizlariga…
27.03.2017
***
Bu odam o‘zidan bexabar,
Og‘zi polvon, anchayin g‘o‘rroq.
Janjal chiqaradi besabab,
Aqli noqis, tillari burro.
Bo‘shab qolsa tuyqus kissasi.
O‘zin ming xil tusga soladi.
Bir og‘iz gap bilan qisqasi,
Ministrni ishdan oladi.
“Bardam bo‘ling yurtdoshlar bardam”,
Yolg‘ondakam kuyunar har gal.
Katta-katta anjumanlarda,
Yurt taqdirin qilib qo‘yar hal.
Bir ish kelmas ammo qo‘lidan,
Orttirgani g‘iybat — mahorat.
Chiqib qolmang tag‘in yo‘lidan,
Butun jismi tildan iborat.
25.03.2017
***
Sen judayam yengil o‘ylaysan,
Deylik harsangni tosh deb.
Birov yozgan she’rni kuylaysan,
Birov to‘nin yurasan kiyib.
Shoirdan undirasan tamaki,
Ishga borasan tanish ulovda.
Senda asliyat yo‘q,
Bari xomaki,
Shunday yashab o‘tasan dunyodan.
O‘z so‘zing bo‘lmagan hech qachon,
Hech qachon boringni ko‘rmaysan baham.
«Qoldiqlar”ga ko‘nikkan inson,
Birovdan olgansan xotiningni ham.
18.03.2017
***
Uyg‘on!
Uy. Metro. Ish-metro-uy,
Ulgurmaysan hatto sovushga.
Kunda takrorlanar ush bu kuy,
Xuddiki u senla qovushgan.
Nechta bog‘ bor Toshkent shahrida?
Favvoralar, teatr, muzey…
Bir kuningni kechib bahridan,
Yurganmisan ko‘chada o‘zi?!
Qachon kirding gul do‘koniga?
Kitob olib qaytarmiding hech?
Uyingda bordayin jodugar,
Tappa tashlab uxlaysan har kech.
Na o‘ylaysan, na tush ko‘rasan,
Takrorlanar tag‘in o‘sha kuy.
Hoy, shoshmasangchi, ulgurasan,
«Uyg‘on!
O‘y-metro-ish-metro-uy».
Ko‘rmagandim sendan battarni,
Metindanmi deyman iroda.
Hech bo‘lmasa yakshanbalarni,
O‘zing uchun sarfla birodar.
3.03.2017
BIR DO‘STIM
U ovsar, o‘ta anqov,
Ishi yurishmaydi hech.
Yo‘lin bosib ketgan g‘ov…
Ko‘zida esa sevinch.
Sezmaysiz ham borligin,
Na to‘yda, na azada.
Kimga do‘st, xo‘shtorligin,
Shundaylarga mazada.
Birovga bo‘yin egmas,
Ko‘ngli podsho-kambag‘al.
Qo‘lday yashaydi begmas,
Mag‘rur, cho‘rtkesar, dag‘al.
Hayoti bo‘lardi zo‘r,
Gapga qo‘loq ilmaydi.
So‘tak! Dovdir! Landavur,
Maddohlikni bilmaydi.
10.03.2017
YANA BIR DO‘STIM
Ishga borib keladi birday,
Birovga tegmaydi ziyoni.
To‘qsonni hatlagan kampirday,
Unutib yuborgan dunyoni.
Bayramlarda ko‘zga tashlanmas,
Yurar o‘zin panaga olib.
Yo‘qchilikda ko‘ngli g‘ashlanmas,
Yashamaydi taqdirdan nolib.
Hayiqadi nafsning tig‘idan,
Joniga qasd qiling, kechirar.
Osmon va Yer oralig‘ida,
Kamtarona hayot kechirar.
Iymoniga naxsni yo‘latmay,
Pok saqlaydi doim vijdonni.
Olib yurar hech kimga aytmay,
Yuragida O‘zbekistonni.
10.03.2017
***
Qonga belanib yotar
Ona it jasadi.
Atrofida g‘ingshinar
Bolalari asabiy.
Dalalar uzra hokim
Olov purkar saraton.
Javdar chayqalar sokin
Qaqragan yer — yarador.
Sho‘rlik it.
Qurigan emchaklarin
So‘rar kuchukchalari,
Mazax qilgandek shamol
Cho‘zib ho‘shtak chaladi.
Ochiq qolgan ko‘ziga
To‘lib qolgan sho‘r yoshi,
Qizib borar oftobda
Ko‘ksidagi qo‘rg‘oshin…
12.11.2016
***
Noyabr — sovuqqon mashuqa,
(Qor uchqunlagandir Tibetda?)
Kuz haqida aytib ashula,
Sayr qilsang velospetda.
Bo‘ronlarni qamab qalbinga,
Chopog‘on bulutlardan o‘zib.
Talpinsang — oldinga, oldinga,
Ketsa paxmoq sochlaring to‘zib.
Tog‘ tushsa yelkanga ortilgan,
Dafatan ko‘k soqov, yer soqov.
Shivirlab qolishsa ortingdan,
“Kim ekan bu telba, sersoqol?”
K,olmasa sinoat, “?”lar,
“-”lar bo‘lolmasa g‘ov.
Chetlansang qofiya, turoqdan,
Dalalar — hayajon,
Teraklar — “!”.
Pedalga mos aylansa gardun,
Sevinsang mo‘l qaytgandek ovdan.
Titrab ketsa yuraging mardum,
Chimildiqqa kirgan kuyovday.
Tag‘in yomg‘ir quyib yuborsa,
Tut panasiga o‘tib olib.
Tasavvurni qo‘yib yuborsang,
Cho‘ntagiga muhabbat solib.
Kim ham shunday lahzani ko‘rgan,
Havoni simirib to‘ymasang.
Derazadan termo‘lib turgan,
Sevgiling haqida o‘ylasang…
Noyabr.
13.11.2016
***
Meni bosib o‘tilmagan emas,
Ortda qolgan yo‘llar o‘ylantiradi.
Orzu ulashgan dalalar,
Bolaligim yo‘llari!
Oyga tegay-tegay derdi teraklar.
Qoplonni ergashtirib
daydiganim daydigan…
Bir qizcha bo‘lardi,
Qo‘ng‘iroq sochlariga tegib ketsam
Seskanib ketardim
Ilonga duch kelganday.
Bunda hamma narsa beg‘ubor,
Faqat oq va qizil gullardan iboratdek tuyulardi dunyo.
Lahzadek o‘tardi yillar,
Ajratmasdim do‘stu g‘animni.
Havodan ketma-ket o‘pichlar yo‘llab,
O‘sha qiz anglatgan ulg‘ayganimni.
Yili yodimda yo‘q.
Pishiqchilik,
Tutzor,
Oy shulasi ostida
soyalarimiz ko‘shildi.
Keyin… Keyin…
Qiskasi, meni ortda qolgan yo‘llar o‘ylantiradi.
17.11.2016
***
Sening qalbing haqiqiy olmos,
Ichki dunyong naqadar oydin.
Mening ko‘nglim ko‘ngildir xolos,
Yo‘q, shunchaki bir siqim loydil.
O‘zgarmaydi chiroying — archa,
Hazon senla kelmas ro‘baro‘.
Yuragimni olmadek archib,
Qo‘llaringa tutqazdim gulro‘.
Muhabbat bu aslida qimor,
Desam kimlar yig‘ladi… Kuldi.
Mendan oldin visolingni yor,
O‘zga yutib olmasa bo‘ldi.
6.07.2017
DAYDI
Men daydiman, sig‘inganim yo‘l,
Fe’lim g‘alat — o‘ziga xosman.
Ko‘chalarda sang‘iyman nuqul,
To‘shagim yer, boshpanam osmon.
Talab qilib Hak karamini,
Yashamayman tishimni qayrab.
O‘ylamayman qorin g‘amini,
Tirikmanmi? Har kunim bayram!
Na yorim bor na tayin manzil,
Bor bisotim eskirgan mato.
Ota-onam… mayli… behazil,
Ismimni ham bilmayman hatto.
Bilganim shu: o‘z-o‘zimga bek…
Yelkalarim yolg‘izlik ezgan.
Nomahram tug‘ilgan boladek,
Kindigimni yetimlik kesgan.
Borligimni payqamas birov,
Na qatorda borman na sonda.
Azob do‘stim, nafsim esa yov,
Ro‘himning jilovi iymonda.
Cheksiz davlat qilmayman orzu,
Toshmi, durmi, menga farqi yo‘q.
Oz qoldi, chorlaydi Tarozu,
Shuni o‘ylab g‘arib ko‘nglim to‘q.
Umr nima? Tamakiday gap,
Yonib bitar lahzada — amring!
Faqat kechir, mahsharga qarab,
Hechvaqosiz boryapman Tangrim.
03.07.2017
***
Osmonning moviyligi oldida,
Tiniqligi oldida suvning.
Ko‘zlarni quvnatmas oltinday,
Tim qora sochlari suluvning.
Atrgulning yaprog‘i kabi,
Kapalakning qanoti misol.
Go‘zallarning qontalash labi,
Nafislikka bo‘lolmas timsol.
Oq bilaklar oqqayin emas,
Tishlari ham o‘xshamas durga,
Cho‘lg‘anmagan yuzlari nurga,
Yolg‘on ta’rif bitma shoir, bas!
U shunchaki senga qarshi jins,
Yaratganning oliy tortig‘i.
Tasvirin o‘z holicha chiz,
Gunoh bo‘lar undan ortig‘i.
2.06.2017
***
Ketmon chopar qo‘li qavarib,
Dalasidan kelar xo‘sh nasim.
Men-ku g‘arib, mendanda g‘arib,
Dehqonlarga kelar havasim.
Yelkasida juldur ridosi,
Topganini bo‘lar o‘rtada.
uning erki, uning Xudosi,
Darveshlarga qonim tortadi.
Chorlayverar ruhni cho‘qqilar,
Qalbni toqqa kachon eltaman.
Odamlar-la yashaymanu lek,
Jayronlarga o‘xshab ketaman.
Qamalganmi bo‘ron ichimga.
Yurakkinam yetar, to‘lg‘onma.
Keksa quduq, aytma hech kimga,
Hali uyg‘onmagan vulqonman.
Vulqon…
17.09.2015
ALAHSIRASH
Kun — ashaddiy dushmanim,
Tun — mahbubam,
Yaqinim.
Xo‘sh,
Men tushmanmi?
Kushmanmi?
Jabroilni chaqiring!
G‘ichirlaydi tishlarim,
Ko‘zim to‘ladir qonga.
Goho kelar kishnagim,
Goh o‘xshayman arslonga.
Kun — atrofim ko‘rinmas
Simto‘r bilan o‘ralgan.
Tun — ozodman!
Ajdodim
Qay yirtqichdan to‘ralgan?!
Ba’zan g‘azabim qaynab,
To‘rt oyoqda chopaman.
So‘zlashinglar avaylab,
Qopaman!
Goh ortimdan
Kimdir quvgandek bo‘lar,
Balki ovchidir,
Qaydam.
Kun — cho‘zilaman tuproqqa,
Tun — izlanglar to‘qaydan.
Nega sho‘nday?
Nimaga?!
Tushuntirib ber do‘stim.
Shoshma,
Inim ayiqnikimi
Egningdagi ol po‘stin?
Vo dareg‘o,
Yo Tangrim,
Bu qanday hol?
Qanday gen?
Yolvoraman
Hechqo‘rsa,
Insonsan deb aldagin.
Kun poyonlab boryapti,
Dahshatli tun boshlanar.
Hali fanga nomalum
Bir yirtqichga oshnalar
Aylanaman men hozir.
Shundan muazzin sahar
Azon aytgan mahali
Kaytaman o‘z holimga:
Sodda, mo‘min va halim.
Yana kun,
So‘ng yana tun…
Nahot umrim shu zayl
Ayanchli topar yakun?!
Men tushmanmi?
Kushmanmi?
21.02.2017
AZROIL KЕLGAN OQSHOM
Ko‘kragimda masiqqan havo,
Yorib chiqmak istar bo‘g‘zimni.
Ko‘z o‘ngimda ul go‘zal ma’vo,
…axtaraman so‘ngi so‘zimni.
Ko‘kda kezar boqiy darbadar,
Nimadir u?
Yetmas idrokim.
Agar cho‘pchak bo‘lsa sharpalar,
Qo‘log‘imga shivirlagan kim?!
Titranaman tirnog‘im qadar,
Og‘riq!
Demak tirikman illo.
Nigohini ko‘zimga qadab,
Tomog‘imga chirmashar ilon.
Ilon emas, qop-qora panja,
Bo‘g‘ar ham berkitar og‘zimni.
Osmon qulab tushar chalqancha,
…axtaraman so‘ngi so‘zimni.
Yengib oldi bu dahshat oxir,
Dahshat emas, O‘ziga qaytmoq.
Oh, shoirga naqadar og‘ir,
So‘ngi… So‘ngi so‘zini aytmoq.
Axtaraman so‘ngi so‘zimni…
30.03.2017
CHORLOV
Tun cho‘kkanda dalalar uzra,
Tog‘lar chiqqach hilolga peshvoz.
Yonganida yulduzlar — bo‘zrang,
Chorlar meni noma’lum ovoz.
Kimsan? Tovshim sochilib ketar,
Kimsan? Javob kelmaydi hecham.
Titrar faqat qo‘rqsinib titrar,
Sukunatni yopingan kecha.
Kuzataman: ariq bo‘yida,
Suv o‘ynaydi jinlar galasi…
Ovoz yig‘lar kimning ko‘yida?
Azob berar qaysi g‘alamis?
Chorlayverar qayta va qayta,
Lorkamikan, balki u Nozim.
(Balki vosvos qilmoqchi shayton)
Nega unga yetmas ovozim?!
Ot kishnaydi, itlar huradi,
Payqagandek biror sharpani.
Ovoz esa kelaveradi,
Qulog‘imga nurday sirpanib.
Shovullaydi terak shoxlari,
Tars yorilar taxmin xotirda.
Xo‘rsinishar Hisor tog‘lari,
Cho‘kib qolgan qari botirday…
Ko‘z yummayman tongacha tunlar,
Pichoqlaydi ro‘himni ovoz.
Balki mendan so‘ngan tuyg‘ular,
Shu zaylda olishar qasos?!
25.10.2016
QISHLOQDA TONG
Potrab chiqar yurakdan hislar,
Bir yo‘talib oqargach samo.
Yosin o‘qir tuproqqa tizlab,
Tuni bilan daydigan shamol.
Uchib ketar chinor shoxidan,
Ko‘z ilg‘amas tushlar galasi.
Ho‘-v paxlavon Hisor tog‘ida,
Qoriladi tong zuvalasi.
Inaklardan sut kelar iyib,
“Yuvvosh-yuvvosh” ko‘ylar ayollar.
Tahoratga suv tayyorla deb,
Kampirini nuqilar chollar.
Qir-adirlar egnida kimhob,
Toshlar ishqar qoshu qabog‘in.
O‘chok. Olov qo‘ynida qumg‘on,
Otib o‘ynar qora qapqog‘in.
Chala uyqo‘ kelinlar shoshib,
Supurishga tushar hovlini.
Ko‘taradi erinchoq boshin,
Koinotning oltin sovrini.
Sinar tag‘in g‘aflat xumdoni,
Oftob yoyar zarrin palagin.
Yelkasiga tashlab ketmonin,
Yo‘l oladi qishloq dalaga.
13.12.2016
GUNG
Men sizni sevaman!
Shu xolos.
Faqat aytishga tilim yo‘q,
Tilim yo‘q izhor etishga.
…kesib ketishgan!
Siz meni bilmaysiz,
Taniganda ham
Gung bilan
Bog‘lamas edingiz
Hoyotingizni.
Baribir sevaman!
Ichim to‘la so‘z.
Hammasi sizga atalgan so‘zlar.
Sizni ko‘rsam
Gapirib yuborgim kelar gohida.
Xudo guvoh,
Yuragim arg‘imchoq uchar qiyqirib
Siz sir aytgan olma shohida.
Faqat, aytishga tilim yo‘k.
Tilim…
Sevgilim…
26.03.2017
DARDKASH
Hozir ko‘z. Seryog‘in mavsum,
Yomg‘irda soch yuvar daraxtlar.
…Bir qiz oyna yonida ma’sum,
Mening kitobimni varaqlar.
Bardoshidek sochlari uzun,
Sochlaridan uzun dardlari.
She’rlarimdan uzmaydi ko‘zin,
Kipriklari — oqqush patlari…
U bilan azobimiz o‘xshash,
Bir xil hatto chekkan ohimiz.
Balki yo‘llarimiz-da tutash,
Yesh chiqar balki gunohimiz.
Juda-juda yaqinmiz ruhan,
Kulyapman.
Demak o‘ jilmaydi.
Uni tanimayman, u ham,
Eng qizig‘i meni bilmaydi…
18.03.2017
3- FЕVRAL
3- fevral. Qorli kun,
Uchrashishga kelishdik tushda…
Dardlarimni zaminga to‘kib,
Uchib bordim manzilga qushday.
Siz yo‘qsiz…
(Soat ikki)
Shoshqin odamlar, avtolar
U yoqdan bu yoqqa o‘taverdi.
Men esa
Buralib yog‘ayotgan qor ostida,
Sovuq va siz bergan va’dani
Bo‘rqsitib chekkancha
Kutaverdim…
(soat uchga bong urdi)
Azobimdek qop-qora qoshlaringiz,
Jallod ko‘zlaringiz
Hayotbahsh lablaringiz
Va
Rayhondan to‘ralgan sochlaringiz qoshida
Hech kimdirman,
Lekin aldamasdan
Kelganingizda,
To‘satdan mo‘jiza ro‘y berib
Balki
Barcha muammolar bo‘larmidi hal.
Biroq…
Xiyobon, daraxtlar,
Qorga qo‘shilib
Meni achchiq yig‘latdi fevral.
Shu kun
Shahrisabz ko‘chalarida
itday izg‘idim.
Aldangan yuragimni
Sochdim burdalab
Oqsaroy poyiga qo‘ngan
Mo‘nis kabutarlarga.
Atrofimda sevishganlar
Kuvlashib yurishar
Qorga to‘ldirib hovuchin.
Bas-s!
Ortiq fevralda qololmayman.
Yanvar va mart oralig‘ida
Hech vaqo yo‘q endi men uchun!
Aldashga haqqingiz yo‘q edi axir.
Ayiting!
Biror marta so‘roqsiz
Bostirib kirdimmi tushlaringizga?
Qo‘lingizdan tutdimmi yoki?
Fakat nishon bo‘lib jerkish — toshlaringizga,
Sevdim
Hammasiga ko‘nib
Jimm, sokin…
Ayting!
Ko‘zingizga tik qaradimmi?
Hatto soyangizga bosolmayman lab.
Sezmaysiz
Harob bo‘lib boryapti
Nayranglaringizdan
Bir bechora kalb.
Ayting!
Yolg‘on shuncha shirinmi?
Qiynoqqa solishmi kasbingiz?
Tushuntirib bering erinmay,
Yo jonimda bormi qasdingiz?
3- fevral!
Osmonni zaminga qorib tashlasam,
Qo‘lvachcha ko‘ksimni yorib tashlasam.
So‘ng masiqib yotgan Oqsuvga,
Jonsiz vujudimni borib, tashlasam…
Bilaman,
Xo‘rlangan faqat men emas,
Bir kunda minglab oshiq aldanar.
Bu shunday teskari dunyo Qaldirgoch,
Muhabbat bog‘ emas
Qonxo‘r saltanat!
(tungi o‘n)
Qarang
Ko‘changizdan o‘tyapti
Daydi,
Sochlari to‘zg‘igan,
Holati g‘arib.
Bilmaysiz
Do‘nyoni kezib chiqdi u
Yolg‘iz sizni
Sizni axtarib.
Yelkasiga qo‘ngan qorlarni qoqib
Zo‘raki jilmayib o‘tar hammaga.
O, kim ham bilardi sirtiga boqib,
Uning yuragida axir hamma gap.
Choping!
Orkasidan ayamay quching!
Kechirim so‘rang qayta va qayta.
Balki kechirar,
Balki… qaytar.
Ko‘ksiga bosh qo‘ying.
U endi bo‘m-bo‘sh.
Quruq savlat bilan qaytdi shahardan.
Qo‘lingizdan kelsa,
Kaytarib oling,
ulkan yuragini
Kabutarlardan…
Meni achchiq yig‘latdi fevral.
3.02.2017
Автор
kh.davron
Документ
Категория
Поэзия
Просмотров
84
Размер файла
444 Кб
Теги
1/--страниц
Пожаловаться на содержимое документа