close

Вход

Забыли?

вход по аккаунту

?

Hafiza Egamberdiyeva. Bir do'mbira qissasi - Xurshid Davron kutubxonasi

код для вставки
Hafiza Egamberdiyeva asarlari orasida “Bir doʻmbira qismati” qissasining alohida oʻrni bor. Adiba bilan telefon orqali gaplashganimizda u qissaga asos qilib Chiroqchilik Oʻzbekiston Xalq baxshisi Shomurod baxshi Togʻayevning qatagʻon yillaridagi bos
Badiiy-publitsistik qissa
Hofiza Egamberdiyeva 1965 yil 29 martda Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi Juriyat
qishlogʻida tugʻilgan. 1990 yil Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini
tamomlagan. Taqdir taqozasi bois Kitob tumaniga kelin boʻlib tushdi. Hozir Qarshi shahrida
yashaydi. Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi aʼzosi Hofiza Egamberdiyevaning “Koʻngil
koʻshki”, “Qoronu toʻqay”, “Naxshona”, “Bir doʻmbira qismati” kabi sheʼriy va nasriy
asarlari chop etilgan.
Gazetaning navbatdagi soni Navroʻz bayramiga bagʻishlanadigan boʻldi. Bunday paytda
shahardagi tantanalardan reportaj tayyorlayman, deguvchilar koʻp. Arafada negadir koʻnglim
kengliklarni tilab, chekka qishloqlarga borgim keldi. Oʻtgan yili seminarlarning birida
qoʻshtepalik keksa adabiyot oʻqituvchisi Norqizil Panjiyevning oʻz qishlogʻiga taklif etgani
yodimga tushdi.
Muharririmizdan soʻrab, kotibamiz Ziyodani ham yoʻlga hamroh qilib oldim. Bir soatdan
ziyodroq vaqtim yoʻlda oʻtdi. Maktabda ikkinchi soat boshlangan ekan. Oʻqituvchilar xonasiga
borganimda Norqizil muallimning yozda pensiyaga chiqqanligini, ayni paytda oʻn-oʻn beshta
qoʻy qilib, Qoʻshtepaga chiqib ketganini, har kuni shomda qaytishini aytishdi. Vaqt tigʻiz,
sabrim chidamay men ham tepalikka chiqishga oshiqdim. Qarshining tep-tekis yoʻllarida yurish
boshqa-yu, tepalikka koʻtarilish boshqa. Yoʻl yarmida hamrohim bilan hansirab, charchab, ortga
qaytmoqchi boʻldik. Kabinetga mixlanib oʻtirib, har ishni yengilini koʻzlab, oʻrganib qolganmizda. Keksa oʻqituvchi ishgʻol qilgan balandlikka chiqolmay, ortga qaytishdan or qildik.
Mana, nihoyat balandlikdamiz. Bor boʻy-basti bilan poyimizda namoyon boʻlgan, boʻy qizning
chimirilgan qoshidek tutashib, yonma-yon turgan ikki qir oʻsma emgandek koʻm-koʻk. Endigina
bosh koʻtarayotgan nimjongina oʻtlar oftobning nurlariga intizor-ilhaq, behol titraydi. Hamalning
kirib kelishiga ham oz qolibdi. Kechagina yoqqan yomgʻirning va oʻt-oʻlanlarning isi bahor
kelayotganidan darak berayapti. Hademay ular kuchga kirib, koʻkpatli gilamdek qirni egallaydi.
Bunday lahzalarda qushlar kabi qanot bogʻlab, kengliklar sari uchging keladi. Koʻkliklardan koʻz
toʻladi. Oniy fursat yolgʻiz qolasan. Tabiat va sen. Ayni damda tiriklikning oʻzidanoq nashʼa
tuysang, umr yeldek oʻtib ketayotganidan mahzun tortasan. Bahor otliq chavandoz yoningdan
necha bor oʻtib ketdi? Qay birining qoʻlidan tutding-u, qay birini kelib-ketganini ham payqamay
qolding? Bahor koʻz oldingdan oʻtdimi yoki koʻngling tub-tubidan. Tepaga oʻrlaganing sari
hurkak xayollarning ipi dam-badam uzilaveradi. Balandlikdan turib, fikrlash osondek tuyularkan.
Axir qanotsiz odam bolasining quvonchu tashvishlari pastda. Boʻyi bilan baravar turmush
yukidan goh egilib, goh kekkayib yashayapti. Shu sababkim, baland togʻlarga, qirlarga bir bor
chiqib, oʻz yukidan baland turmoq istab qoladi kishi.
Ha, tepada koʻzlaring tinib, quloqlaring tom bitib qolgandek boʻlasan. Tirikchilik tashvishlari,
muammolar, ertaning qaygʻusi nari suriladi. Koʻksingni toʻldirib nafas olasan, erkin nafas.
Vujuding ila oʻrab olgan yuragingga ham kenglik kerak boʻladi. Osmonga termulasan.
Huzurbaxsh lahzalardan boshing aylanadi. Osmon bilan yer birlashgandek, nurdan libos kiygan
ilohiy qoʻshiqlar koʻngilga oqadi. Uni havodek yutoqib simirasan. “Hayto-huyt!”. Tiriklikning
bu ovozi sergaklantiradi. Xohishingni, istaklaringni chegaralab atrofga qaraysan. Ana, choʻpon
bir uyur qoʻy-echkilarni qayirib qaytayapti. Oq kaptarlar pastga enib, qishloqdagi daraxtlar
orasidan koʻrinib turgan tomlarga qoʻnadi. Qirning oʻngirida joylashgan qishloqning
kiraverishida joylashgan maktab binosi dov-daraxtlar orasidan oqarib koʻrinib turibdi. Oʻng
tomonida sport maydoni. Tanaffus boʻldimi, sukunatning yuragini yorib, shoʻx-shodon ovozlar
uygʻunlashib, bir jarangdor kuy hosil qildi. Ehtimol, uni tinchlik kuyi, deb atasa joiz boʻlar.
Hademay bu shovqin qish boʻyi dimgirifta boʻlib, bir chetda qolib ketgan qirni ham qoplaydi.
Pastga enganing sari gʻam-tashvishlar rostligini tan ola boshlaysan. Tepalikda turib oʻylagan
fikrlaring pastga toʻgʻri kelmaydi. Pastdagilar ham baravar tepaga koʻtarilishsa, shunda biron
oʻzgarish bular. Bu koʻtarilish esa faqat Navroʻzda yuz berishi mumkin.
Hutning soʻnggi kunlari boʻlganligi bois quyosh nurlari kishiga xush yoqadi. Har zamon
uzoqlashgisi kelmayotgan qish sovuq epkinini yuboradi. Endigina unib chiqayotgan bu maysalar
bir qarich boʻlganidan yo oʻroqqa yoki qoʻy-qoʻzilarga yem boʻlishi haqida oʻylarmikan, balki
shu sabab yengilgina titrashayotgandir. Yoinki quyosh nurlariga osilib, koʻkka qadar boʻy
choʻzamiz, dermikan. Oʻt-oʻlanlarning, qushlarning tiliga tushunsak, yashash oson boʻlarmidi,
balkim.
Kecha ham bu qirlarda orzular ummonida suzganlar borligiga, bugun va ertaga ham qirga kimdir
chiqib-tushishiga ishonasan. Qishloqning yaxshi-yomon kuniga guvoh bu zabonsiz qir qancha
yilboshini oʻtkazgan boʻlsa. Yaxshi-yomonni yelkasida birdek koʻtarib, quvongan, ezilgan,
toptalgan, balki pinhona oqqan koʻz yoshlarini shimgan. Bugun esa yuragi tars yorilgudek boʻlib
navbahorni kutayapti. Navroʻz bayramiga ham sanoqli kunlar qoldi. Maktab direktori bizga
qoʻshib yuborgan bola Norqizil muallimni topib, bizni koʻrsatdi. Bir fursatni nafas rostlashga
sarf qildik.
Oʻrta boʻyli, ikki yuzidan qon tepib turadigan, miqti gavdasiga nisbatan epchil va chayirligi
sezilib turadigan muallim tez-tez yurib, yonimizga keldi. Muallimning qoʻlida qizgʻish zarang
tayoq. Negadir shu tayoqni muallimning oʻziga oʻxshatdim. Yomon odatim bor. Bolaligimda
dalaga chiqsam, hammaning ketmoni oʻziga oʻxshaydi, deb oʻylardim va ketmonda egasining
yuzini koʻrardim.
-Navroʻz haqida yozishim kerak, qoʻshtepaliklarning yilboshisini rosa maqtagandingiz, - dedim
salom-alik qilarkanmiz.
Norqizil muallimning aytishicha, qoʻshtepaliklar har yili Navroʻzni shu qirda nishonlaydi. Shodu
xurramlik qirdagi jimlikni buzib, kuy-qoʻshiqlar yangraydi. Kimdir kelida atay koʻkartirilgan
bugʻdoyni tuysa, kimdir uning oppoq shirasini qozonga toʻkib keladi. Yuziga dogʻ tushgan
homilali kelinchaklar bugʻdoy shirasiga yuzlarini artishadi. Sumalak kovlashni boshlagan
momolarga yongʻoq berishadi. Ayol koʻzi yorigan payt sumalakda qaynab chiqqan yongʻoq
magʻzi bilan yuzini artsa dogʻlar ketarmish. Ha, qoʻshtepaliklarning atir-upasi ham, dori-darmoni
ham tabiat. Yilboshiga taraddud koʻrish bugʻdoy koʻkartirish bilan boshlanadi. Ham engil-boshi,
ham koʻngli toza, roʻzgʻori saranjom-sarishta, farzandlari qobil kayvoni ayol avval oʻn-oʻn besh
kilo cara bugʻdoyni yuvib, doka tashlangan katta toʻqima savat ustiga yoyadi. Bu ish Navroʻzdan
bir hafta oldin boshlanadi. Agar vaqt toʻgʻri hisobga olinmasa, bugʻdoy maysasi xiyol ziyoda
oʻssa, sumalak achchiqrok taʼm hosil qiladi. Unda bugʻdoy koʻkartirgan ayolning boshi baloga
qoladi. Maysani oʻtkazib yuboribdi, degan taʼnani bir yil eshitib yurishning oʻzi boʻlmaydi. Shu
bois bu mashaqqatli ish har yili Zaypa momoning chekiga tusharkan. Maysaning shirasini olish
ham oson ish emas. Bu yumush bilagi baquvvat, tahorati bor, ozoda juvonlarga topshiriladi.
Oyoq olishi ozgina gumonga sabab boʻlganlar sumalak boshiga darimasligi lozim. Yoʻqsa,
sumalakka shifobaxsh quvvat beradigan malaklar qochib ketarmish. Qoʻshtepaning sumalagi
suyuqmas, juda quyuq boʻladi. Ular suyuq sumalakni xom deb oʻylashadi. Muallimning fikricha,
suyuq sumalak ham yaxshi. Ayniqsa, oshqozon-ichak kasalliklariga bopta tushadi. Zarda
qoʻzgʻamaydi. Qattiq sumalak esa qancha saqlansa ham, aynimaydi. Ilik uzdidan oʻtkazib,
sumalak pishigʻigacha turadi. Qishda ozgina sarimoy solinsa, yumshoq, huzurijon boʻlarkan.
Navroʻz har tomondan ayollar boshi uzra qoʻyib, olib kelayotgan dasturxondagi turli taomlar,
koʻksomsalar yeyish bilangina oʻtib ketsa, kelgusi yil Navroʻz kelishini qishloq ahli shunchalar
orziqib kutarmidi? Yoʻq, albatta. Toʻkin dasturxon ularning koʻnglini toʻldirolmaydi. Urfodatlar, aytishuvlar, milliy oʻyinlar bilan birgalikda dostonlarni asrdan-asrga, ogʻizdan-ogʻizga
olib oʻtuvchi koʻprikdir bu bayram. Boz ustiga koʻngillarda har yili yangidan kurtak otadigan
bahoriy his-tuygʻularni ham Navroʻz tufayli kuz shamolidan, qishning zahridan asrab qolamiz.
Shu boismi, bayramga tadorik koʻrayotganlar oʻqtin-oʻqtin yoʻl qarashadi. Mashhur sanʼatkorlar
tashrifi ham bu intiqlikni yoʻqotolmaydi. Qishlokdan atay vakil yuborishgan. Kelyaptimi?
Boshqa joyga ketib qolmadimikan? Qozonga yogʻ dogʻlayotganlar ham, sabzi toʻgʻrayotganlar
ham bir-bir toʻxtab yoʻl qarashadi. Nihoyat bola-baqraning pastga qarab qiyqirib, yugurib
ketayotganligidan xotirjamlik hukmron boʻladi. “Hay-hayya. Rabbimov!” Bu qadrdon ovozni
eshitishmasa ularga bayram tatimaydi. Koʻzlar kuladi, yuzlarga tabassum balqiydi.
Doʻmbiraning ohangi Navroʻz bayrami boshlanganidan darak beradi. Goʻyoki doʻmbira uning
ruhidek, qirga jon qiradi. Hamma yumushini tezroq tugallashga, qadim ohanglarga peshvoz
chiqishga oshiqadi.
Doʻmbira sayrayapti. Musiqiy alifboning hech qaysi qonuniyatlariga boʻysunmagan qaysar,
tepalikka intilayotganlarning qalbidek shaddod, toʻpori, pokdamon. Koʻngillar yayrayapti.
Baʼzan mahzun, baʼzan shodon bu ohang uzaniga sigʻmay oqayotgan asov daryodek toʻpolon
bilan borib, el koʻngliga quyilayotir. Necha asrlar davomida ne-ne qirgʻinbarot urushlar, talontarojlaru bosqinlarni koʻrgan bu el qatori doʻmbira ham oʻz boshida ne-ne sinoatlarni koʻrdi.
Balki shu bois u xilvatnishin xonadonlarda, nazokatli davralarda, qasrlarda emas, keng dalalarda,
qirlarda, toʻy-bayramlarda yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan kishilarni, bir joyga toʻplay
olar. Muallim bu joylarda doston aytib, terma tuzadiganlarni shoyir deyishadi, dedi. Qishloq ahli
qora qoshlari baroq, katta-katta koʻzlari koʻkimtir, oʻrta boʻy, saksonni qarshilasa-da yigitlardek
epchil va xushchaqchaq shoyiriga qaraganda koʻzlari yoshlanadi. Oqidan quy, - deydi u baʼzan
piyolani ketma-ket uzatib. Shu savilni ichib olgandan keyingina uning doʻmbirasi shoʻxchan
yangraydi. Undagi gohi koʻzga tashlanib qoladigan, oʻzbekka xos boʻlmagan ayrim odatlarini
ham, andishasizlikka yoʻyishmaydi. Muhimi, u keladi va doʻmbira ohangi qirni egallaydi:
-Qoʻshtepada qoʻshkarnaylar hozirmi,
Bahoroy kep qirga xatin yozirmi,
Qizgʻaldoqlar qizargan bu tepada
Oy qizlarim dasturxonlar yozarmi.
Shoyir doʻmbirani chertgancha davradagilarning atrofidan aylanib, aylanib xonish qiladi:
-Boshima toj koʻrdim xumoli,
Kuydayin yurtimning shamoli,
Togʻlarning boshini oʻragan,
Momomning armonli roʻmoli.
Sumalak boshidagi Zaypa momo oʻziga tikilib terma aytayotgan shoyirdan, tushib ketgan
tishlarini yashiribmi, yoki hayo bosibmi, shimarilgan keng yenglarini tushirib, ogʻzini oq
roʻmolining bir uchi bilan bekitib kuladi va doʻmbira ohangiga monand bosh tebratib, muqom
qiladi. Shoyir momoning muqomiga mos bosh tebratib, undan nari ketadi.
-Sumalak pishirishda Zaypa momodan oʻtadigani yoʻq, - deydi Norqizil muallim. -Biror bahor
pishirmasa kasal boʻladi. Sumalak pishirish, Navroʻz oʻtkazish xurofot, degan yillarda ham
bostirmasi ostida yashirincha sumalak tayyorlagan shu momo-da. Ertasi kun ehtiyotkorlikni
unutib, qoʻni-qoʻshniga ilinib, bir piyoladan tarqatib chiqayotganda chaquv boʻlib qoʻlga
tushgan. Selsovetti raisiga “Shoʻrmanda yetti yil uzmay sumalak pishirishim kerak. Uch yili
qoldi. Keyin bas qilaman”, - depti. Oʻshanda “Mana senga, yetti yil” deb, yelkasiga yetti marta
qamchin bilan urgan ekan rais.
-Nega yetti yil pishirishga majbur boʻlgan? -deyman suhbatdoshimga ajablanib.
-Sumalak pishirgan, goʻr kavlagan banda yetti yilsiz shu kasbini tashlamasligi kerak. Xosiyatsiz
boʻladi, deb irim qilinadi. Keksalar osongina qilib “yomon boʻladi” deb qoʻyishardi. Ehtimol,
ikki ish ham gʻoyat masʼuliyatli, ogʻir boʻlgani uchun bosh tortish oson boʻlmasin, deb shunday
deyishgandir. Hozir momoni kuni tuqqan. Sumalakka oʻzi xodimlik qiladi. Hali-hanuz yelkasida
yetti qamchini izi bormish.
-Navroʻzdan gapirayotgandim-a, deydi muallim choʻgʻni kovlab. Keyin shoyir Zaypa momodan
uzoqlashib, doshqozon atrofida oʻralashib, biri olov yoqayotgan, biri qozonga guruch
solayotgan, biri suv keltirayotgan, choponining oʻngirini qayirib olgan yosh yigitlarga mehr bilan
tikilib, koʻzi yoshlanadi:
-Qaldirgʻoch qanotin qoqami,
Birov yeng, birovi yoqami,
Tinchligi boʻlmasa zamonning
Koʻngilga bayramlar yoqami?
Qator terilgan taomlarga, koʻk pechagu somsalarga barini yeb qoʻyadigandek shoyir suqlanib
qaraydi. Chimchalogʻi bilan holvaytardan yalab, koʻzini yumib, lablarini chapillatib, tamshanadi.
Atrofdagilar kulgudan lab-loʻnjini yigʻishtirolmay, “qurgʻur, ja baloda” deb, bir-biriga gap
berishadi. Ayniqsa, allaqachon yuzi kir boʻlib, lablari atrofida ovqat yuqi qotgan bolakaylar
suyunganlaridan ogʻzilari qulogʻida boʻlib, oʻzini ortidan ergashib yurganlariga ,tolxivichni
doʻmbira qilib, unga taqlid qilishayotganlariga qarab, dimogʻi chogʻ boʻladi:
-Oʻzbegim bayrogʻi balanddir,
Koʻnglim ham davronga monanddir.
Men shoʻx-shoʻx kuylasam yarashur,
Ogʻzimda asal-u ham qanddir.
Shoyir endi junbushga keladi. “Hay-haya” deya nafas uzmay, avjga chiqadi. Qoqma
gilamlarning biriga tiz choʻkib, kengliklarga qarab, ovozini baland qoʻyadi:
-Sadagʻang ketayin, Navroʻzim,
Poyingga poyondoz men oʻzim,
Sumalak hididan aylanay,
Qutli kel, quvonsin ul-qizim.
Koʻpchilik Shoyir qaragan tarafga buriladi. Goʻyoki, Navroʻz oʻsha tarafdan kelayotgandek
qiyqirib yuborishadi. Shoyir endi “hay-hay”lab oʻzi uchun atalgan qip-qizil choʻgʻdek banotdan
qilingan qalin koʻrpachaga oʻtiradi. Kayvonilar uning atrofida davra tortib, duoga qoʻl ochishadi.
-Bunday zamonlarning sadagʻasi ketsang arziydi, -deydi Shoyir hamqishloqlari bilan
soʻrashayotib. Eh, shu kuni Qoʻshtepa Jamshid davrida ham boʻlmagan bazmga guvoh boʻladi.
Tegirmonga tashlasa butun chiqadigan Shoyir terma aytib, rosa terlaydi. Evaziga qishloq
chevarlari gulpaxtadan (qoʻlda chigitlangan paxta) qoʻyib qavilgan guppichopon, qalpoq, ot
ustiga tashlanadigan baxmal chirgi va 5-6 soʻm atalgan pullar bilan siylashadi. Oxirida, yaqinda
kelin boʻlgan, atlas koʻylaklar ustidan qubba xalat kiygan, yuzlariga harir parda tashlangan
kelinchaklar shoyirga va oqsoqollarga taʼzim tashlashadi:
-Chakkangga taqqaning gul boʻlsin,
Kashtaga tikkaning yoʻl boʻlsin,
Qoʻsha qarib yurgin, Kelinoy,
Dilingga tukkaning ul boʻlsin.
Kelinlarning yuzi sholgʻomdek qizarib ketadi. Oʻspirin yigitlar, boʻy qizlar ham termalardan
quruq qolishmaydi. Yigit-qizlarning davra oshib, bir-biriga boqib turgan koʻzlari yonib ketadi.
Orada koʻpkari oʻtkaziladi. Bu Navroʻzning tafti kelgusi bahorgacha yuraklarga hil berib turishi
aniq. Shu kuni sumalak tarqatilgach, xonadonlarning birida katta-kichik toʻplanib, shoyirning
mungli dostonlarini tinglashadi. Bir-biri uchun jon fido qilguvchi oshiqlar, uchar qanoti bor
otlarning vafosi. Yigitning lafzi, qizning or-nomusi, el-u xeshdan ayrilganda boshga tushishi
mumkin boʻlgan savdolar, yovuzlikka qarshi kurash lozimligi, mehr-oqibat toʻgʻrisidagi
dostonlar hammani mahliyo qiladi. Doʻmbiraning goh hazin, goh isyonkor ohangi koʻngillarni
oʻrtab, yigʻilganlarni yigʻlatadi. Dardi diliga sigʻmay, yigʻlolmay yurganlar ham shu kecha
doston qahramonlari taqdiriga, aslida oʻz dardiga kuyib, koʻnglini boʻshatib oladi. Maydachuyda turmush ikir-chikirlariga oʻralashib qolganlar hayotda yana qandaydir tuygʻular
borligiga, qachondir moʻjiza ham yuz berishi mumkinligiga ishonishadi. Qoʻshnisiga tish qayrab
yurganlar shaytonga “hay” berishadi. Nafrat, adovat, gʻurbat insonni tez qaritadi. Jilla qursa
inson Navroʻzda koʻnglidagi bu illatlarni siqib chiqarib, bir tozalanishi kerak. Tuygʻular
yangilanadi, koʻngillar tozarib, yosharadi. Bolalar doston qahramonlariga ergashadi.
Alpomishdek boʻlishni istashsa, nimasi yomon?!
Xullas, qoʻshtepaliklar doʻmbirasi va shoyiri boʻlmagan joylarga juda achinishadi.
“Qishlogʻimizda buncha «Neksiya”, shuncha inomarka bor, buncha dangʻillama hovli bor,
deguvchilarni bitta boʻlsayam doʻmbiralaring bormi, deb mot qilishadi.
- Darvoqe, -dedi muallim. -Qoʻshtepaning koʻpkarisi haqida gapirib beray. Arafada katta
koʻpkari uyushtiramiz. Qir atrofini Boychibor-u gʻirotlar, gʻirkoʻklar aylanadi. Bu yogʻi
Dehqonobod, Sherobod, Urgut, Jom, Yakkabogʻning chavandozlari ham yetib keladi.
Ota-buvasidan tillo qolgan, degan mish-mishlarni yelkalab yuradigan Qulmat buva sovringa
“janda” (tillo tanga ) qoʻyadi. Bakovul qoʻy-echki, choponni oʻrtada yigʻilgan pul hisobidan
hozirlab qoʻygan boʻladi. Hammasidan Qulmat buvaning “janda”si obroʻlik. Oʻzi yoʻl-yoʻl,
yamoq tushgan ishton - koʻylak kiyib, gʻaribgina hovli-joyda yashaydigan bu buva shu kuni
Qoʻshtepaning boyiga aylanadi. Ehtimol, u tangalarni faqat koʻpkarida sovrin uchun ishlatarov,
deb oʻylab qolaman. Bir necha yil illay Navroʻz nishonlanmay qolgan paytlar ham boʻlgan.
Oʻsha yillar Qulmat buva oʻta asabiy holda hech kimga gap qoʻshmay qoʻygandi. Kimlardir
jandasini koʻz-koʻz qilolmay xunob boʻlyapti, deb kulgandi. Koʻnglidan nima kechgan, bizga
qorongʻu. Ammo endi oq yalangqatining ikki-uch tugmasini yechib, jundor koʻkragidagi
moshrang moʻylarni ishqalab, qoʻy koʻzlarida oʻt yonib, koʻpkarini kuzatadi. Oʻzi zinhor ot
minmaydi. Aytishlaricha, oʻttizinchi yillargacha uning otasi Nurman buva chavandozlik qilgan
ekan. U hatto Amir Olimxon oʻtkazgan koʻpkarida uloq olib, poshshoning qoʻlidan chopon
kiyganmish. Oʻsha dovrugʻni olib bergan “Qirq qanot” deb laqab qoʻygan oti qarib oʻlgandan
soʻng, uni tubichogʻi “Boʻron”ga qattiq mehr qoʻygan ekan. Turkmangacha borib, uloq olib
bergan bu oti bilan u kun boʻyi ovora boʻlgan. Oʻzi kiymasa ham uni hashamdor qilib, shaylab
qoʻygan.
-O, bolam, zamon algʻov-dalgʻov boʻlib, bitta oti borlar ham quloq qilinganda Nurman
chavandozning “Boʻron”i, farzandidek suygan qorabayirini ham tortib olishgan. Nurmon
chavandoz otidan ayrilib, gʻamga botibdi. Uni na xotini, na bolalari, na qarindosh - urugʻi
yupatolmagan. Qoʻlida burmali qamchisi bilan har tong Qoʻshtepaga chiqib, koʻksini zaxga berib
yotarkan. Huv, anovi chinor tagidagi yakka qabrni koʻrayapsanmi?
-Anovimi, -deyman koʻrsatkich barmogʻimni choʻzib.
-Hay-hay, qabrni qoʻl bilan koʻrsatib boʻlmaydi. Yomon boʻladi. Kunda Qulmat shu joyga otasi
uchun choy-non koʻtarib borar va qamchisini quchib yigʻlayotgan otasining ahvoliga qarab,
yum-yum yigʻlarkan. Bu orada qancha vaqt oʻtgan, xavarim yoʻq. Otasi esini yoʻqotib,
qamchisini yerga urib, ot oʻyin qilib chopadigan boʻlibdi. Bir safar Qulmat non-choy koʻtarib
kelsa, otasi juda xunuk ahvolda uxlab yotganmish. U otasini uygʻotmoqchi boʻlibdi. Otasining
jagʻlari tushib, qoʻl-oyogʻi tarashadek qotib qolgan ekan. Qulmat qimirlatolmay, ancha
qiynalibdi. Shu atrofda yurgan choʻponlar bolaning qattiq yigʻisini eshitib, tepaga chiqishibdi.
Nurmon chavandoz shu zaylda otsiz turolmay oʻlgan. Olti yoshida koʻrgan bu voqeani Qulmat
buva yodidan chiqarolmagan. Koʻplar otasini Qoʻshtepani jinlari urib ketgan deyishsa, ayrimlar,
oʻshanda otasi unga bir koʻza tillo bergan, hech qachon ot boqma, deb vasiyat qilgan, deyishadi.
Qay bir gap toʻgʻriligini hech kim botinib soʻrolmaydi.
Qiziq, muallimning bu gaplari meni oʻylantirib qoʻydi. Qulmat buva balki otasining boshiga
tushgan ayriliqning guvohi boʻlganligi uchun otga koʻngil qoʻymagandir. Uloqni egallagan
chavandoz qiyofasida otasining kepchigini kerib yurgan kelbatini koʻrarmikan? Otasiga sovrin
bergandek quvonarmikan? Muallimning gaplarini eshitmay, xayolga berilibman. Oʻzimga
kelganimda u gapida davom etardi.
-Koʻpkaridayam hikmat koʻp. Otlarning yollari silkinib, pishqirib kelayotganini koʻrsang,
rostdan otning devi bor, deb oʻylaysan. Shunda shoyirning dostonlari ertakmas, bor gap deb
ikkilanib qolasan. Chang-toʻzon-u issiqda qizorib - boʻgʻriqqan chavandozlarning oʻt chatnagan
koʻzlari uloqdan boshqani koʻrmaydi. Qulmat buva joyida oʻtirolmaydi. “Olha-ol, urho-ur.”
Shunaqangi oʻtadi bizda Navroʻz.
-Oʻxshatib aytib berdingiz. Goʻyo oʻzim qatnashganday boʻldim.
-Gazetingni shapaloqday joyiga bizni shuncha katta bayramimizni qanday sigʻdirishing
mumkin?-deydi muallim qah-qah otib kularkan.
-Haq gap. Buncha tadorik, buncha quvonch va dardni bir sahifaga sigʻdirish qiyin. Bitta
savolimga shuncha javob berdingiz. Adabiyot oʻqituvchisi boʻlganligingiz uchun, chechansiz-da.
Navroʻz hozir boʻlib oʻtgandek tuyuldi, -deyman muallimga. Muallim qoyil qildim-mi, degandek
quyuq qoshlarini kerib qoʻydi.
Ayni damda Qoʻshtepa sokin, sal narida hamsuhbatim qoʻylarini sugʻorib qaytayapti. Qay
yurtlarga borib, omonlikda qaytayotgan turnalar boshim uzra qoʻshiq aytib oʻtib ketishdi.
Xotirjamlik bilan uygʻunlashgan shukrona bor edi ularning qoʻshigʻida. Quyoshsevar bu qushlar
bizga oʻxshab ketadi, goʻyo. Ular ham sovuq oʻlkalardan qochadi. Hamisha nurga intiladi.
Norqizil buva bilan suhbatimiz yana davom etdi. Choygumda choy qaynayapti. Yerni ozroq
kavlab, qorayib ketgan choygumning dastasidan armaturaning sinigʻini oʻtkazib osib qoʻygan
ekanlar. Reklamalarda berilayotgan xushboʻy choylarni buva pisand etmaydi. Atir hidi keladi,
deb xushlamaydi. Oʻzimizning choy yaxshi. Bir chimdim yalpiz, ozroq zira, koʻk choy, -deb
maqtaydi choyni qaytarayotib. Toʻgʻrisi, choydan zaminning hidi, bahor hidi kelib turibdi.
Choyni icha-icha buva shoyir haqida suylaydi. “Tuf-tuf, koʻz tegmasin, bunday zamonlar
kelarakan, shoyirdi koʻkayigayam oftob tegarakan, hay-hay koʻrolmay ketganlar uvol”. Norqizil
buva koʻpkaridan keyin qishloqdan chiqib ketadigan shoyir haqida soʻzladi. Yilda bir - faqat
Navroʻzda keladigan shoyirning hayoti sokin koʻnglimni agʻdar-toʻntar qilib tashladi. Qora
qozoncha tagiga yoqilayotgan oʻtin tutuni koʻzlarimni achitib, nafasimni boʻgʻdi. Sal nari borib,
bahorning shamoliga yuz tutdim.
Endi doʻmbira mening yuragimda chertilayotgandek, koʻnglim gʻalayonli ohanglar ichida
qoldi… Goʻyo koʻnglimda xotin-xalajning azada biri yoʻgʻon, biri ingichka, goh baland, goh
boʻgʻilib, goho chinqirib yigʻlayotgan aralash, olisdan bir onaning dodiga oʻxshash ezgʻin va
isyonli yigʻisi eshitilayotgandek edi...
Qaldirgʻochning qanotlari qoramikan, yo qanotin osti biroz olamikan? Tushunmadim, bu
dunyoning savdosini, yoki Alloh boshga sinov solamikan? Oqqayinlar egilolmas oyimqizdek,
pastga emas, koʻkka qarar dimoq bilan, ov bolamov, bir musht edik, nechun toʻzdik, bu dunyoga
boqdikmi yo tomoq bilan. Koʻrolmading baʼzan biring birovingni, begonalar toʻgʻirladi
surobingni. Goho chaqib qaqshatding qirq boʻgʻiningni, tugʻsang doim iymonli mard tuqqin
endi. Qamchilarga yagʻriningni tutib berding, kuydirding voh, oʻz biringni tutib berding.
Tinching oʻylab, oʻzingni ming koʻyga solding, goho kulib, goh bovringni titib berding.
Ojizmiding, nochormiding oʻshal damlar, falokatga duchormiding oʻshal damlar, baxshing ketib
yaxshi boʻlib qoldingmi, hov, doʻmbirangni sindirguncha boshingni chov…
Qancha suvlar oqdi ortga qaytmas boʻlib, ne-ne mardlar ketdi ortga qaytmas boʻlib, bir doʻmbira
haqidadir ushbu soʻzim, taraddudga qoldim aytar-aytmas boʻlib. Gohi oʻynab, gohi oʻylab soʻz
boshladim, gohi toʻxtab, gohi yigʻlab soʻz boshladim. Yiroq ketma, qoʻl siltama nolishimga, ne
soʻzlasam qadrdonim, rost soʻzladim…
Qizgʻaldoqlar qiqirlagan qirlar ekan, boychiborlar shibirlagan yerlar ekan. Bir yonidan
Qashqadayro dorigan, qoʻy-qoʻzilar “hayto-huyt”dan horigan. Qoʻngʻirotmi, naymanmidi urugʻi,
alp kelbatli, hatto, choʻpon-choʻligʻi. Navroʻz kelsa qirga chiqib suyungan, kelmaganga
toʻyinchaklar ilingan, bir mayizni qirqqa boʻlib toʻyingan, biri yigʻlasa qoʻshilishib kuyingan,
boʻlar elning boʻlingani qiyomat. Borar boʻlsang, Samarqandning yoʻlida, kezar boʻlsang Shahri
Keshning yonida, Qoʻshtepa deb atarlar uning nomin, qasrlarga alishmas pastak tomin.
Qir ustida turib, oʻtgan asr oralab, evrildim. Nazarimda boʻgʻzimda toshdek qadalgan giryani ijro
etayotgandek edim…
Alqissa, Qarchigʻay shoyir hovlisida qiyomat qoʻpgandek toʻpolon. Koʻzlarda yosh, koʻngillarda
gʻalayon. Bosh tebratgan kim, yigʻlagan kim, tomoshaga kelganlar kim, suyungandan uchingan
kim-u, shoyiriga achingan kim, bilib boʻlmasdi. Hamma ashqol-dashqolini yigʻishga va oilasi
bilan Sibirga surgun qilinishga buyruq olgan Qarchigʻay shoyirning xatti-harakatiga maʼnosiz
termulib qolgan. Bir necha daqiqalardan soʻng xonadon sohibi pastakkina, loyshuvoq tomi
ustidagi olacha gilamga oʻtirib, doʻmbirasini qoʻliga olib, el-u xeshiga qarab bir soʻz dedi:
-Oftob tegmas yurtga ketgum, ay quyoshim, xush endi,
Bolaligim, navgʻirmishim, yigit yoshim, xush endi,
Doʻmbiramning sadosiga quloq tutgan elatim,
Ketayapman, qaytmoq mahol koʻzda yoshim, xush endi.
Sulton edim, suyagimni xoʻrlaganlar kul endi,
Yer talashgin, obroʻ talash, ov yorilib oʻl endi.
Doʻmbiramning dovushlari qulogʻingga yoqmadi.
Sen tomonga oqdi-ku suv, men tomonga oqmadi.
Voh bilmadim, qay tomonga nasibam-u tuz ketdi,
Qorachoʻgʻim bunda qoldi, faqat boʻm-boʻsh koʻz ketdi,
Koʻnglim choʻkdi, qad bukildi, gʻam mensiz toq oʻtarkan,
Yuragimda yurt ishqi-yu, dostonlar-u, soʻz ketdi.
Yetti pushtim, el-u-xeshim, dala-dashim, xush endi,
Orqamdan tigʻ urgan doʻst-u qarindoshim, xush endi.
Qarchigʻay shoyirning oilasi bir arava yuk boʻldi. Kichkina gʻarib hovlining oʻrtasida
yonayotgan kitoblar tutab, koʻzlarni achitmoqda. Oʻchoqning bir labi hozirgina koʻchib
tushganligi bilinib turibdi. Kichkina qora qozon nariroqda toʻnkarilib yotibdi. Oshigʻidan chiqib
ketgan taxta eshik qiyshayib, zoʻrgʻa ilinib turibdi. Boʻsagʻa yonida eshik tepasiga “Yomon
koʻzdan asrasin” deb osib qoʻyilgan,endi esa mixi koʻchib,yerga tushib yotgan taqa va bir dasta
tugunaklari ezilib,uvalangan isiriq toʻzib yotibdi. Yonma-yon oʻsgan yosh shaftolilarning
noparmon gullarigina bor goʻzalligini koʻz-koʻz qilib, gʻarib hovliga fayz berishga
intilayotgandek. Bular bari dasti uzunning zoʻridan dod solgandek mungli va chorasiz koʻrinardi.
Uloqtirilgan narsalarni yigʻishtirayotgandek kuymalanayotgan kishilar yuzidagi sarosima,
ilojsizlik hovlidan nusxa olgandek. Shoyir pastga tushib, Moyliga magʻrur tikildi.
-Ikki yil oldin surgun qildirganding, qaytib keldim. Baribir yana qaytib kelaman, Oʻpir.
Bilmadim ,qay kun seni arpangni xom oʻrdim. Yolgʻon-yashiq gaplar bilan sariq soch
shotirlaringga chaqib, meni tilimni kesmoqchi, unimni oʻchirmoqchi boʻlding. Shunchaki oʻlib
ketmayman, pit koʻzlaringga tikandek qadalayotgan doʻmbirayam oʻlmaydi,Oʻpir. Ont ichaman.
Tishni tishga qoʻyib, shivirlabgina aytilgan bu gaplarni hamma eshitdi. Bu ont Moyli oʻpirga
yoqmadi. Achchiqlanib, uning qoʻlidagi doʻmbirani yulqib olib, tizzasiga urdi, sinmadi.
Koʻzlarini chaqchaytirib, tishini tishga qoʻyib, atrofga alangladi, bir yassi, koʻkish katta tosh
urani ogʻzini bekitish uchun qoʻyilgan ekan. Jon-jahdi bilan qizarib, qovoqlari shishib,
doʻmbirani oʻsha toshga urib, ikki boʻlak qilib sindirdi. Soʻng xoʻroz yurish qilib, tutab yotgan
kitoblar yoniga bordi va siniq doʻmbirani ijirgʻangandek ushlab, bir oʻchib, bir yonayotgan oʻt
ustiga tashladi. Shu paytgacha sekingina yigʻlayotgan hamqishloqlar xuddi birov oʻlgandek
ayyuhannos solib, yigʻlab yuborishdi. Qizgʻish, anbar roʻmol oʻragan juvonlardan biri:
-Endi shoyir Nurmon chavandozning holiga tushmasa goʻrgaydi, -dedi yigʻlamsirab.
Ular aravaga oʻtirayotgan shoyir uchun yigʻlashdimi, yoki tutun ichra yotgan doʻmbira uchunmi?
Balki ularni ayro koʻrmaganligi uchun ikkalasining holiga yigʻlashgandir. Axir doʻmbira
ularning quvonchi, dardkashi edi. Bolalariga doston soʻylab berguvchi, koʻngillarga orzu-umid
solguvchi, bir zayldagi qorongʻu, qish-qirovli kunlariga oydinlik beruvchi torlari uzilib,
boʻgʻzidan sinib, kuyayotgan ana shu doʻmbira edi. Bir yarim asrdan beri bu sulola qoʻldanqoʻlga bergan, ne-ne tojdor shohlar oʻtsa-da, yashab kelayotgan meros edi. Qirq kechayu-qirq
kunduz aytilsa-da, ado boʻlmaydigan dostonlar, termalarni yod bilgan shoyiridan ayro
tushyaptilar.. Nahot endi Qoʻshtepa kuysiz-qoʻshiqsiz qolsa. Sillasi qurigan elning birgina
suyanchigʻi ham kulga aylanmoqda. Moyli oʻpirning qoʻnjidagi qamchi havoga silkingandan
soʻng hamma har tomon ortiga burila-burila tarqalishdi.Moyli tantana bilan aravaga chiqqan
shoyirning yoniga keldi:
-Aybing shuki, sevgi-muhabbat deb terma aytib, xotin-xalajdi buzyapsan. Hukumatga qarshi
chiqyapsan.
-Hukumat senmi?-dedi shoyir miyigʻida kulib.
-Ha, men.
-Men gunohkor ekanman, ayolimni, bolalarimni nega surgun qilyapsan?
-Eshitmaganmisan, ilonning bolasi ilon, chayonning bolasi chayon. Ularning gunohi shuki, seni
ayoling, seni bolalaring.
-Peshonamga yozilganini koʻraman. Toshkan borib, til oʻrganganing bilan oʻsha-oʻsha qovoq
kallaligingcha qolibsan. Odam boʻlmabsan.
-Haydang, aravani,- . Moyli oʻpir boshqa soʻz aytolmadi.
Zamon ogʻir, sal qattiqroq yoʻtalgan kishini ham boshiga qaro kun tushishi mumkin edi. Har kim
dardini ichiga yutib, shu kun qanday qilib bolalarini ogʻziga yegulik tutishni oʻylardi. Ochlikdan
oʻlgan yaqini uchun qattiqroq yigʻlashga ham kuchi yoʻq edi ularning. Biroq doʻmbira va shoyir
uchun har bir xonadon, har koʻngil motam tutdi. Faqat Moyli oʻpirning dimogʻi chogʻ edi. Toʻrt
nafar otliq harbiy qurshovidagi ot-arava ham gʻam-gʻussadan iborat tugunlarni ortmoqlab, yoʻlga
tushdi. Moyli oʻpir oʻz otiga minib, gerdayib atrofga boqdi. Qoʻrqa-pisa uy-uyiga tarqalgan
qishloqdoshlari va arava ustida bir uy boʻlib, chorasiz ketayotgan shoyir ustidan tantana
qilganligidan oʻzida yoʻq xursand edi. U qishloq etagida soqchilar bilan xayrlashdi va arava
koʻrinmay ketguncha qarab turdi. Soʻng otdan tushib, yoʻl boʻyidagi chinor shoxiga otni
bogʻladi. Koʻm-koʻk boʻlib, oʻroqqa kelib qolgan oʻtlar ustiga yotib, dumalab-dumalab kuldi.
Koʻp kulgandan ikki loʻnji ogʻrib ketdi. Loʻnjini ushlab kuldi. Atrofda hech kim yoʻq. Faqat
bezabon otgina egasining xunuk ovozda “qih-qih”lab bir tovushi chiqib, bir chiqmay oʻzini
tutolmay kulayotganiga bezovta tikilardi. Oʻpirning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi. Qornida
ogʻriq turdi. U ichini ushlab, bir amallab otga minib oldi. Lab-loʻnjini yigʻishtirolmay,
qoʻltigʻida tarvuzi bordek, ikki qulochini kerib qishloqqa qaytdi. Tuproq bilqillab turgan
yoʻlning ikki girdida joylashgan ariqlardan loyqa, butana suv oqayotgan edi. Endigina koʻz
ochgan nimjongina qizgʻaldoqlar savr shamolidan qoʻrqib titrashardi. Qishloq sukunat ichida.
Qoʻlidan ish keladiganlarning bari dalada edi. Endi oy tugʻsa ham, kun tugʻsa ham Moyli oʻpirga
tugʻdi. U bugun kimligini butun qishloqqa koʻrsatib qoʻygandi. Qani, endi kim unga yurak yutib,
biror soʻz aytishga jurʼat qilarkan. Yoʻlda uchragan kishilar uni kulayotganini sezmasligi uchun
qizarib ketgan yuzini ters burib oʻtib ketdi. Tuproq koʻchani changga toʻldirib ketayotgan Moyli
oʻpir ayni damda oʻzini Qoʻshtepaga xon sanardi…
***
Shoyir arava ustida piqqillab yigʻlab ketayotgan qizalogʻi Qambar va Jongulga, oʻgʻillari Ibrayim, Rayim va olti oylik chaqaloq boʻlgan Keldiyorga bir-bir tikildi. Xotini Turdixol
boshidagi jelagini qoʻliga oldi. Uning taʼna-yu dashnom bilan toʻla koʻzlari nazdida shunday
deyayotgandek edi:
-Indamagan uydayin balodan qutuladi,
Xudojonim, bovayim tilidan tutiladi.
Amaldorga teng boʻlib, arbob urgan, bovayim,
Bolalarin yigʻlatib qarab turgan, bovayim.
Musofirning kuni qursin, kun boʻlami, bovayim,
Oʻz qishlogʻim chang-chungiga teng boʻlami, bovayim.
Qarchigʻay shoyir xotinining bu nigohiga dosh berolmay, gunohkordek boshini eggancha, olislab
qolayotgan chang-toʻzon ichidagi qishlogʻiga termuldi. Savr shamoli koʻngillarga taskin
bergudek, bir-bir esib qoʻyardi. Quyosh tikka kelib, aravadagilarning boshidan
lolaqizgʻaldoqning oftobi oʻta boshladi. Ayol qizgʻish, yoʻl-yoʻl jelagini goʻdagining boshiga
yopib, oftobdan pana qildi. Qarchigʻay shoyir esa aksincha, jelakni tortib, xotiniga bosh chayqab
qoʻydi.
-U joylarda peshonasiga oftob tegadimi-yoʻqmi, indama, ozroq oftob yesin, -dedi u xasta, iltijoli
tovushda.
Koʻnglida Qoʻshtepasi, armon ila shoyir ketdi,
Bir qiligʻim yoqmadi Ollohga, deb shoyir ketdi.
Koʻziga kim qum sochdi, gumon bilan shoyir ketdi.
Qoʻlida doʻmbira yoʻq, ming oh bilan shoyir ketdi.
Borsa qaytar yoʻlmi yo borsa kelmasmi bilmay,
Bilmay boʻynida ne gunoh, oh-voh bilan shoyir ketdi.
-Alvido,enamning, otamning turpogʻi. Alvido ,borar mazgilim-mozorim!-dedi Turdixol ortiga
boqib, pichir-pichir qilib duo oʻqirkan.
-Alvido dema xotin, bu xunuk soʻzni ishlatma. Eson-omon toʻrt koʻz tugal qaytib kelaylik, de.
Biz bir kun qishloqqa qaytamiz. Bu koʻrgulikning ham bir kun soʻrogʻi bordir. Alvido dema.
Noumid shayton. Shoʻrpeshona juftiga u shunday taskin berdi...
Tangrining hukmi shunday boʻladimi yoinki bandalar birovning boshiga mushkul kun solib,
tomosha qilishni istaydimi? Bir ojizning tinchgina kuni algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Kimdir yer
ustidan janjal boʻldi, deydi. Kimdir shoyirning aytganlari raisga tegib ketdi, deydi. Kimdir bir
amaldor aytgan toʻyga bormadi, deydi. Kimdir beva ammasini vakil oʻziga soʻratibdi,
berishmapti, deydi. Yosh tul qolgan amma esa qishloqdagi eng xushroʻy juvon. Bu gaplarning
barida jon bordek tuyulardi. Surishtirib kelsa, shoyirning boshiga qaro kunlarni solganlar
begonalarmas. Aytsa til, aytmasa dil kuyadigan voqealar oʻz biridan chiqdi. Ikki oʻrtada nima
gap, nima soʻz hech kim aniq bilmaydi. Yaqindagina surgundan uymovutlik Ismat, Mulla
Ahmad, Muhammad shirkat bilan birga ne-ne qiyinchiliklarni yengib, qishlogʻiga
Qozogʻistonning narigi chegarasidan qochib kelgan shoyirning eski yaralari bitmasdan, hayal
oʻtmay, yana chaquv bilan surgun qilishyapti. Bu musibatning tashkilotchisi boʻlmish Moyli
oʻpir bir yarim yil yovqarash qilib yurib, nihoyat yana nishini sanchgandi. He yoʻq, be yoʻq
shoyirni oilasi bilan koʻchirib yuborishga buyruq keldi. Qiziq, oʻrislar bilan bir martayam salomalik qilmagan, san-manga bormagan, suruv-suruv qoʻyi, ot-echkisi boʻlmagan yigitni nega quloq
qilishadi? Hatto, oʻris uni termalarining maʼnisigayam yetmasa, qanday qasdi boʻlishi mumkin?
Til bilsa edi, bori tuhmat, men oʻzi bilan ovora bir bandaman. Birovga ozorim tekkani yoʻq.
Aksincha, el ustidan gapirib yuradigan man-manlar xalq dushmani. Ularning qoʻrasi qoʻyga
toʻla, sandigʻi asalga, degisi kelardi. U bosh koʻtarib, aravani kuzatib kelayotgan formali
yigitlarga bir-bir qaradi. Yon tarafdagisini istarasi issiqroq ekanmi, shunga yalindi.
-Tovariщ, meni shu joyga oilam bilan tashlab ketinglar. Qishlogʻimga qaytib bormayman, bir
umr duolaringni qilaman, dedi u. Javob oʻrniga boshi uzra qamchi tushdi. Qamchining uchi qizi
Qambarga ham tegib, u chinqirib yubordi.
-Boshga tushganni koʻz koʻradi. Endi jim keting. Qaysi birimizga bu yoʻllardan qaytish nasib
etarkan. Hech boʻlmasa bolalarimni biri qishloqqa qaytmasa, men xudoyimdan asti rozi
emasman, ikki qoʻlim Oʻpirning yoqasida, -dedi qizining sochlarini silab yupatarkan ayoli.
-Shoʻrpeshona boʻlmasang, menga tegarmiding, asli manglaying qora ekan, enasi, -deb Shoyir
chimillab ogʻriyotgan yelkasini emas, chap koʻkragini ishqalab qoʻydi…
-Aslida seni emas, urugʻimizni xudo azob-uqubatga duchor qilib yaratgan ekan. Sen bizning
xonadonga yaqinlashib, roʻshnolik koʻrmading-a.
-Qoʻysangiz-chi, bu gaplarni. Shu paytgacha biror marta noliganmidim? Qoʻshtepada boʻlsam
bas edi. Yot ellarda, begona tilli yurtda bolalarimning ahvoli nima boʻladi? Fikr-u zikrim ana
shunda. Ov, bovay! Shu kecha tushimda qirdan oʻtin olib kelayotganmishman, qop-qorongʻu
jarlikdan qulab ketdim. Boshimda koʻpchilik ayollar paydo boʻldi. Ular meni yupatib, qoʻshiq
aytishyapti. Bu xosiyatli tush emas, bovay. Oʻlimga tovun.
-Yaxshi niyat qil. Yaxshilikka tovun de. Farishta omin, demasin. Qishloqdan haydaldik. Xotinxalaj, qari-yosh toʻplanib, yigʻlab kuzatishdi. Shuni koʻrgansan-da. Shoyirning ovozi boʻgʻilib
chiqdi.
-Bir qishdan omon chiqsak boʻldi. Keyin oʻsha yoqlarga ham koʻnikib ketamiz. Bekor qochib
kelgan ekanman. Togʻma-togʻ, choʻlma-choʻl qon yutib, silarniyam qiynash uchun kelgan
ekanman-da. Pushaymonim zoʻr, lekin nima qilay. Bolalarga jabr boʻldi. Ularni koʻziga qanday
qarayman.
-Zoʻ-oʻ-r uqubat tushdi boshimizga. Asli peshonamizga yaxshi kun bitilmagandir-da, bovay.
Ularni tinchlanib, sokin ovozda gurunglashib ketayotganiga soqchilar beeʼtibor qarab qoʻyishdi.
Ayol endi eriga taʼna bilan qaramay qoʻydi. U qismatim shu ekan, deb koʻnika
boshlagandi…Qarchigʻay shoyir Turdixolga tikilgancha oʻyga botdi.
“Bechora. Agar Jazdon akam tirik boʻlganda u qanday yashayotgan boʻlardi?”
U esini taniganda otasi Mahmud juda nochor kun koʻrishini anglab yetgandi. Bir marta toʻyib
non yeyish bir bayram edi. Qorongʻu kechalarda ochlikdan koʻzga uyqu kelmasdi. Yaxshiyam,
buvasi doston aytib berardi. Bir uy boʻlib, turshak shimib, dostonga chalgʻib, qorinlari ochlikdan
quldiraganlariga ham parvo qilishmasdi. Esini tanigandan beri zamon notinchligini, urushdan
yaqindagina qutulgan odamlar endi ocharchilikka giriftor boʻlganliklarini anglab yetgandi. Oʻn
yoshida yana urush boshlanib ketdi. Qizillar bostirib kirib, boylar bilan urusha boshladi…
Qarchigʻay ular kim va nima uchun urushyapti, tushunmasdi. Qanday qilib qorin toʻydirish kerak
va jonni asrash lozim. Uning tashvishi shu edi. Joʻjabirdek jon boʻlgan otasi ham rangi siniqib,
hushi boshdan uchib yuribdi. Besh-oʻnta qoʻylarni ham tortib olishgan. Enasi qirq yamoq
koʻylagini yana yamashga bir parcha latta topolmaydi. Qizlarni bir amallab, boʻz bilan oʻrab
qoʻyishardi. Oʻgʻil bolalar esa to esini taniguncha shir yalangʻoch yuraverardi. Otasi bir toʻydan
tugunchak qilib kelgan belqarsni u yechdi-yu, beliga oʻrab oldi. U tenglaridan ertaroq
ulgʻaygandi. Engil-boshi yoʻqligidan endi iymanardi. Otasi uning bu qiligʻiga kulib-kulib, koʻz
yoshlarini artgandi. Boʻlimligina boʻlib tugʻilgan bu oʻgʻlining chaqnab turgan oʻtkir nigohiga
qarab Qarchigʻay, deb nom qoʻygandi. Toʻrt-besh yoshidan u otasi aytadigan termalarni yodlay
boshladi. Unga birov oʻrgatmadi. Jon qulogʻi bilan tinglab ,ongiga muhrlardi. Otasi aytgan
termalar, dostonlar shuuriga enib, soʻzma-soʻz yodida qolayotgandi. Kichkinagina
doʻmbirachasini olib, teng-toʻshlariga doston aytib berardi. Dimoq bilan aytayotgan termalarga
gohi oʻz-oʻzidan qoʻshib ham aytardi. Yoʻqchilik hammani birdek charchatgan, boyman
deganlar ham yashirib non yeb qolgan paytlar uning bolaligi azob bilan oʻtayotgandi. Avval
akasi Jazdon uyni tashlab ketdi. Oʻzidan uch yosh katta Shayman juvozchiga yordam bera
boshladi. Ochlik jonidan oʻtgan kunlarning birida egnidagi bir parcha matoh bilan Qarchigʻay
ham Juma qishlogʻiga ketib, birovning molini boqib, birovning yukini koʻtarib, mardikorchilik
qilib, qornini toʻydirib yura boshladi. Bu qishloq suvga serob boʻlgani uchunmi, meva-chevasi
moʻl edi. Ayniqsa, chorva uchun qulay edi. Tiramoh kirib qolgan kezlar edi. Oftobga isinish
uchun diydirab yalang joyga borib turgandi, qoramagʻizdan kelgan, istarasi issiq, koʻzlari kulib
turgan chol uni yoniga imladi. Choponining orqasini qayirib, ichiga nimadir solib olgan cholning
qoʻllari tolganmi, xarsang tosh ustiga oʻtirdi. Ammo qoʻlini qoʻyib yuborolmadi. Bola turtinibsurtinib, cholning qoshiga keldi. Dimogʻiga issiq non hidi urilib, vujudi orom oldi. Ogʻzi suv
ochib ,tamshandi. Shu holatda hushini yoʻqotdi. Koʻzini ochganda kichkinagina doʻltaxonada bir
kampir oyoq tomonida oʻtiribdi.
-Chirogʻim, koʻzingni och. Ochlikdan sulluging quribdi-ku. Koʻrgan kunimiz qursin. Oʻt tushsin
zamoniga. Ol, manovi issiqqina nonni yegin,-derdi kampir oyoqlarini oʻqalab.
Non degan soʻz uni oʻziga keltirdi. Ila-chila turib kampir aynib qoladigandek nonga yopishdi.
-Mana bu moyni nonbulamiq qilib yesang, quvvatga kirasan -dedi momo achingandek bosh
chayqab. Tish orasidan afsuslangandek tovush chiqarib choʻkillab.
Oʻshanda jannatga kirgandek his qilgandi oʻzini. -Manovi buvangni eski ishtoni. Munisi
koʻylagi. Jannasiyam senga, deb yirtiq chopon, kalish-maxsi bergan momoni u enajon, deb
quchoqlab olgandi. Axir bozorda bir yil ishlasayam bu narsalarni topishi amri-mahol edi. Shu
orada koʻchadan qaytib kelgan Ibolo buva sekin tomoq qirib qoʻydi.
Sendan yordam soʻrayman , desam, oʻzingni koʻtartirding-ku, bolam. Tuzukmisan, deb yelkasiga
qoqib qoʻydi.
Oʻshanda diyonatli insonlarga duch kelib, tirik qolgandi. Ularning oʻtidan kirib, kulidan chiqib,
oyogʻi olti, qoʻli yetti boʻlib, kun kechira boshladi. Besh vaqt nomozni kanda qilmaydigan bu
insondan u roʻshnolik koʻrdi, shu bois ularga yoqish uchun astoydil xizmatini qila boshladi.
Qishning uzun kunlari bekorchilikdan bezgan chol unga husnixat oʻrgatardi. Ularning olti
farzandi boʻlib, uchtasi “terlatma”dan oʻlgan ekan. Ikki oʻgʻli tuya minib, hajga ketgan, hanuz
dom-daraksiz. Bir qizi qishloqning bakovuliga turmushga chiqib ketgan. Arab imlosini oʻrganib,
qurʼon oyatlarini yod olayotgan bola Ibola buvaning suyanchigʻiga aylandi. Biroq koʻp oʻtmay,
oʻgʻillarini kutaverib, toliqqan kampir toʻshak tortib yotib qoldi. Uni yedirib-ichirish, tuvak
tutish bolaning zimmasida edi. Olti oydan keyin katta oʻgʻli kirib keldi. U hajga bormay,
bolshavoy boʻlib ketgan ekan.
-Ukang qani, -dedi kampir oʻgʻli bilan koʻrishmasdan.
-Urushda oʻldi, ena , bir yil boʻlyapti. Shu soʻzni eshitib, kampir koʻzini yumib, jim qoldi.
Qarchigʻay oʻsha zahoti kampirning joni uzilganini keyin bildi.
Kampirning maʼrakasi oʻtgach, katta oʻgʻli Toshkentga qaytishi kerakligini bilgach, chol
dastyorlikka bolani olib qoldi. Bir burda nonning bahosi qanchaligini biladigan bola enasini
sogʻinsa ham, otasini koʻrgisi kelsa ham chidadi. Har zamon bozorda birortasini koʻrib qolsa,
soʻrab-surishtirib qolardi. Bir marta Jazdon akasini toʻyda koʻrib qoldi. Ibolo buvaga akasi
ekanligini aytib maqtandi. Buva toʻydan keyin Jazdonni ham olib kelib, bir kecha mehmon qildi.
Shu kuni aka-uka bir bolishga bosh qoʻyib, sahargacha hangoma qilib chiqishdi. Yoʻqchilik halihanuz oilasidan uzoqlashmaganini bilgan bola akasiga ergashmay, cholnikida qolaverdi. Chol
Jazdonning xurjuniga nimalarnidir soldi. Bir yoshga kirmagan kurraning jilovini tutdi. Akasi ikki
bolali boʻlganligi uchun uyidan uzoqlashmay qoʻygan edi. Xitoygacha borib kelgan Jazdonga
Qarchigʻayning havasi kelardi. Bunday yigit Qoʻshtepada bitta, dedi u buvaga akasi ketgandan
soʻng. Oradan oʻn yillar oʻtib, cholning oʻgʻli bola-chaqasi bilan kaytib keldi. Er yetib qolgan
Qarchigʻay Ibolo buvadan bergan tuz-namagiga rozi boʻlishini, endi qishlogʻiga qaytishi
kerakligini aytib, rizolik soʻradi. Yigirma uch yoshida bitta hoʻkiz, bir eshak, bitta tuya bilan
uyiga qaytib keldi. Bu orada otasi qaytish qilgan, enasi qarib qolgan edi. Akasi Shayman uni
kutib oldi.
-Qarchigʻayjon, otam-ku yoshini yashab,oshini oshagandi, akam Jazdonni ham xudo koʻp koʻrdi,
-dedi u dastroʻmoli bilan koʻz yoshlarini artib..
-Tegirmonga solsa, butun chiqadigan akamga nima boʻldi? -deb hayron qoldi u. Ammo karaxt
boʻlib qolganidanmi,koʻzlariga yosh kelmadi. U bir necha lahza ichida hayoti ham ostin-ustun
boʻlib ketishini,xayolidagi Barchini shirin tushdek koʻnglining bir chekkasida qolib ketishini
bilmasdi. U yigʻlolmaganidan iymanib,gunohkordek Shayman akasiga jovdirab qaradi.
-Bir toʻyga ot ustida oʻynoqlab bordi-yu, ikki bukilib qaytdi,deb gapida davom etdi Shayman
tovushi boʻgʻilib.- Shu-shu oʻngarilmadi. Tabibning dorisi ham kor qilmadi. Qanday akam bor
edi-ya. Hech birimiz unday boʻlolmaymiz. Doʻmbirani sayratardi. Bu yogʻi uygʻur, Xitoygacha
borib, terma aytib keldi. Ortidan xitoy qizi iyarib kelganini sen ham eslaysanmi? -dedi Shayman
chehrasi ochilib. U olti oydan buyon akasining dogʻiga kuyib, endi koʻnikib ham qolgan edi. Shu
boismi, oʻtgan-ketgandan chordana qurgancha bahuzur shavq bilan gapira boshladi. -Sen
qaydanam eslaysan. Oʻshanda akam bir oʻlgandi. Endi Xitoyning yoʻlida oʻlib ketdi, deb aza
ochib, qirqini berib boʻlganimizdan soʻng qishloqqa kirib kelgani hali koʻz oʻngimdan ketmaydi.
Oyogʻimga tikanlar kirsa-da, toʻxtamay uyga chopganman. -Ota, Jazdon akam keldi, tirik ekan, deb. Biz shunchaki oʻlib ketadiganlar xilidan emasligimizni akam isbotlagandi.
Mahmud ota oʻshanda toʻshak tortib, yotib qolgandi. Shaymanning halloslab kirib aytgan
gapidan kuch oldimi, qoʻllarida sezgi paydo boʻldi. Oppoq soqolini bir silab qoʻyib, darhol oʻzini
oʻngladi.
-Oʻldi, degan xoʻjam tuya minib keldimi, Jazdon ulim tirik keldimi, deb qoʻllarini choʻza
boshladi. Shayman tezgina borib, otasini koʻtarib oʻtirgʻizib qoʻydi.
-Assalom-alaykum, -bu ovozni chol darhol ayrit qilgan edi.
-Hamma seni oʻldiga chiqargandi, ulim. Kel, bovrimga bosay. Islaringni iskalay, -degandi u
titroq ovoz bilan. Ota-bola uzoq quchoqlashib turdi. Shundan soʻng cholning koʻzi begona qizga
tushdi.
-Qanday qizim, dimogʻing choqma? Qaysi qishloqdan kelding?
Qiz tushuntirolmay, xitoycha nimalardir deb bidirladi.
-Muningni tiliga itam tushunmaydi-ku. Oʻn besh kunlik oydayin, qoʻy qaragan boydayin,
asovligi toydayin ekan. Ammo bunda nima qiladi? -deb soʻragandi chol.
-Nima qilay, ota? Men uni zoʻrlab olib kelganim yoʻq. Oʻzi iyarib kelayapti. Uni beshta polvon
akasi bor. Qilich ishlatishda mohir. Menda esa doʻmbiradan boshqa narsa yoʻq edi. Bu qiz meni
doʻmbiramgami, termalarimning ohangigami, oʻzimgami oshiq boʻlibdi. Tiliga tushunsam ekan.
Qaytayotganimda ortimdan boʻxchasini koʻtarib chopdi. Akalari koʻrib, yugurib, qilich
yalangʻochlashib kelishdi. Qoʻrqqanimdan oʻtakam yorilay, dedi. Ammo qiz nimalardir, deb
akalarini yoʻlini toʻsib,qilichga boʻynini tutib,oʻz tilida chuldiradi, zor yigʻladi. Men
“pone”chamga (boʻyi past, chidamli ot ) minib qochib qolmoqchiydim, ular tutib olishdi-da,
otning orqasiga par yostiq qoʻyib, singillarini mindirishdi. Jon shirin deb, indamay kelaverdim.
Uygʻurga yetganimda tilingni tushunadiganlar bunda koʻp, qol. Men turgan joylarda xor
boʻlasan, xotinim, ikki bolam bor, desam ham unamadi, dedi Jazdon.
-Muningni uygʻurga borib, tashlab kel. Turdixolning rangi-ruyi kuyib qorayib ketdi. Oʻldi, degan
eri qiz iyartib kelsa kuymaydimi? Yoʻgʻingda shuncha kuygani yetmaydimi? Bitta xotinni eplab
boqsang, bu zamonda katta gap, -degandi chol. Besh-olti kun oʻtib, chol koʻz yumdi.
-Otamning vasiyatini bajaray, deb qizni Jazdon Uygʻurga olib borib tashlab kelgan. Bechora
qizni bir yildan soʻng ishq dardida oʻlib ketganligini eshitib, uvoliga qoldim, deb Jazdon koʻp
kuyingan edi.
Oʻziyam akam xushroʻy yigit edi-da. Kepchigini kerib, terma aytganda hamma termulib qolardi.
Basavlat, yelkalari keng, boʻydanam xudo qarashgandi. Qop-qora koʻzlaridan oʻt chaqnardi.
Ovozini aytmaysanmi? Ota-bobomiz kasbi bu doʻmbira chertish. Ana, olti oykim birov qoʻl
tekkizgani yoʻq. Seni kutib oʻtiribmiz. Endi sen doʻmbirani ol, otamdan, buvamdan oʻrgangan
dostonlaringni qaytarib chiq, doʻmbirada hikmat koʻp. Elning odamiga aylanasan. Mol boqish,
ogʻil tozalash, yuk koʻtarish evaziga topadigan noningni doʻmbira topib beradi. Toza kiyinasan,
elning yaxshi kunida xizmat qilasan, koʻnmasang doʻmbiraning uvoli hammamizni uradi, -dedi
Shayman soʻng yer chizib oʻtirgancha. -Akamning yana bir omonatini senga ilinib oʻtiribmiz.
Men uylanganimga uch yil boʻldi. Ikkita jiyaning ham bor. Akamni xotini tul, ikki goʻdagi yetim
qoldi. Turdixol yangamga xaridor chiqib turibdi-yu, norasidalarni oʻylab, seni kutdik.
Udumimizni hurmat qilsang, akangni bevasini olishing kerak. Axir sulton suyagini xoʻrlamas,
deyishadi. Endigina oʻttizga kirayapti. Birovning eshigida jiyanlaring bilan xor boʻlmasin.
Qarchigʻay bir kunda ham xotinli, ikki bolali boʻlgan edi. Ularni boqish uchun esa ikki asrdan
beri xizmat qilib kelayotgan eski doʻmbirani qoʻlga olgandi. Shu kuni qoʻy soʻyishdi, yon-atrofni
aytib kichkinagina toʻy ham qilishdi. Bugun oʻsha doʻmbira sindi. Qarchigʻay uchun
doʻmbiraning sindirilishi, urugʻiga qiron kelgandek bexosiyat tuyulardi. Shayman akasi
Samarqandning Urgut qishlogʻiga borib, bitta doʻmbira yasatib kelgan edi. Ammo shoyir eski
doʻmbirani olib yurdi. Shayman yangisini nima qilganidan bexabar. Akasining ikki bolasi
ulgʻayib, qizi turmushga chiqib, oʻgʻli duradgorlik qilib kun koʻrayapti. Bu orada Turdixol unga
uch oʻgʻil va ikki qiz tugʻib berdi. Ammo bu safar ham Turdixolning omadi kelmadi. Doʻmbira
tufayli u koʻz ochib koʻrgan eridan ayrilgan ,oʻz qaynisiga xotin boʻlib yashashga zoʻrgʻa
koʻnikkan edi. Endi bu besh bolaning qismati qanday kechadi?
-Ota, doʻmbirangizni sindirishmaganda “Shohdor shoh” dostonining davomini aytib
beraychiydingiz-a, -dedi Qambar yoshli koʻzini tikib.
Turdixolning ham Shoyirning ham xayoli boʻlindi.
-Dostonam oʻlsin, otang shuni deb boshiga savdo sotib oldi. Endi tek tur, -deb Turdixol qizining
bilagidan oʻyib oldi.
Shoyir qizini bagʻriga bosdi, koʻz yoshlarini artdi.
- Yaxshisi, uxla. Hali temir aravaga chiqib, adogʻi koʻrinmaydigan yoʻllarda siltanib yuramiz.
Atrofga toʻyib-toʻyib boq. Necha kunlab qip-qizil choʻldan boshqasini koʻrmaysan. Oftobga
qara. Koʻzlaringni u yoqlarda nurlar qamashtirmaydi. Shunday uzun daraxtlar borki, ularning
tagida yurib, oylab quyoshni koʻrmadim…
Arava endi qoʻshtepaliklarga koʻrinmay qoldi. Ha, qishloqda qiyomat qoʻpib, hamma doʻmbirani
sindirgan xoin Moyli oʻpirni qargʻardi. Kimdir tutun ichidan siniq doʻmbirani olibdi, kimligini
hech kim bilmadi. Ammo bu qargʻishlar faqat ichkarida edi. Tilga chiqarishga hech kimning
yuragi dov bermasdi. Endi hamqishloqlarining koʻnglidagi gapni yigʻib, terma qiladigan shoyiri
yoʻq edi ularning. Oy tugʻsayam, kun tugʻsayam Moyli oʻpirga tugʻdi, deyishardi ular. He yoʻq,
be yoʻq bir yigitni boshiga shuncha koʻrgulikni soldimi, uni qoʻli ancha baland ekan. Boʻlmasa,
tepadagilar adolat qilsa boʻlardi. Endi uning pishagini pisht, deb boʻlmaydi, degan xulosada har
biri oʻz oʻyi bilan uy-uyida kurashardi. Ammo Shayman polvon chidolmadi. Moyli oʻpirning
yoqasidan silkib, shoyir uchun urugʻ-aymogʻing bilan javob berasan, dedi. Uning ichida bir olov
yondiki, kayvonilar ajratmasa baquvvat qoʻllari orasida oʻpirning yoʻgʻon boʻyni uzilardi. Ot
ustiga tikka minadigan bu polvonga teng keladigan azamat qishloqda topilmasdi. Shu sabab
Moyli oʻpir NKVD (Narodnыy komissariat vnutrennix del) vakili boʻlgan oshnasi Jonuzoqqa
shipshib, bunisiniyam joʻnatish kerakligini aytdi. Otga minib, nariroq borib qolgan polvon
ularning gapini eshitmasa-da, oʻpir oʻzini ham tinch qoʻymasligini tusmol qildi. U uyiga kirib,
zanglab, naqshlari qorayib qolgan sandiq ustidagi koʻrpa-toʻshakni bor jahdi bilan agʻdardi.
Chiroyli gʻilofga solingan gʻiyloni pichogʻini chakmonining ichiga tiqdi. Alvon movutdan
tikilgan qopni olib ichidan bezaklar bilan ishlangan doʻmbirani olib, bagʻriga bosdi. Ikki-uch bor
ovozi bilan yigʻlab boʻkirdi. Devorni mushtladi. Ortidan unsiz qarab turgan xotiniga koʻzi tushib,
yuzini teskari burdi. Yuzlarini yuvgan koʻz yoshlarini katta-katta kaftlari bilan artdi.
U koʻz yoshini birovga koʻrsatgan banda emasdi. Xotiniga qarab, koʻch-koʻroningni yigʻishtir,
deb buyurdi. Doʻmbirani olib chiqib, xurjunning bir koʻziga tiqdi, ikkinchi koʻziga xotini tutgan
qoringa solingan sarimoy va talqonni soldi. Yoʻldan emas, qir ustidan yoʻl solib, Samarqandga
oshiqdi...
Arava Samarqand stansiyasiga yetib kelganda shom edi. Baqir-chaqir, yigʻi-sigʻi, qargʻishilgʻishlar birvarakayiga kishining koʻngliga vahm solardi. Qorongʻulik chorasiz shoyirning
yuragiga quyulardi. Ularni vagon eshigigacha keltirib, roʻyxatga yozdirgach, soqchilar ketishdi.
Eshik oldidagi suxtasi sovuq erkak avval bolalarni ichkariga kirgizib yubordi. Ular qoʻrquvdan
baravar yigʻlab yuborishdi. Turdixol poyezdga chiqayotgan mahalgina shoyir ayolining
oyogʻidagi yirtiq kalishni koʻrdi. Mahsisini kiyib olmabdi. U joylarning sovugʻini bilmaydi-da,
deb shoyir bir dardi ming boʻlib, poyezdga chiqdi. Tugun-taqani joylashtirib, mungʻayib
oʻtirishgan bir paytda “Qarchigʻay, jigarim”, degan qadrdon tovush eshitildi. Shoyir hangu mang
boʻlib, xotinini yuziga tikildi.
-Senam eshitdingmi, yoki qulogʻimga chalindimikin?
-Menam eshitdim, bovay, oqlov boʻldimikan? Polvon tutgan joyidan kesgan koʻrinadi. Oʻpirdi
qoʻrqitgan boʻlsa, bizardi qaytarib opketadi. Zoʻ-oʻr boʻlardi-da. Turdixolning koʻzlari kuldi.
Polvonning tovushi endi vagon ichidan keldi.
-Qarchigʻay, Turdixol tovush beringlar.
-Yo akamniyam Sibir qildimikan, enasi? Ular oʻrnilaridan turib, ovoz kelgan tarafga koʻz
tikishdi. Shoyirning koʻzi akasiga tushdi.
-Aka, bu yoqdaman-dedi. Ammo dovushi ichiga tushib ketgandek eshitilmadi. Odamlarni itarib,
turtib Shayman polvon ukasining oldiga yetib keldi.
-Xayriyat, ulgurdim. Bumasam, oʻzimni kechirolmasdim. Mana, senga doʻmbira olib keldim.
Ushla, bu tugunni chechang berib yubordi. Oʻzingni asra,-deya akasi Shayman shoshilinch
qoʻlidagilarni tutqazib, shoyirni bagʻriga bosdi. Jiyanlarini boshini silab qoʻydi.
-Kuyinma, oʻpirdanam, vakildanam qasosingni olaman. Endi sensiz bu qishloqda turish men
uchun ham harom. Hammasi oʻtib ketadi. Sen qaytganda xudo xohlasa, men ham qaytaman,-deb
koʻzda yosh bilan ortiga qaytdi. Bir ozdan soʻng uni ovozi tashqaridan, darchaga yaqinroq
joydan eshitildi.
-Moyli oʻpirni oʻldi, deb hisobla. Undan qasosingni olaman. Shoyir javob berolmadi. Oʻrnidan
qimirlashgayam holi boʻlmadi. Biroq akasining bu vaʼdasidan soʻng yuragini kuydirib yotgan
olov biroz pasaygandek boʻldi. Doʻmbiraga maʼyus termulib qoldi.
-Ota, harqalay endi doʻmbiramiz bor. Begona joyda hech boʻmaganda oʻzimizdi kuyimiz
boʻladi-ku. Bolalarning yuziga tabassum yoyildi. Bu juda xayrli ish boʻlgandek, koʻz yoshlarini
artib, entikib qoʻyishdi. Bu ovunish edi. Faqat olti oylik goʻdakkina hech narsadan bexabar
koʻzlarini miltiratib, barmoqchasini soʻrib turardi.
Poyezd jildi. Shu atrofda otga minib, aylanib turgan polvon anchagacha poyezd bilan yonma-yon
yeldi. Nihoyat temir arava polvonning yuragining qoq oʻrtasidan yoʻl solib, oʻpirib ketgandek
uni ortda qoldirdi. Qul kabi huquqsiz, chorasiz qancha-qancha odamlar shu kuni shoyir bilan
birga taqdir izmiga tushib, yot oʻlkalarga ixtiyorsiz olib ketildi. Hatto, qoʻshni qishloqqayam bir
bor oʻtmagan Turdixol hali kun oʻtmay, qishlogʻini, uyini, oʻchoq-tandirini sogʻina boshlagandi.
Ogʻzi oʻyilgan goʻrdek qaqqayib qolib ketgan tandirida u yana non pishirarmikan?
Shoyir azob-uqubatdan horigan, majolsiz, tushkun ahvoldagi qismatdoshlarining holiga kuyib,
akasi kechagina qoldirib ketgan-doʻmbirani qoʻliga oldi, pardalarini sozladi va oʻyga botgan
xotiniga, zerikayotgan bolalariga termulib doʻmbirani cherta boshladi. “Hay-hayya, Rabbimov”
deya ovozini dimogʻidan chiqardi. Kechadan beri yigʻlab, koʻz yoshlari va gʻamdan yuzlari
shishgan, koʻzlari qizargan, horgʻin nigohlar unga tikildi. Goʻyo doʻmbiraning mungli nidosi
ularga ezilgan, qiynalgan faqat sen emas. Bu koʻpga kelgan toʻy, degandek sabr-toqatga undardi.
Temir aravaga minganidan xursand bolakaylarning shoʻxchan qiyqiriqlari har zamon eshitilib,
hayot davom etajagini bildirib turardi. Shoyir yana Turdixolga yuzlandi va terma ayta boshladi:
Poyezd jildi, boshimizga bulut jildi, jilama,
Oʻzga yurtning jannati oʻz yurtingday boʻlama,
Soʻrasang gar doston soʻra, oʻlan soʻra, aytaman,
Lek dardimni yangilama, ne boʻldi, deb soʻrama.
Qorli tovim, oq oʻtovim, doʻstu yovim qoldima,
Ay mozorim, yetti pushtim, xeshu qavm qoldima.
Soʻrasang gar doston aytay, oʻlan soʻra aytayin,
Bu holimga na savolim, na javobim qoldima.
Shoyirning bu xirgoyisidan kuyib, qancha yurtdoshlari qoʻshilib yigʻladi. Shoyir dard ustiga
chipqon boʻlgandek, ularning qoni silqib turgan yarasiga tegib ketganidan pushaymon boʻldi.
Ularning koʻnglini koʻtargisi kelib, shoʻxchan, hazilnamo termalaridan aytishni istab, shu
oʻylandi, shu oʻylandi birortasi yodiga kelmadi. Vagon orasidan xumrayib oʻtib qaytayotgan
formali, rangi zahil kuzatuvchidan choʻchigandek doʻmbirani ehtiyotlab gʻilofiga soldi.
Ona yurt ham ortda qolib, qip-qizil choʻl boshlandi. Poyezdga yoʻl-yoʻlakay qanchadan-qancha
odam mindirildi. Turdixol bu savdo bir bizning boshimizda emas ekan, deb koʻz yoshlarini artib,
bolalariga eʼtibor bera boshladi. Bir yarim oy deganda manzilga yetib kelgan poyezdga kelakelguncha ruslar, ukrainlar, beloruslar, moldavan, qozoq-qirgʻiz, ingusht, chechen millatiga
mansub kishilar qon yigʻlab mindilar. Bu faqat shoyirning yoki oʻzbekning boshiga tushgan
savdo emasligini bilib, anglab koʻpchilik ovunib, taqdirga tan berishdi.
Ajab, inson bolasi nega oʻzidek abgor, yoki undan battar ahvoldagilarni koʻrsa taskin toparkan.
Na qishloq, na shahar koʻrinmaydigan uzundan-uzoq yoʻllardan bolalar ham zerikishdi. Poyezd
qayerga toʻxtasa, biz ham tushib ketaveraylik, deya xarxasha qilishardi. Nihoyat yantoqzoru
saksovulzorlar va gʻarib qabristonlargina koʻrinib turgan bir xil yoʻl ortda qoldi. Dimiqqan
vagon ichidagilarga qarab, zahil yuzli konduktor koʻzoynak taqqan novcha sherigiga nimalardir,
deb kuldi. Vagondagilarning - turli tildagi avomning gurungi ularning asabiga tegdimi,
“Nastoyaщaya internatsionalnaya semya” deb baland ovozda gapirdi. Bolalar daryo
boshlanganidan soʻng yana hayajonlana boshlashdi. Shimoliy Qozogʻiston sarhadlari boshlangan
va goh oʻrmon, goh choʻl, goho esa daryolar koʻzga tashlanadigan bu joylarga kattalar hissiz,
bolalar qiziqish bilan termulardi. Nihoyat, koʻzlangan manzilga yetib kelingani bilinib qoldi.
Harbiylar uxlayotganlarni turtkilab, tushishga tayyorgarlik koʻrishga undashardi. Tezligi
pasaygan poyezd shovqin-suronga, tartibsiz harakatlar maydoniga aylandi. Nazoratchilarning
tund basharalaridan choʻchib yigʻlayotganlar ham, bir-birini yoʻqotib qoʻymaslikka
urinayotganlar ham tinchlanib qoldi.
“Keldik.” Jovdiragan, sarosimaga tushgan “aybdorlar” poyezd toʻxtamasidan tevarak-atrofga
termulishardi. Tor vagon ichida bir yarim oyki, toʻxtab-jilib kelayotgan temir arava nihoyat
manzilga yetib kelgan edi. Ukrain ayollaridan biri katta-katta qilib yozib qoʻyilgan soʻzlarni
oʻqidi. “Akmolinsk oblast, Shartandыkskiy rayon, Posyolok -37”. Shoyir uvishgan oyoqlarini
silab-silab, dadil harakatlar bilan tushdi. Soʻng bolalarini bir-bir qoʻlidan ushlab, opichib
tushirdi. Ayolining oyogʻidagi yirtiq kalishni koʻrib, yana bir boʻshashdi. “Uv, mahsingni kiyib
olmabsan-da,enasi” ,deb afsuslanib bosh chayqadi. Ayol indamadi. U tezroq toza havodan nafas
olishni oʻylardi. Hammadan koʻp azoblangan bolalar yayrab oʻynashga imkon topganlaridan
xursand, quvonib sakrashardi. Shu kuni manglayi qoralarga palatkalardan joy berishdi. Archa,
sosna, qayin daraxtlariga toʻla bu oʻrmon sirli va mahobatli edi. Yogʻoch moʻl boʻlganidan
hamma oʻziga boshpana qurishga jalb etildi. Oʻzbeklar har tarafdan olib kelinaverdi. Yangi
kelganlarga hashar qilib, yogʻochdan uy qurib berishardi. Koʻp oʻtmay, oʻzbek koʻchasi paydo
boʻldi. Har bir millat oʻz qavmini qavatiga olib, shu zayl yurt sogʻinchini unutishga harakat
qilishardi. Ular asosan ekin ekishardi. Kartoshka, bodring, piyoz ekishar, baʼzan daraxt
kesishardi. May oyida ekilgan kartoshka avgust boshlarida kavlab olindi. Shoyir hali bunchalik
katta kartoshkalarni koʻrmagandi. Ayoz turganda oʻt yoqib isinish bahonasida choʻqqa kartoshka
koʻmishardi. Taʼmi juda shirin boʻlganligi boismi, bu kartoshkalar shoyirning bolalariga maʼqul
tushdi. Ammo har kuni yeyaverib meʼdasiga tekkach, noilojgina qorin toʻqlash uchun tanovvul
qiladigan boʻlishdi.
Bolalarning ota-onasi yonida boʻlsa bas. Ammo Turdixolning yuragiga qil sigʻmasdi. U kundan
kun ozib, rangi-roʻyi bir ahvolda sargʻayib borardi. Qoʻli boʻshadi, deguncha uzoqlarga termulib
qolardi. Orqasiga oʻn oylik Keldiyorni bogʻlab, kuni boʻyi hamma qatori ishlagan ayol hech kim
bilan gap qoʻshmas, bolalarining savoliga ham kalta qilib javob berardi. Shoyirning aytgan
termalariga ilgari yigʻlab tinglayotganini bildirsa, keyinchalik yigʻlamay ham qoʻydi. Shoyir
ayolining oyogʻidagi kalishdan oʻtib ketayotgan sovuqni his qilib, unga paytavasidan kesib berdi.
Havo kundan-kun sovib borardi. Dard ustiga chipqondek, ayol uzundan-uzoq yoʻtalar, yoʻtal
zoʻridan yuzlari koʻkarib ketardi. Koʻp oʻtmay ,uning qisiq koʻzlari kirtayib qoldi. Kulcha yuzi
soʻlib, yanoqlaridagi suyaklar bilinib, miqti gavdasi ingichka tortib qoldi. Endi u norasida
goʻdagini ham eplolmay, holsizlikdan koʻksiga sut kelmay qolganligidan xunob boʻla boshladi.
Ayol ishga yaramay qolganligidan bir kuysa, yigʻlayotgan bolasini ovutolmaganidan bir kuyardi.
Hatto chinqirib yigʻlayotgan goʻdagini-da evini qilolmayotgan ayolni soqchilarning
turtkilashlari, qahr bilan qarashlari, soʻkib ketishlari ham ado qildi. Asya ismli tatar kampir
mahalliy rus momalar bilan tillashib, bolaga sigir suti topib kelardi. Bolaga zoʻrlik qilmasin, deb
sigir sutiga teng miqdorda qaynagan suv qoʻshib qaynatib berardi. Bir haftada chaqaloqning
rangi kirib qolganini koʻrgan Turdixolning koʻngli joyiga tushdi. Rangi biroz ochildi.
Yoz bu yerlarda oʻngdan chap tomonga qaraguningcha oʻtib ketarkan. Namgarchilik, kechki
izgʻirinlar nimjonroq mardikorlarni holdan toydira boshladi. Eti suyagiga yopishgan ayolning
siniq tabassumi ham yigʻlayotgandek achinarli edi. U bir kuni peshin mahal erining orqasidan
ildam chopib chiqdi. Sekin yelkasiga qoqdi.
-Koʻpchilik yigʻilib, palov qilib yesak, z-oʻ-oʻ-r boʻlardi-da, bovay. U qayin daraxtlarining
yaproqlarida bilinar-bilinmas aks etgan quyosh nurlariga boʻynini choʻzib qaradi va davom etdi.
-Toʻylarimiz zap zoʻr boʻlardi-a? Oyogʻimni qoʻlimga olib, palovxontoʻrani tashirdim. Ustidagi
qoʻy goʻshti titilib pishgan, zigʻir moy tagida qalqib turardi. Semiz qoʻyning doʻmbasi ilkillab,
ogʻizda eriyman, deb turardi. Polvon palovni moyini bilagigacha oqizib yerdi, esingizdami?
Enam sersabzi joyini xush koʻrardi. Quyosh tepadan yondirib, roʻmolimni bir uchi bilan yuzimni
artardim. Oftobning taptiga non pishirsa boʻlardi-ya. Doʻsmatimni sunnat toʻyini aytayapman.
Oychechak ham oshxoʻr edi. Doʻsmatning otasi katta panjalari bilan bir kaft osh olib, tovoqni
chetida erkalagandek silab-silab ,loʻnda qilib oshasa hayron qolardim.
Qarchigʻay shoyir ortiga burilmasdan eshitdi bu gaplarni. Akamdan qolgan bolalaringni
sogʻinibsan-da xotin, dedi ichida. Turdixol rostdan ham birinchi turmushidan koʻrgan qizi bilan
oʻgʻlini sogʻingan edi. Koʻz ochib koʻrgan, koʻngil qoʻyib tekkan Jazdon nuqul tushiga kirib,
yoniga imlardi. Shungami, shoyirning koʻngliga tegishi mumkinligini ham oʻylamay, eng yaxshi
kunlarini eslayotgandi.
-Ularni savilqogur temir aravaga chiqqan zahotim sogʻingandim, bovay. Palov yegim keldi.
Tushimda taxtani ustiga minib, rosa uchayapman. Pastga tush, -deysiz kulib. Shu ketishda
Qoʻshtepaga tushaman, -deb uchaverdim. Siz yerda, akangiz tepada meni chaqirayapsizlar.
Akangiz meni sizga berishganidan norizodek qovoq oʻyib qaradi. Qovogʻidan qoʻrqib, osmonga
koʻtarilibman. Akangiz qoʻlimdan ushlab, Qoʻshtepaga olib ketdi. Hovlimizga borib qoldim.
Qozon toʻla palov. Damtovoqni olib, taomni suzishga taraddud koʻrishayapti. Siz ortimdan qoʻl
silkib, nuqul kularmishsiz. Yoki kasal deb menga javob berib yuborishadimikan? Oʻris aravasi
bir yarim oy yoʻl bossa, yoʻlda oʻlib ketamanmikan? Ordona qolsin bu joylar, Qoʻshtepaga
oʻligimni boʻlsa-da oborishsa, bearmon ketardim. Hozir bir tovoq osh koʻtarib yoki gʻilvindi
pishirib eshigimizdan enam kirib kelsa, z-oʻ-oʻ-r ish boʻlardi-da.
Turdixolning necha oyki dardini yormay, toʻshak tortib yotib qolganidan yuragiga gʻulgʻula
tushgan shoyir koʻzlari yonib, gap qoʻshayotganidan quvonib ketdi. Oʻrmonning shovullashidan
ayolning xasta ovozi zoʻrgʻa eshitilardi. Faqat u koʻp ishlatadigan “zoʻr” soʻzini choʻzib,
erkalanib aytayotgani shoyirga umid bagʻishlardi. Kartoshkalarni yigʻishtirib, xaltalarga tiqib,
olib ketishga shay qilib qoʻyilganligi tufayli soqchilar dam olishga ruxsat bergandi.
Shoyir ayoliga bir soʻz demay chiqib ketib, qoʻni-qoʻshni bilan maslahatlashib, palov qilishga
tutindi. Bir pasda ilgari toʻylarda osh pishirib yurgan shahrisabzlik Rafiq oshpaz ham yoniga
qoʻshilib, oʻlchab berilgan ovshoq guruchdan bir kosadan yigʻib chiqishdi. Yogʻ, sabzi topildi.
Ammo goʻsht muammo edi. Soqchilar ulashgan goʻsht choʻchqaniki boʻlganligi uchun
musulmonlar yemasdan uris kampirlarga berishardi. Asya momo ularning joniga oro kirib, oʻris
dugonalaridan kattakon xoʻroz olib keldi.
Oʻzbeklar koʻchasida shu kuni bayram boʻldi. Hatto soqchilar ham tarelkasiga dambadam osh
olib ketardilar. Turdixolga sersabzi, yogʻi qalqib turgan joyidan suzdirib, ustiga xoʻrozning bir
oyogʻini butunlay qoʻyib keltirdi. Oʻrnidan zoʻrgʻa qoʻzgʻalgan ayolning koʻzlari chaqnab ketdi.
-Palovmi, bovay, ayttima shovqin-soʻron zoʻ-oʻ-r chiqayapti, binnima boʻlayapti, deb. Bolalar
ham yedimi? Kichkintoygayam chaynab yediring. Ayol kuchga ingandek oʻtirib, palov yedi.
Soʻng hech joyi ogʻrimayotgandek oyoqqa turib ketdi. Chuvillab oʻynab yurgan bolalarini
koyigandek boʻldi. Qoʻni-qoʻshni bilan kulimsirab, imo bilan bosh irgʻab soʻrashdi. Quyosh bir
koʻrindi-yu, yana bekinib oldi. Pagʻa-pagʻa qora bulutlar oftobning yuzini toʻsib qoʻygach, u
yana xomush tortib qoldi.
-Bovay, doʻmbira chertmaysizmi? -ayolining bu xohishidan shoyir gangib qoldi. -Eya, har
narsaga doʻmbirani aybdor qilib, otib yuborging kelardi, senga nima boʻlayapti, -dedi shoyir
parda oʻrnida eshikka tutilgan qanorni yarim ochib ichkari kirarkan.
-Nimayam boʻlardi, boʻlarimiz boʻldi, buyovimiz sindi. Endi doʻmbiradan oʻpkalaganimni nima
nafi bor. Bovay, bolalarimiz oʻzbekchani esidan chiqarmaymikan? Oʻzimizdi til quloqqa shirin
eshitiladi. Zoʻ-oʻ-r tilimiz bor. Erta Qoʻshtepaga qaytsak, boyagi xitoy qizdi tiliga
tushunmaganimizdek, bularingizniyam tiliga hech kim tushunmasa, nima degan odam boʻlamiz.
-Tilini yoʻqotmaydi. Qara, qator-qator oʻzbeklarning uyi. Bir qishloq boʻlib turibmiz-ku,
musopir yurtda.
-Baqqa qarang. Ayol endi ingichka tortib qolgan beliga qoʻlini tirab oldi. Uniqib ketgan qizil
baxmal kaltachasini omonat tugmalaridan biri yechilib ketdi. Ayol parvo qilmadi.
-Doʻmbira-chi? Bularingiz doʻmbirani unutmaykanmi? Chertishni oʻrganamikan. Shu kenjamiz
kasbingizni olsa yaxshi boʻlardi. Bir doʻmbira cherting. Odamlar oshni yeb boʻlishdi. Tarqab
ketmasi z-oʻ-oʻ-ridan ayting.
Kasal xotiniga jon kirganidan shoyir mamnun edi. Asya momoning maslahati bilan qayin
daraxtining poʻstlogʻini koʻchirib, shisha idishga tomib turgan suvini olgan va ayoliga
ichirgandi. Daraxt suvi foyda bergandir, deb quvondi.U chunonam doʻmbirani sayratdiki, boshqa
koʻchalardan bola-baqraga ergashib, kattalar ham yigʻilishdi. Mungli tovushda terma ayta
boshladi:
-Chanqovuzlar chorlagan bozorimni sogʻindimku,
Qishlogʻimni, dala-tuzim, bahorimni sogʻindimku.
Sogʻindim koʻp enajonim, otajonim diydorini
Ota-bobom makon tutgan mozorimni sogʻindimku.
Dostonimga quloq tutgan inim-ogʻam, qarindoshim,
Quda-anda, choʻpon-choʻliq, doʻst-yorimni sogʻindimku.
Oy-yulduzli tunlarimni, oftobi bor kunlarimni,
Sanduvochlar sayrab turgan gulzorimni sogʻindimku.
Shoyir gulxan yonida turgan xotinining ikki yuziga yugurgan qizilni koʻrib, shoʻx yallalarini
boshladi.
Gulxan atrofida anchagacha oʻyin-kulgi boʻldi. Umidi kesilgan turli millat vakillari ularning
quvonchiga joʻr boʻlib, oʻz sanʼatlarini namoyish etgandek biri gitara, biri akkordion, garmoshka
koʻtarib chiqib, rosa xumoridan chiqishdi. Soqchilar uchun ular qochib ketishga urinishmasa
boʻldi. Ayol bolalarini “zoʻ-oʻ-r ulim bor, zoʻ-oʻ-r qizim bor” deya erkalab, oʻpib-oʻpib ichkariga
kirgizdi. Qayindan yasalgan sandal ustida turgan doʻmbirani silab, bir oz quchib, tebranib turdi.
Soʻng ehtiyot qilib, gʻilofiga soldi va devordagi ilgakka ildi. U ilk bor doʻmbirani qoʻlga olishi,
mehr koʻrsatishi edi. Koʻz ochib koʻrgan eri Jazdondan ayirgan, ikkinchisini vatanidan ayro
qilgan shu doʻmbira edi uning nazarida. Oq qayinlarning shovullashi, archalarning hidi,
bolalarining pishillab uxlashi, erining charchoqdan xurrilashi- bular bari qanchalik qishlogʻidagi
ohangdan farq qilsa-da, yuragiga qoʻshiqdek quyilayotgandi. U turtinib-surtinib sham yorugʻida
bir piyola qatiqni surtib, uzun sochlarini ikki boʻlib yuvdi. Bir tomoni katta-katta tishli, bir
tomoni mayda tishli tarogʻini boʻxchasidan olib, anchadan beri taroq tegmagan sochlarining
chigilini yozib, quritdi. Soʻng ikki oʻrim qilib ,koʻksiga tushirdi. «Qaniydi, bir dastagina oʻsma
boʻlsaydi, -dedi u oʻzicha qatiqdan boʻshagan sopol piyolani toʻnkarib. Kaptimga olib bir
siqsam, dilim yayrardi. Oʻsmani hidi-chi, biram yoqimli. Chakkamga rayhon qadasam, hidi kelib
turardi. O, koshkiydi oʻsmalarga, rayhonlarga yetolsam. Sham yorugʻida tugunni titib, har bir
bolasining koʻzmunchoqli tumorini boʻyniga taqib chiqdi.
Kenjasi Keldiyorni bagʻriga bosib, isini iskalab bir oz oʻtirdi. Xotinini musofir yurtga koʻnikib,
sogʻligi oʻnglanganidan, ishtahasi ochilganidan quvongan shoyir yot elda ilk bor mast uyquga
ketgandi.
“Ey xudo, -dedi ayol shivirlab, -kun koʻrmadim, yer bosmadim. Sendan nolimayman.
Bolalarimni qishlogʻimga qaytar. Qishlogʻimda ham bir burda non qahat boʻlsayam, oʻz
tuprogʻim, oʻz oʻlan toʻshagim edi. Kenjamni beshigidan mosuvo qilding. Uni mushtdek jonini
toshdan qil. Qolgan umrimni unga qoʻshib ber. Qishdan chiqsa, yashab ketadi. Erimni boshiga
zoʻr mehnatni solding. Endi besh bola bilan oʻzing asra. Bir tugʻish -bir oʻlib-tirilish, deyishadi.
Mehnatimni kuydirma”.
U boʻxchasida turgan oq shohi koʻylagini oldi. Bu koʻylakni Jazdonga turmushga chiqqan kuni
bir marotaba kiygan edi. Uzun boʻyli bu juvon oq koʻylakda oq qayinlarning biriga aylangandek
ancha qaqqayib turdi. Soʻng bolalarining ustini yopib, ularga teskari holda qiblaga oyoq uzatib
yotdi. Tongga yaqin uning joni uzildi. Hech kimga ozori tegmagan bir ayolning ozorli dunyodan
ketishi ham ozorsiz boʻldi. Yurt sogʻinchini ham, sarson-sargardonliklarini ham, goʻdaklarining
ertasidan xavotirini ham bitta nidoga joylab bir “oh” deyishga majoli yetdi, xolos.
Tong otdi. Lekin shoyirning yuragida tun botdi. Ayolning oʻlimini oldindan bilib, oʻz koʻylakkafani bilan qiblaga oyoq choʻzib yotganini koʻrganlar hungrab yigʻlashdi. Axir bunda oʻlikni
koʻmish uchun kafanlik ham topilmasligi aniq edi. Kecha koʻp quvongan shoyir besh bola bilan
chirqillab qolaverdi. Oʻzbeklar koʻchasidan sal orqaroqda oʻzbeklar mozori ham paydo boʻldi.
Qishlogʻidan hatlab qoʻshni qishloqqa oʻtmagan bir oʻzbek qizini tolpoʻpak taqib yurgan payti
kimdir bu qizaloq Sibir yaqinidagi oʻrmonda yashab, oʻsha yurtda oʻligi qoladi ,soʻngaklari
esa...desa kim ishonardi? Ammo bu haqiqat. Bir oʻzbek ayoli barcha orzu-umidlari, gʻamgʻussalari bilan rus oʻrmonida koʻmildi. Shu kuni hech kimning tovushi chiqmadi. Har kim oʻz
xayoli bilan ishladi. Na gurung, na dalda, na yupanch bor edi bu makonda. Ayniqsa, olti yashar
qizchasi bilan kelgan Koʻchbeka ismli turkman ayol bu voqeadan qattiq taʼsirlandi. Kelganiga
bir hafta boʻlgan. Uniyam ikki yosh goʻdagi Chorjoʻyda qolib ketgan. Eri yolgʻizgina saman
otini davlatga topshirgisi kelmay, qochib ketibdi. Otni topisholmagach, ular ayolni qizi bilan
sudrab olib chiqishgan. Beshikda endigina chillasi chiqqan chaqalogʻi va qoʻshni xovlida oʻynab
yurgan uch yashar oʻgʻli qolib ketgan.. Ularning ahvolidan xabari yoʻqligi tufayli koʻngliga qil
ham sigʻmasdi.
Turdixolning oʻlimidan soʻng uning ilinjlari urvoq boʻlmay qoldi. Yurtiga qaytishdan butkul
umidini uzdi. Botiq,katta-katta qora koʻzlari besarajom boʻldi. Daraxtlardan-da balandda turgan
soqchilarga qaradi. Qaniydi, bir zum koʻzlarini yumib turishsa, u qizi bilan koʻzdan pana
joylarga qochsa. Chaqalogʻini eslab, mehri iydi, koʻksini ogʻritib yotgan sut koʻylagiga oqdi.
Goʻyo bolasini beshikdan yechib olgandek qoʻlini koʻksiga qoʻydi. Dardning zoʻridan, farzand
sogʻinchidan yuragi tars yorilgudek betoqatlandi. Qoʻrquv, itoatgoʻylik chekinib, shuuri
xiralashdi. Qizining qoʻlidan ushlab, jon-jahdi bilan yugurdi. Dagʻallashib ketgan boʻtoqlar onabolaning yuz-koʻzlariga urilib yoʻlini toʻsar, qizi chinqirib yigʻlasayam ayol parvo qilmasdi.
Nihoyat, ayol daraxtlarga boshini ura-ura yalanglikka chiqib qoldi. Bu holat shunchalik
kutilmaganda yuz berdiki, hech kim nima boʻlayotganini tushunmasdi. Tushunganlarida esa kech
boʻlgan, kim qochishga urinsa otib tashlansin, degan buyruqni olgan snayperlar ona-bolani
loqayd va shoshilmasdan sovuqqonlik bilan, goʻyoki chopib ketayotgan quyonlarni moʻljalga
olgandek, otib tashlashdi. Irtish daryosi boʻyiga ham yetolmagan, qonga belangan ona-bolani
soqchilar bitta oʻra qazdirib koʻmdirishdi. Qochganlari uchun ularning qabri boshida janoza
oʻqishga ham ruxsat berilmadi.
Kunlar tobora soviy boshladi. Bu joylardan qochib ketish istagidagilar ham endi taqdirga tan
bera boshladi. Komendantlar har qachongidan-da nazoratni kuchaytirdi. Baland vishkalarda
turgan soqchilarning qoʻlidagi snayperlar ajdaho kabi shaylanib, luqma kutayotgandek turardi.
Shoyir oʻtgan safar ikki oshnasi bilan qochishga va ona qishlogʻiga yetib borishga muyassar
boʻlgandi. Endi oyoq-qoʻli ipsiz bogʻlangan. Bolalari bilan qochish ahmoqona ishligini yaxshi
biladi. Agar qochib qishlogʻiga qaytgan taqdirda ham Moyli oʻpirdek kazzob bilan yuzma-yuz
kelishini, tinch hayotni orzu qilish xomxayolligini tushunadi.
Qish chiqquncha ularni ruyxatga olishmadi. Chunki sovuqda olib kelinganlarning aksariyati oʻlib
ketdi. Shoyir oʻgʻli Sayim bilan qizi Qambarni ham qish chillasida sovuq urganligi tufayli qon
yigʻlab, yerga berdi.
O, bovrimo, odam bolasi metinmikan, toshmikan? Shoyirning dardi shu qadar katta ediki, osmon
ham enkayib, togʻlar choʻkib, toshlar tars yorilib, daryolar muzlab qolgandek edi, goʻyo. Oʻz
yurtida kepchigini kerib, oʻlanlarni terib yurgan shoyirning qaddi choʻkdi. Farzandlari, ayolining
qismati uchun oʻzini aybdor bilgani uchun gunohkorlik hissi yanada choʻktirdi. Boshiga tushgan
savdolar, ayriliqlardan majnuntoldek egilib yuradigan boʻlib qoldi. Doʻmbira ham, dostonlar
ham unut boʻlgandek mixga osilib qolib ketdi. Shukurki, Alloh biz bilan. Musofir yurtda ham
yaxshi insonlarni shoyirga yuliqtirdi. Asya momoning yordami bilan Shoyir kenjatoyini oyoqqa
turgʻizib oldi. Asya momo amaldorlardan birini erkakchasiga soʻkib, haqoratlagani uchun surgun
qilingan ekan. Hali ham tepadagilarni soʻkishdan, laʼnatlashdan oʻzini tiyolmaydi.
Oradan besh yil oʻtdi. Turdixolsiz, Qambarsiz, Sayimjonsiz besh yil. Doʻmbirasiz besh yil. Bir
kuni kenjatoyi uzun tayoq bilan doʻmbirani tushirishga harakat qilayotganini koʻrib qoldi.
Endigina olti yoshga toʻlayotgan Keldiyor boʻliqqina, oppoq, doʻmboq boʻlganligi tufayli
hamma bir-bir oʻpib suyardi. U akasining maʼyusligini ham, otasining indamasligini ham, Jongul
opasining serzardaligini ham tushunmas, quvnoq, shoʻx-shodon edi. Bu hadsiz oʻrmonlardan
rang olgandek koʻzlari ham mallatob, qoshlari esa quyuq, qop-qora edi. Faqat qora qoshlarigina
uning oʻzbek bolasi ekanligiga ishora qilardi. Rus tilida chuldirab gapirib yurgan bolakayning
bugungi holati shoyirga taʼsir qildi. Ayolining, “Bovay, bolalarimiz oʻz tilimizni unutmasmikan,
doʻmbirani-chi?” degan isyonli soʻrogʻi qulogʻida jaranglagandek boʻldi. Axir “Assalomu
alaykum”dan boshqa soʻzni bilmaydigan oʻgʻlini qanday qilib oʻzligiga, oʻzbekligiga qaytaradi.
Shuurini qoplagan xira bulut tarqagandek, bemaqsad, bemaslak kunlar poyoniga yetgandek koʻzi
ochildi. Doʻmbirani olib, gʻilofini yaxshilab qoqdi. Bolani yoniga chorlab, oʻtirdi. Quloqlarini
sozladi, birozdan soʻng yoqimli, ezgin kuy yangradi. Bola ajablanib termulib qoldi. Shoyir
dimoq bilan “Hay, yoray” deb xirgoyi qilganda Keldiyorning koʻzlari chaqnab ketdi. Shu-shu
har kech doston soʻylab, til oʻrgatish bilan ovora boʻldi. Yurtdan olislarda yurt shamoli
borgandek, qadrdon tuygʻular koʻz yoshlar bilan iylanib, Shoyirning koʻzidan oqardi.
Nimasan, doʻmbira?! Elning boʻgʻzida toshdek qadalgan dardmisan, yoki oʻzing bir dard
elimisan? Befarzandga farzand, umidsizga umidmisan? Musofirga vatan, yuraklarga
ishonchmisan?
Sendan nega hayiqishadi? Asov daryomisan, boʻysunmas? Seni nega tinglashadi, sabot
ramzimisan, hech sinmas. Gohi oʻyga toldirsang, gohi yigʻlatasan. Gohi tuygʻularni yondirsang,
gohi sixtatasan. Bugun yana shoyirning qoʻlidasan. Bir hasrat, bir hayrat boʻlib oʻrmon tinchini
buzayapsan. Soz va soʻz oʻlmasligini, shoyirlari bor el qayta-qayta tirilaverishini koʻz-koʻz
etayapsanmi? Buncha oʻzingga ishonding. Norasidaligidan oʻzga zabonda gapirayotgan bola oʻz
tilini oʻrganarmikan? Yoki oʻrgansa-da, dostonlaring maʼnisiga yetarmikan? Yoinki bu
dostonlarni kelgusi avlodga yetkazishga boʻyni yor berarmikan, harna boʻlganda ham noumid
shayton, deya shoyir qatʼiy kirishdi.
Poyezd bir maromda borib-kelishini qoʻymadi. Har safar bir vagon oʻtin orqalab kelgandek, oʻz
yurtidan nasibasi uzilgan gʻamdiydalarni keltirib toʻkardi. Hasratlarga, koʻz yoshlarga temir
arava bepisand, magʻrur, battar boʻl, degandek hayqirib javob qaytarardi...
Oʻttiz toʻqqizinchi yilning bahorida kelgan poyezdda shahrisabzlik Xonimoy ismli ayol erini
izlab keldi. Uning yonida oʻn yoshlardan oshgan Doli ismli oʻgʻli ham bor ekan. Oʻz oyogʻi
bilan ixtiyoriy ravishda erini izlab topish uchungina kelgan ayolga ortga yoʻl yoʻq edi.
“Chuchvarani xom sanagan”ini tushungan ayol oʻzbeklar koʻchasidagi hamyurtlaridan yordam
soʻradi. Shoyirning yon qoʻshnisiga aylandi. Bir-ikki oy oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib, gʻamga
botib yurdi-yu, keyin bu hasratli dunyoga etak siltagandek, elga qoʻshilib ketdi. Ayol shu qadar
qaqajon ediki, uni koʻrgan kishi bir jilmayib qoʻyardi. Shoyir dalaga ketgan paytlar uning
bolalarining kiyimlarini ham yuvib, quritib, yirtiq-yamogʻini tikib qoʻyishga ulgurardi. Xonimoy
gʻurbat toʻla makonga quvonch ulashish uchun yuborilgan farishtadek edi.
-Doliboyimning otasi bu yerda emas, jazo lagerida ekan. Oʻtgan yili otib tashlashibdi. Oʻlmagan
deyishsa, qayerda boʻlsayam poyi-piyoda borardim. Birga qamashsin edi. Endi u kishini izlab,
yoʻlga chiqib xato qilganimni tushunayapman. Behuda oʻgʻlimniyam sarson-sargardon qildim.
Oʻziyam otamga boramiz, deb kunda yigʻlab ado qildi-da. Shoyir aka, “Dardim ichimda,
yuzlarim xandon”, deb yozgan ekan bir shoira. Bu satrlar men haqimda, oʻlay sizga. Bir kun
koʻkayimizga oftob tegar-da, -dedi maʼyus jilmayib.
Shoyir u bilan tez-tez suhbatlashadigan boʻldi. Har safar ayolning fikr doirasi kengligidan,
sheʼriyatdan ham xabari borligidan hayratlanardi. Yarim tungacha doʻmbira chertishdan ortmay
qolgan shoyirga qarab koʻplar miyigʻida kulib qoʻyardi. Burch va udum tufayli oʻz yangasiga
uylangan shoyir bu gal chin muhabbat savdosi boshiga tushganini tezda ilgʻab ololmadi. Goʻyo
azador uyda yonib turgan chiroq koʻngillarga taskin bergandek, shoyirning gʻussaga toʻla koʻngil
uyiga ham muhabbat otliq sham yongan edi.
Bir kuni u taʼnali nigohi bilan shoyirning yoniga keldi. Koʻzlarini olib qochib, sekingina
shivirladi.
-Menga ortiqcha eʼtibor bermang, aka. Erini izlab kelib, boshqa er topibdi, degan malomatni
koʻtarolmayman, dedi va ortiga qaramay uzoqlashdi. Shoyir indamadi. Bu qora qosh, qora koʻz,
shaddod ayolning qoravarang chehrasidagi oʻktamlikka dosh berolmadi. Gapirganda ingichka
qoshlari chimirilib, goh bosh koʻtargan ikki ilon, goh kamon shakliga kirardi. Qarchigʻay shoyir
yana qadrdoni, doʻmbirasi bilan dardlashib yuraverdi. Atrofdagilarning tanbehi, Asya momoning
qistovi bilan tiramohda Xonimoy shoyirga tegdi. Ha, goho sovugʻi suyak-suyakdan oʻtib
ketadigan oʻrmon yaqinida ham hayot gohi hud, gohi behud boʻlib davom etardi. Nihoyat ikki
yorti bir butun boʻlishdi. Bir yildan soʻng Xonimoy qizchalik boʻldi. Bolalar sovuqqa ham
moslashib, durkungina boʻlib oʻsa boshladilar. Katta oʻgʻil ulgʻayib, otasining qatoriga kirib
qoldi. Doliboy ham yangi oilasiga koʻnikib qoldi. Yot ellarda turmush bir zaylda izga tushib
borayotgan bir paytda urush boshlandi. Erksiz hayotga moslashib borayotgan surgundagilar ham
bu urushdan chetda qolishmadi. Yigit yoshiga kirib, kuchga toʻlgan Ibrayimni bir gala yoshlar
bilan birga yapon urushiga olib ketishdi. Oradan ikki yil oʻtib, oʻgʻlidan qora xat keldi. Shoyir
yana Turdixolning qabriga borib yum-yum yigʻladi. Qoʻlida doʻmbira bilan uzoq oʻtirdi. Bu
safar u jafoli dunyodan qutulib tinchiganlar, tiriklarni kuydirib, erta ketganlar, yot ellarda mozori
qolib ketayotganlar uchun doʻmbira chertdi. Farzand dogʻidan qaddi bukilgan ota shu qismatni
ravo koʻrganlarni ham qargʻab-qargʻab doʻmbira chertdi.
Boshimdan bulutlar ketami, sovugʻi suyakdan oʻtami,
Sovuqdan oʻlmagan Ibrayim, qaro yerda oʻq yeb yotami.
Yoninga olding-ku Qambarni, kuhligim, chochlari anbarni,
Toychoqdek shoʻx edi Sayimim, oʻynamay yotibdi endi jim.
Kuyiblar ketdi-ku koʻkayim, kuyugim qay goʻrga tiqayin.
Boʻylaring boʻyimdan baland boʻb, toʻyingni koʻrmadim, Ibrayim.
Ey falak shunchalar zoʻrmisan, yomonni olmaysan, koʻrmisan,
Loʻttivozlar taraf boʻlding-ku, mening ham gʻamimni yermisan.
Yer bilan bittadir Kumushim, kun koʻrmay qurigan buvushim,
Yoningga chaqirsang qaytadi, mushtga aylandi-ku turmushim.
Koʻz yoshim qay goʻrga toʻkayin, er yetib oʻldingmi, Ibrayim.
Ilk bor otalik gʻururini tuydirgan, shu gʻarib dunyoni suydirgan bosh farzandidan ayrilish uning
shu kungacha koʻrgan azoblaridan-da katta yoʻqotish edi. Kun ogʻganda uni qabristondan topib
kelishdi. Ust-boshi tuproqqa qorishgan, tishi-tishiga urilib, dagʻ-dagʻ titrardi. Oʻgʻlining azasida
aftodahol otani bukkunicha ichirishdi. Saharda Xonimoyning sandalga oʻt solayotgan shovuridan
oʻygʻonib ketdi. Koʻnglini yana farzand dogʻi oʻrtay boshladi. Ichini it tatalayotganday edi.
Xonimoy bir kosa atala pishirib kelib, ogʻziga tutdi. -Qoldirmay iching, atala quvvat boʻladi.
Shoyirning quyilib kelgan koʻz yoshlari atalaga aralashib ketdi.
«Koʻzdan oqqan yoshimni ichdim, Oʻpir. Sen ham yigʻlarmikansan? Nahot, bu dunyoi qoʻtirda,
faqat dasti kaltalar, xushomadni, yaltoqilikni bilmaydiganlar yigʻlasa? Moyli oʻpirlarning oshigʻi
doim olchi turadimi? Yigʻlamay yashash uchun unga oʻxshashim kerakmidi? Mening gʻururim,
orim, deb uch bolam oʻlib ketdi. Xotinim oʻldi. Qolganlarining ham qismati qorongʻu. Yana
nimalarni koʻrishi, kimlarni koʻmishi kerak bu koʻzlar? Tiz choʻkib yashaganim maʼqulmidi?
Yoʻq, qachondir ortga qaytishim, Moyli oʻpirning koʻzlariga tik qarashim kerak.
U sovuqda yorilgan, poʻst tashlaguday shilingan, qabristonda tirnoqlari orasiga kirib qolgan
tuproq ogʻritayotgan qoʻllarini osmonga qildi. “Seni oʻz qoʻlim bilan oʻldiraman, bugun uchinchi
farzandim yot tuproqda jon berdi. Jasadingni boʻrilarga yediraman. Semir, semiraver. Ertaga
koʻzlaringga qarashim uchun yasha”.
Unli atala uning tomirlariga iliqlik berdi. Oʻrnidan turib, tong nasimiga yuz tutmoqchi boʻldi.
Osmon tund. Goʻyo tong otayotgandek emas, kun botayotgandek tuyulardi. U qalin oʻrmonga
boqdi. Qorayib, vahmini keltirgan daraxtlar oʻta magʻrur edi.
“Bu mevasiz daraxtlar farzand dogʻini qaydanam bilsin? Oqqayinlar barcha qoʻllarini koʻkka
choʻzgan. Poyida kim yigʻlab turibdi? Ularga qizigʻi yoʻq. Odam bolasining qoʻli pastga
choʻzilgan. Tepaga choʻzish uchun harakatga keltirish kerak. Qaniydi, daraxt boʻlsaydim. Agar
ana shu qayinlardek tomirim yerda boʻlsa, qishlogʻimdan badargʻa qilisholmasmidi? Unda anovi
toʻnkalardek boshimni sapchadek uzib olishardi-da. Harqalay tomirim Qoʻshtepada boʻlardi.
Bolalarimning mozori ham bitta joyda - oʻz yurtimda boʻlardi. Ibrayim, qayerda, qay ahvolda jon
berding, bolam!? Dunyoga kelib, nima kun koʻrding? Chimildiq koʻrmagan, ortidan zurriyod
qoldirmagan qoʻzima?..”
Shoyirning yana mijjalari yoshlandi. Dardining borini bergudek boʻlib qayinni quchoqlab
yigʻladi.
Shu tong kabi rangi boʻzargan odamlar atrofda gʻimirlay boshlashdi. Qarchigʻay shoyir ularning
salomiga alik olmadi. Uning fikru oʻyi Qoʻshtepada edi.
Bu payt Qoʻshtepada hozirgina tandirdan chiqqan nondek qizarib, quyosh chiqardi. Har
tomondan qoʻy-echkilarning maʼrashi, choʻponlarning “hay-yo huyt”i, bola-baqraning qiyqirigʻi
eshitilardi. Bilqillagan tuproq ustiga yosh kelinchaklar, boʻy qizlar tomonidan sepilgan suvdan
keyin yoqimli boʻy kelardi. Yer isi. Shoyirga bu juda yoqardi. Kimnidir hovlisidan tongda
pishayotgan sut isi kelsa, biridan qizdirilayotgan sariq moy isi dimoqqa urardi. Yon-atrofda
mevali daraxtlar saxovatli qoʻllarini har yon choʻzib rizq ulashadi. Yeyishga hech vaqo
topilmaganda oʻsha mevalar elning koriga yarardi. Erta bahordan pidana jonga oro kirsa, soʻng
dovuchchalar bolalarga quvvat boʻlardi. Bir qarasang, tut pishigʻiga yetib olasan. Yil oʻn ikki oy
tabiatni sogʻib ichasan, yeysan. Hatto, qishda ham qoqi-yu, turshak shimib, jon saqlasang
boʻladi. Na bulbul kuyi, na gul ifori, na mevaning taʼmi boʻlmagan bu joyda mehr nima qilsin,
harorat nima qilsin?! Azroildek qilichini qayrab kelgan qish qancha yonib turgan
shamchiroqlarni oʻchirdi. Oʻlim eshigini qoqmagan xonadon yoʻq. Shoyir ham ularning biri.
Otasi rahmatli har qanday musibat Allohning irodasi bilan keladi. Chiroyli sabr bilan javob
berish kerak, degandi.
Yapon urushi insoniyat boshiga balo boʻlgan II-jahon urushiga koʻprik boʻldi. Gitler armiyasi
sulhni buzib, Rossiya tuprogʻiga kirib keldi. Yurtga qaytish, osuda kunlar istagi ushalmas orzuga
aylanib borayotgandi. Qarchigʻay shoyirni soʻroq belgisidek egilib qolgan shu kunlarida bu ham
yetmaganday urushga olib ketishdi. Bolalar boʻzlab qolaverdi. Xonimoyning oʻgʻli Doliboy ham
shoyir ketgandan soʻng koʻp oʻtmay urushga ketdi. Keldiyor oʻshanda oʻn yoshda edi. Jongul
opasi bilan Sevash daryosi tomon olib ketilayotgan otasining ortidan qarab, yigʻlab borardi.
Oʻshanda urushga ketayotganlarning qorasi koʻrinmay ketguncha bolalar yugurishgandi.
“Papenka, moy rodnoy”, deya otasining ortidan yugurgan Keldiyorning faryodidan Turdixol
goʻrida tik turgan boʻlsa ajabmas...
Hayot asli olovmikin, yo bandaga sinovmikan. Toʻqqiz yil oldin doʻmbirasi singan Qoʻshtepada
yana doʻmbira paydo boʻldi. Hali bir dostonni oʻxshatib aytolmaydigan bir gʻalchaga son tegdi.
Na ovoz, na ohang, na dard boʻlmagan bu xirgoyi kishilarning kulgisini qistatib, eski yarasini
yangilardi. Moyli oʻpir oʻzi yasagan baxshi bolaning termalariga erib ketayotgandek muqom
qilib, koʻzini yumgancha bosh tebratardi. Issiqdan dum-dumaloq yuzlari boʻgʻriqib,
bagʻbaqalaridan ter oqib, toʻkilib qolgan sochlarining oʻrni yaltillardi. Kichkina, sargʻish
koʻzlarini yummasa-da, yumilgandek koʻrinardi.
-Oʻpir oʻlgurdi mov pishaknikidek chaqchaygan koʻzi ochilguncha borib, toʻrtta oʻt yulay, -deb
qorachadan kelgan, novcha ayol oʻrnidan turdi. Yigʻilganlar shu gapni kutib turgandek
tirikchiligi yodiga tushib, qoʻzgʻaldi. Chang bosgan yirtiq kalishlar oyoqlarga ilindi. Rangi
uniqib ketgan olacha gilam tuproq bilan bitta boʻlib qolaverdi. Uch-toʻrt kishini demasa, qishloq
ahlining egni-boshi ham toʻzib, chorigʻi titilib qolayozgandi. Bolalar oyoq kiyimsiz, kalta
ishtonda turardi. Baxshi bola deganlari Hov,deb yoqimsiz ovozda baqirdi,soʻng xushomad bilan
Moylining yoniga keldi va terma aytdi:
-Tovlarning boshida qor bormi,
Akajon, sizdayin nor bormi,
Boydayin, biydayin yurasiz,
Qishloqda sizdayin sor bormi?
-Aytsang, “Shoxdorshoh” dostonini ayt, yoki “Goʻrugʻli”ni, “ Alpomish”ni ayt. Togʻ boshida qor
bormi -yoʻqmi yaxshi bilamiz, -dedi soqollarida bir tola ham qora qolmagan Ismat chol.
Atlas koʻrpachada yonboshlab oʻtirib, oʻzi haqidagi chuchmal termalarni eshitayotgan Oʻpir
avval oʻng koʻzini, keyin chap koʻzini sekin ochdi. Uning imosiga shay turganlardan biri baxshi
bolaning yelkasiga ola chopon yopdi. Odamlar termani tinglamay uzoqlashib qolganini, yonida
faqat chollar va bolalar qolganini koʻrgan Oʻpirning jahli chiqdi. Sopol piyolani cholga qarab
otishga xezlanganida ikki otliq kishi chinor tagiga yaqinlashib qolgandi. Moyli oʻpir ularni
koʻriboq oʻrnidan turib ketdi. Darhol qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, peshvoz chiqaman, deb
koʻrpacha yirtigʻiga oyogʻi kirib munkib ketay dedi. Tezda oʻzini oʻnglab olib, otning jilovini
ushladi. Vakillarning biri oshnasi Jonuzoq, ikkinchisi uris edi. Ular bilan chuldirab gaplashgach,
sal nari ketganlarni ham qoʻlini qayirib chaqirdi.
-Oʻrtoqlar, urush boshlanibdi. Nemis-fashist gazandalari urush qilarmish, deb gazetdan
oʻqigʻonim bor edi. Yangogʻi aytganimizdek, oʻsha urush bugun saharda boshlanibdi. Qari
chollar va boʻyi miltiqdan past bolalar urushga bormaydi. Qolganlar tayyorgarligini koʻraversin.
Yangogʻi aytganimizdek, kimki vatan xoini boʻlsa, oʻzini panaga oladi. Uni shaxsan oʻzim otib
tashlayman. Oʻpirning ogʻzidan chiqqan, bu shum xabar oʻzi holdan toyib qolgan, toliqqan
vujudlarni joyiga mixladi. Kimdir oʻtirib qoldi. Kimdir tik turib, oʻyga botdi. Hatto, yosh bolalar
ham kattalarning vahimaga tushganini koʻrib yomon kunlar boshlanayotganini sezib, mungʻayib
qolishdi. ----Mana, senlarga kuy-qoʻshiq yoqmay turuvdi. Noshukurlar. Endi urush tugaguncha
ogʻzingdan qoning keladi. Men vakillar bilan NKVDga ketdim. Senlar tuguningni tugib, qotgan
noningni tugib, meni kutib turinglar.
Oʻpir ham kutilmagan xabardan gangib qolgandi. Ammo bu xabarni kutilmagan deb ham
boʻlmasdi. “Germon bilan sovet urishaymish” degan, shumshuk gaplar ancha yildan beri bor edi.
“Tinchroq ish bilan shugʻullanib, jon saqlashni oʻylash kerak. NKVD xodimiman. Meni olib
ketishmasa kerak. Qarindoshlarim-chi? Ularni ham joy-joyiga qoʻyishim kerak. Eng birinchi...
dushmanlarimni yoʻqotib olishimga imkoniyat bu. Nemis Qoʻshtepaga kelmasa boʻldi. Oziqovqatni gʻamlab qoʻysam, urushdan oʻlmay chiqamiz”. U oʻziga yarashmagan tezlikda otga
mindi. Peshindan soʻng qishloqqa qaytdi. Taxta darchani taraqlatib ochib, uyga kirdi.
-Ha Oʻpir, namuncha hovliqmasang, -dedi otasi taajjublanib. -Yana kim arpangni xom oʻrdi?
-Shu... otimni aytib chaqirsangiz nima boʻladi? Sizdi dastingizdan shu laqabni orttirdimqoʻydim.
-Hammani feʼl-atvoriga qarab laqab qoʻyaman. Bolaligingdan qosh qoʻy, desa, koʻz chiqarib,
yolgʻon-yashiqni oʻpirarding. Orqangga ursam, ichingni ushlab yigʻlarding. Mehmon kelsa,
oldingda non turib, birovning oldidan rizqini olib yerding. Inson 5-6 yoshligida qanday boʻlsa,
shundayligicha qoladi. Mana, Qarchigʻay oshnang tugʻilganda hamma uning koʻzida oʻt bor,
degandi. Kichkina jussasida salobat bor edi. Nigohi oʻtkir bolaydi. Boshiga shuncha sinoat
solding, surgundan ham qochib keldi. Yana payiga tushding. Lekin yoningga kelib
yaltoqlanmadi. Egilmadi. Qarchigʻaymisan qarchigʻay. Ismini oʻzim qoʻyganman. Seni boʻlsa,
boshing moyli, qayzgʻoqqa toʻla kir edi. Uch-toʻrt yoshingda ham ketmadi. Moylimisan, moyli.
Pichogʻing ham moy ustida. Yana nimaga oʻpkalaysan?
-Unda sizga kim laqab qoʻygan, Muxtor guppi ,deb-dedi tajanglashib Moyli.
Chol qoʻlidagi oftobani kulimsirab yerga qoʻydi.
-Mahmud rahmatli qoʻyganda, -dedi u. Hovliqmaligim bor uchun. Bir gapti koʻpirtirasan. Salga
hovliqasan, guppisan, derdi.
-Shuytib yalpayib oʻtiruvring, dunyo bexabar.
-Nima gap? Biror yerga oʻt ketdimi? Yo oshnang surgundan yana qaytib kelibdimi?
-Yoʻlingizda zoʻrgʻa yuribsiz, boʻmasa yo surgunga, yo urushga joʻnatib yuborardim sizdiyam.
Cholning qoshlari chimrildi.
-Hoy, kasopat, har gapni oʻpirsang ham, bunday dema. Urushni nominiyam tilingga olma.
-Oʻpirmayapman. Qaydagi laqablar haqida gap sotib navbat bermaysiz. Oʻlsangiz ham gapingiz
chala qolib ketsa kerak. Nima, men sizga bekorchi quloqmi? Germon bilan urush boshlanibdi,
ota. Ayollarga ayting. He-xe-xe, axa-xa qilib hiringlamay, don-dunni yoshirsin.
-Vahima qilma, bolam,-dedi chol yelkasidagi sochiqqa bilaklarini arta turib. -Toshkangamikan
yo Samarqandga keppa.
-Bizdan uzoqqa. Baribir urushga odam opketadi. Bu aniq. Chol soʻriga oʻtirib oʻyga toldi.
-Zap bemaza zamonda tugʻilgan ekanman-da. Urushdan boshimiz chiqmay qoldi. Hali
bolshavoylar dedik, urishdik, quloq, dedik qirildik. Endi nemis qoluvdi. Men-ku oshimni
oshadim. Bolalarim nima boʻladi? Eh xudo, dogʻini koʻrsatmay, jonimni ol.
-Boringey, bizga navbat kelami-yoʻqmi. Tanishlar koʻp. Men qolaman. Erta-indin bu
qishloqqayam kep qolsa-chi. Murchadan koʻp soldati bor ,deb eshitgandim. Men idoraga ketdim.
Majlis bor, kech qolsam, xavotir olmang. Oʻsha joylarga koʻrinib turay.
-Yomonlik qilma. Qora roʻyxat tuzib, xushomad qilmagin tagʻin. Sen tufayli yetti pushtim
qargʻish oldi. U dunyoda sen uchun ham savol-javob boʻladi.
-U dunyomish. Bu dunyoni evlab-sevlab oling. Ortingizdan ozroq soʻlkavoy uzatib yuboraman.
Bergan xudoga yoqibdi, degan gap behuda emasdir.
-Onangni moʻltonidan farqi yoʻq edi. Senda ham na or, na nomus bor. Hech boʻlmasa, endi
erkakka oʻxshab yasha. Xudodan qoʻrqmagandan qoʻrq, deb bejiz aytishmagan ekan.
-Otamsiz-da, boʻmasam sizdiyam...
-Sibir qilarmiding, xunasa. Ertaga Mahmud oshnani oldiga borsam, yuziga qanday qarayman.
Axir u meni oʻlimdan qutqarmasa, sen bino boʻlarmiding.
-Otasining xizmati uchun oʻgʻlini siylamaysiz-ku,-deya ogʻildan otini olib chiqdi. Otga
minayotib,-Men uchun ham siz javob bermaysiz. Urushda oʻlimdan opqogan, deb yetti pushti
oldida muttaham, tili qisiq boʻlib oʻtiramizmi?
Moyli oʻpir otini qamchiladi.» Hatto, oʻz otam ham bekligimning izzatini qilmaydi. Qishloqdagi
noshukurlardan oʻpkalamasam ham boʻladi. Urushga ketib, bir otamni koʻzini oʻysammikan.
Oʻqqa uchsam nima boʻladi? Urushga borib, qahramonlik koʻrsatsam-chi? Xalq jilla qursa,
Qarchigʻay shoyirdek hurmat qilarmikan? Nima degandi shoyir: “Garchand oʻzingni bek
saylama, xudodan buyruq kelmasa bek boʻlmassan, qilichga boshing tutib bersang ham, xudo
istamasa oʻlmassan” deganmidi? Boshingga it kunini soldim. Xudoying qanday marhamat
koʻrsatayapti? He, oʻrgildim.» U shu oʻylar bilan otga qamchi urdi. Erinibgina yoʻl tortayotgan
ot yeldek uchdi. Ha, otga bir qamchi, odamzotga esa ming qamchi solsang yurigʻingga yuradi.
Urush haqidagi shumxabardan gangib qolgan qishloq ahli uyiga sigʻmay, koʻchada
uymalashardi. Ularning yonidan ot changitib oʻtib ketgan oʻpirning ortidan tund qarab qolishdi.
Dimogʻlariga urilgan changdan biroz nafasi tiqilgan Joʻravoy choʻpon qoʻli bilan chang
haydagandek harakatlar qilib, oʻqariq boʻyidagi oʻtlar ustiga choʻkdi.
-Yana Moyliga kun tugʻdi. Koʻziga yomon koʻrinsang, urushga joʻnataveradi.
-Shoyir ketganiga ham yil hisobida toʻqqiz yil boʻlibti. Toʻqqiz yildan beriyam na uning koʻzi
toʻyadi, na koʻngli, -dedi polvonkelbat sherigi.
-Toʻqqiz yilda Oʻpir yaxshi oʻzgardi. Ogʻirligidan ot ustidan otib yuboray, deydi.
-Hay-hay bu gaplarni gapirmang, mulla Joʻravoy. Qishlogʻimizdan oʻrischani biladigan yagona
odam shu. Muxtor guppiyam zamon qayga qarab ketayotganini yaxshi bilarkan. Oʻgʻlini Istam
mayizfurush bilan savdoga yuborib,yurt kezdirib zap ish qilgan ekan. Urischani oʻrganib olgani
uchun bugun oshigʻi olchi, kerilib yuribdi.
-Kimlarni ismini yozib opketyaptiykan. Urush boshlanganini eshitib, tomogʻimdan yovgʻon ham
oʻtmay qoldi.
-Bir yogʻi ocharchilik tugamay, yana urush boʻlyapti. Samarqanddagi aziz-avliyolar qabrini
ochib, ruhini bezovta qilganmish. Rasmini chizaman, deb suyaklarni sanaganmish urislar.
Shunga Ollohning gʻazabi qoʻzib, urush balosini ularga yuborgan.
-Ey, bu balo bizziyam chetda qoldirmaydi. Menimcha, xotin-xalaj yuz-koʻzini ochib yurgani
uchun bu savdolar boshimizga tushayapti.
-Nomoz oʻqimay qoʻydik, farzimizni bajarmasdan xudodan yaxshi kun soʻraymizmi?
Mullalardayam yurak yoʻq. Azim barlos qamalgandan beri eshonlar ham choʻchib qoldi.
Ulargayam jon shirin.
-Muxtor guppini aytishicha, Azim mulla oʻshagʻdayam namoz oʻqiyveribdi. Bu ishi shoʻroga
yoqmay, otib tashlabdi.
-Shoʻro deganlariyam yomon odam ekan-da. Oyogʻi olti, qoʻli yettimikan. Hamma joyda aylanib
yuradimi, deyman. Axir Shoyirniyam shoʻro opketgandi. Uniyam otib tashlashdimikan?
-Kallavaram, shoʻro odam emas, davlat.
-Davlat kim, uyam odam emasmi? Unda dardsiz, yuraksiz temir ekan-da. Undan rahm-shafqat
soʻrab boʻlmaydi.
-Davlat bu Moyli oʻpir. Oʻz ogʻzidan eshitgandim. Davlat ham oʻzim, qonun ham oʻzim,
hukumating ham men, dodingni xudoga ayt, -deganini.
-Demak, Oʻpir bilan shoʻroning tili bir.
-Qochey, shoʻro Oʻpirdi taniydimi, yoʻqmi? Ogʻzimizga talqon solib, doʻmbiramizni sindirishini
tamosho qildik. Shoyirni ketidan koʻz yosh qilishdan boshqasiga yaramadik. Nurman chavandoz
otidan ayrilib, aqldan ozdi. Uniyam tamosha qildik. Endi Olloh ham tamoshangni bir koʻray,
degan boʻlsa kerak-da, bizlarga.
-Shayman polvongayam besh ketmadim. Oyoqosti boʻlib yashash polvonlar avlodiga isnod-ku.
U boʻlsa, oʻz jonini opqochib Urgut tomonlardan vatan qilibdi.
-Uniyam bir oʻylagani bordir. Xudoga solgandir.
-Xudoga solganmish. Toʻqqiz yildan beri Oʻpirdi murtini bolta kesmadi-ku.
-Qul oʻlmay, rizqi kamimas, deyishadi. Oʻlmasak koʻraveramiz. Zamon shundayki, hozir
ogʻzingdan chiqqan gap uchun ertalab qoʻlingni orqangga qilib olib ketishlari mumkin.
Oʻylabroq gapiring. Devordiyam qulogʻi bor.
Suhbatdoshlar hushyor tortgandek toʻxtab, bir-birining yuziga tusmollab tikildi. Goʻyo oramizda
kim gap tashuvchi, degandek.
Suhbatga qoʻshilmay, bir oyogʻini daraxt tanasiga qoʻyib, orqasi bilan suyanib turgan Parda
puchakka nigohlar toʻxtab qoldi. U esa ingichka iyagini silab, mavzuni boshqa yoqqa burdi:
-Bu fashist deganlarini oʻrmalab yuradigan mashinasi bor ekanmi? Temir qalpoqlaridan oʻq
oʻtmasmish.
-Obbo. Qirq yil qirgʻin kelsa ajali yetgan oʻladi. Boshga tushganini koʻraveramiz-da.
Bu gaplar ularni urush vahimasidan chalgʻitolmadi. Bir oy ichida Qoʻshtepaning baquvvat
yigitlari xayr-xushlashib, kulcha nonni tishlashib, urushga ketdilar. Gʻoʻza yaganaga kelganda
nimjon, zich joylashganlari yulib tashlanadi. Urushdan esa nimjonlar, keksalar va bolalar, xotinxalajlar chetda qoldi. Biroq, ularga ham oson boʻlmasligi ayon edi. Hamqishloqlarini joʻnatib,
endi nafas rostlayman, deb turgan Moyli oʻpirga ham qogʻoz keldi. Bir pasda qirq boʻgʻini
boʻshashib, tizzalari titrab, bukilib-bukilib ketdi. “Bari Jonuzoqning ishi. Qarchigʻay ketganiga
toʻqqiz yil boʻliptiki, Xushroʻyni qoʻlga kiritolmadi. Ammasiyam jiyanidan oʻtarkan. Jonuzoq
uni xilvatga tortib, chap qulogʻidagi litubasini sindirishdan boshqasiga yaramadi. Evaziga esa
Ogʻzidan suvi oqqancha qolaverdi. Halimdek egiladigan boʻlmasa,menda nima ayb. Alamini
mendan oldi” . U qoʻlidagi bir parcha qogʻozni silkitib, yosh boladek boʻzlab, keksa otasi tomon
chopdi.
-Ota, maqsadingiz mendan qutulishmidi, ana qutuldingiz. Meniyam urushga olishibdi, Jonuzoq
sotdi meni. Ana, bir yaxshilik qilganim Jonuzoq edi, boplab javob qaytardi, -dedi u yigʻlamsirab,
chiyildoq tovushda.
Muxtor guppi bir qalqib ketdi. Boshi aylandi. Lablarining atrofi qumursqa yurgandek vijirlab
qoldi. Koʻngli aynib, oʻqchib-oʻqchib peshayvon ustuniga suyanib, soʻng asta oʻtirdi.
-Uyim-joyim, bola-chaqam nima boʻladi, ota?
Muxtor guppi oʻzidan oʻtganini oʻzi bilsa-da, oʻgʻliga oʻshqirdi:
-Hey padarlaʼnat, koʻpga kelgan toʻy. Boshqalar oʻgʻil oʻstirdi-yu, men xotinchalish, qoʻymijoz,
qoʻrqoq oʻstirdimmi-a? Yaqinda bir suruv qoʻydek, miq etmay qishlogʻdi gala-gala bachchasi
urushga ketdi. Shodmon juvozchining toʻrt oʻgʻli ketdi. Tikka yuribdi-ku. Ogʻirning ostidan,
yengilning ustidan yurishga oʻrganding, mazasini olding. O, bolam, hayot bir zayl ketmaydi.
Yoki seni shoxing bormi? Shoxing boʻlsa, NKVD dagi haybarakallachilaringga koʻrsat. Olib
qolisharmikan? Otaning bu iddaoli gapida biroz umid, ilinj ham borligi sezilib turardi. Bir nafas
olib, yutinib, chol yana gapida davom etdi.
-Men jon olib, jon bergan odamman. Bolaligimdan beri istamasam-da, urushdan boshim
chiqmayapti. Baʼzan oʻlib ketgan boʻyinsalarimni eslab, oʻyga botaman. Urush kimga kerak
ekan? Qaysi tomon haqligini bilmay urushish alamli-da. Toʻgʻri keldi, yosh buxorochilarga
qarshi amir qoʻshinida turib kurashdim. Toʻgʻri keldi, qizillar bilan bir safda boʻldim. Ammo
nima uchun odamlar bir-birini oʻldirishayotganini tushunmadim. Mahmud oshna “Tuprogʻingga
begona bostirib kirsa, ularga qarshi kurashib, odam oʻldirsang gunoh emas. Moʻmin moʻminga
tigʻ koʻtarsa, unda gunoh yoziladi”, deguvchi edi. Nemis ham begona joylarda boʻlsayam,
bostirib kiribdimi, uni oʻldirish gunoh boʻlmasa kerak.
-Ota, meni oʻldirsa-chi? Gunohmi, yoʻqmi?
-Pushtikamarimdan bino boʻlmaganingda seni oʻldirgan savobga qoladi, degan boʻlardim.
Ammo ichimdan chiqqan ilonsan. Seni boshqacha tasavvur qilolmasdim. Goʻyo odam bolasi
ermak uchun yaratilgandek tuyularkan. Kimdir ikkiga boʻlib urush-urush oʻynatayotgandek.
Oʻsha yosh bolaning zavqi uchun oʻynagan oʻyinidan farqi yoʻq. Oddiy odamlarning shoʻri bu
urush.
-Mana, bizam ketib borayapmiz-ku. Yangogʻi aytganimdek.
-Base, tfu, kimsan, oddiy odam bolasisan-da, senam. Muxtor guppini oʻgʻlisan. Nodon bola. Seni
xalqingdan ayrilib turganing boyagi gaping bilan, nimaydi. Yigʻishtir bu gapingni ,elga kulgi
boʻlasan. Hatto, yosh bolalar ham mazax qilayapti ortingdan.
-Ota, maylisdi gapi-da, nu chto?
-Endi urichchalama. Tilingni bulgʻama. Til bilish yaxshi. Elga qayish, bolam. Oʻlmay urushdan
kelsang, elingni de. Qargʻish olma. Otang omi bir jangchi boʻlsayam, koʻpti koʻrdi. Hovlingda
begona erkak taltayib, emin-erkin soʻramasdan yursa, rashking keladi, shundaymi? Ahli
ayolingni qizgʻanasan. Mana bu oyoqostidagi tuproq bizdi xalqimizniki. Bungayam birovlar
erkin yursa, boz ustiga seni qoʻling bilan elni zorillatsa yarashmaydi. Shu uchun oʻzgalarga
yoqaman, deb oʻzingnikini qiynama. Qarchigʻay bolalari bilan boʻtadek boʻzlab ketgandan beri
meni tomogʻimdan suv ham minnat bilan oʻtadi.
Hademay yaxshi zamon kelayapti, deganlari choʻpchak ekan-da. Boʻlar ish boʻldi. Yigʻlab
zaifalarni, nevaralarni qoʻrqitma. Erkakka oʻxsha, deyman-ku. He, padari qusur shulqillama.
Qarchigʻay oshnangni xonumonini kuydirib, uyi bilan surgun qildirganingda...
-Ota, yana oʻsha eski gappi? Shunday paytda-ya!
-Eshit, u yigʻlamay, sixtamay tomga chiqib qoʻshiq aytgandi-ya. Mahmud oshna haqiqiy erkakni
tarbiyalagan ekan. Sen-chi? Koʻz yoshi qilish ayollarga yarashadi. Hu, Gitler boʻlmay
kekirdaging uzilsin.
-Ota, urushda nima ish qilsam, oʻqqa uchmayman, ayting?
-Oʻshagʻlardayam moʻltonilik qilib, kun koʻrmoqchimisan? Oyogʻingni mahkamla. Biz oʻz
tuprogʻimizda urishgandik. U tomonlar sovuq deyishadi. Oshnangni qizidan xat kepti.
Qarchigʻaydi ikki bolasi sovuqda novud boʻganmish. Urugʻingni quritaman, deganmiding.
Niyatingga yetibsan. Nega baqrayasan? Rost aytayapman. Endi koʻngling yorishgandir. Seni
dushmaning yeringni oyoq osti qilganlarmas, oʻz yaqinlaring-a.
-Qachon gaplashsak, shu suxtasi sovuq Shoyirdi eslaysiz. Uyam menga oʻtkazgan. Jonimni
xalqumimga ketirgan.
-Oshnang ham urushga ketganmish, -dedi chol hassasiga qoʻllarini juftlab suyanib, qovushgan
panjalari ustidan iyagini tirab hazin tovushda. -Agar togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, odam odam
bilan uchrashadi, deganlari rost boʻlsa, seni koʻrib qolsa, peshonangdan otadi. Men urushga
borayotganingdan emas, ichingdagi dushmanlaringga yoʻliqishingdan qoʻrqayapman.
Hamqishloqlaring ham seni begona joyda koʻrsa, oʻldirmasdan qoʻymaydi. Koʻp sitam
oʻtkazding. Seni dunyoga keltirganim uchun oʻlsam , janozamga kelishmaydi, deb qoʻrqib
yuruvdim. Endi esa yot ellarda dushmaning koʻp boʻlishini oʻylab, xavotirga tushyapman.
-Bas ota, koʻz yoshi qilib oʻtirmaylik. Yoʻlini topishim kerak. Meni til bilganim uchun
joʻnatishayapti. Urushdayam boshqaruvchilar kerak, amaldorlar boʻladi. Siz esa yangogʻi
aytganimizdek, tfu, yana shu soʻz - bola-baqraga hushyor boʻling. Agar urushga borsamu
,oʻlmay kelsam, ana obroʻ, ana omad. Aytgan-cha, Turdixol qanday ekan? Har qalay begona
emasdi.
-Turdixol shoʻrmanna bir yilga bormay jon bergan ekan. Oshnang boshqaga uylanibdi. Huv
oʻzimizdi Kesh tomonlardan, kenagaslardan ekan.
-Gunohiga qolibman-da, -dedi oʻpir biroz oʻylanib.
-Ibi, sendayam vijdon bor ekanmi? Senam xudodan qoʻrqasanmi?
-Ilonning bolasi ilon, chayonning bolasi chayon, deganlar. Bolalari bilan ishim yoʻq. Turdixol
aybsiz edi. Yangogʻi aytganimizdek, Jazdon oʻlgandan keyin oʻsha qargʻish tekkan roʻzgʻordan
chiqib ketishi kerak edi. U boʻlsa akasi oʻlsa, ukasiga tegib oʻtiribdi.
-Maylisda ishlatadigan yangogʻingni qoʻyib gapir, otang bilan gaplashayapsan. Sulton suyagini
xoʻrlamas, deyishadi. Udum shunaqa. Mahmud oshnaning bolalariyam oʻziga oʻxshagan oriyatli.
-Oriyat-poriyatti bilmayman, ota. Menga bir gap boʻlsa, Xosiyatti ukamga berib yurmang.
Goʻrimda tikka turaman.
Ota yuzini teskari qaratdi. Beliga bogʻlangan noskadisini olib, boʻgʻzidagi ipni sekin aylantirib
yechib, soʻng titroq kaftlarini katta ochib, bir chimdim nos qoʻydi. Nosni ogʻziga otib, loʻnjini
shishirib, koʻzini yumdi.
-Shen bola, -deb gap boshladi u ogʻzidagi nosni tushirib yubormaslik uchun lablarini “pilchpilch” qilib juftlab. -Koʻp xato qilding, koʻpti umriga shomin boʻlling. Kim qilmagay, kim
topmagay, deydilar. Hmm. Shen ham topashan. Otangni odam oʻnniga koʻrmading. Boshing
toshdan boʻshinu,ashli sheni bolaligingda rosha kaltaklasham boʻlaykan.
-Nosti tuflab gapiring, boboy. Ettalab olib ketishadi. Yaxshi gaplardan gapiring. Agar urushda
sizdi eslasam, birorta tuzuk gapingiz topilmasa kerak? Nuqul dashnom berasiz.
Chol yon tarafiga nosni tuflab, oftobadagi suvga ogʻzini chaydi. Oʻrnidan turishga majoli
yetmadimi, bir oyogʻini yerga, bir oyogʻini katta tosh ustiga qoʻyib, boshi qotib turgan oʻgʻlini
chaqirdi.
-Turgʻizib qoʻy.
-Rangi-qutingiz uchib ketibdi-ku. Bir qarasam, koʻrarga koʻzingiz yoʻqdek tuyuladi, bir qarasam,
buvin-buviningiz boʻshashadi.
-Senam otasan. Farzandingni yaxshi-yomon, deb kecholasanmi? Aybiniyam bilasan. Bola shirin,
shunga darding ichingda qoluviradi. Uni ayblash, oʻzingni ayblashday gap. Bolam, sen ketsang
nima qilaman, kimni koyiyman? Jonim bugun chiqib qoʻya qolsaydi. Oʻzing tepkilab koʻmib
ketarding.
-Odamlar bir qarich kapanga zor boʻlib, oʻlib ketayapti. Siz oʻz qishlogʻingizdasiz. Joningiz
chiqqandan keyin oborib koʻmishga majbur. Hozir oʻlik-tirigining daragi yoʻq qancha. Otib
tashlanganlarniyam spiskasi bor. Aytilmaydi, xolos. Urushdan qaytib kelsam, mozoringizga zoʻr
maqbara qurdiraman. Hamma Moylini otasi, deb tavop qilishga keladigan boʻladi. -U oʻz gapi
nashʼa qilib, hiqqilab rosa kuldi.
Ota-bola hech qachon jiddiy yurakdan suhbatlashmagan. Kinoya, kesatiq bir-birini yerga urish
odat tusiga aylangan. Boshqacha suhbatni ikkalasi ham hazm qilolmaydi. Biroq, oʻgʻliga suyanib
ketayotgan ota xomush va tushkun kayfiyatda edi.
-Urushda oʻrtada yurgan yaxshimi, chekkada, ota?
Shu tarzdagi suhbat otaning toʻshagigacha toʻxtamadi. Oʻpir rostdan otasining ahvoli
yomonlashganini koʻrib, xavotirga tushdi. Hozir doʻxtir chaqiraman, oʻlmay turing, ota, deb otga
minib chiqib ketdi. Cholning qon bosimi koʻtarilib ketgan ekan. Mansur tabib yon hovlida tursada, Oʻpir otni toʻxtatmadi. Bir-ikkita oyatlarni oʻqib, barmoqlarini oʻqalab, birorta giyoh ichirib,
ahvolni yaxshilash uning qoʻlidan keladi. Ammo Oʻpir shoshilganda ham eskicha fikrlashni
istamaydi. Uning uzun toʻni oʻrnini charm kamzul egallaganiga ancha boʻldi. U birozdan soʻng
noʻgʻay ayol doʻxtirni topib keldi.
-Ani boboy ,davosi bitta ukol. Nerv qilma, tusundingmi? Ay, bu urush xem oʻtib keta. Qaytanga
ayallaring kamroq tugʻa. Bu oʻzbakning ayalini joni sabilmi, buncha koʻp tugʻaveradi.
-Otamni toʻlgʻoq dardi tutgani yoʻq, opa! -dedi Moyli oʻpir sal xavotiri chekingach, oʻrindiqqa
oyoq chalishtirib oʻtirarkan. Bu bilan hali qishloqda boshqalar stol-stul ishlatmasligini, uy
jihozlari zamonaviy ekanligini bildirgandek baroq qoshlarini bir koʻtarib, tushirib qoʻydi.
-Bilyam, rais, bilyam. Man ayollar haqinda gapirdim. Hali bu yerlara bannisa quramiz. Amonamon zamonlar kela. Nemislarni dodini beramiz. Ana, davlena normallashdi. Ay, mani
ayaqlarim-a. Kasal koʻp. Doʻxtir kam, qizlarni oʻqitish kerek.Hamshiralar kerek. Ay, siza
amonliq.
Ayolni aravaga mindirib yuborgan Oʻpir yana otasining qarshisidagi movut koʻrpachaga tiz
choʻkdi. Uydagilar sarosimada edi
-Otasi, yoʻgʻ demang, Olloyor soʻpinimi, Mansur tabibnimi chaqirib, otangizni bir “kuf-suf”
qilib oʻqitaylik. Yoki Ashirbuvi momoni opkep qoqtiramizmi? Bu doʻxtiringizni emi nima
boʻlaydi.
-Oʻch, xotin, oʻch. Hozir tarsakiminan bir qoʻyaman. Ogʻzi-burning qonga toʻladi, tovuqmiya.
Oʻpir qoʻllarini paxsa qilib Xosiyatga oʻshqirdi.
-Ha, jiyda-piydani tagidan oʻtmadingizmi, nima dedimki urasiz? Oʻlmasa oʻranlab ketsin.
-Ov, zaifa, men ertaga urushga ketayappan. Otamni choʻzilib yotishi ortiqcha. Seni diydiyong
voopshe lishni.
Ayol “hung-hung” yigʻlab chiqib ketdi. Shovqindan sekin koʻzini ochgan ota oʻgʻliga dakki
berdi:
-Qattiq gapirma, yetimning koʻngli yarim boʻladi.
Birozdan soʻng ayol eshikni yarim ochib soʻradi:
-Bitta-ikkita odam aytamizmi? Sizam elli ichiga non tishlab ketasizmi yoki eskicha deb gap
tegami?
Moyli oʻpir jim qoldi. Mijjalari yoshga toʻldi.
-Odamlarga aytmanglar. Ammo non tishlab ketaman. Rizqim shu joyda. Tugun taxla. Nonqoq
sol. Talqon tuy. Tez boʻl. Bolalarga aytma. Tinchgina uxlab olishsin. Ertalab xayr-xush
qilaveraman.
Ayolning ogʻzida gap turmadi. Bolalar ham, qoʻshnilar ham eshitib, ertalabgacha butun
qishloqqa yoyildi. Choshgohda qari-qartang, bola-baqra toʻplandi.
-Endi hollaringga maymunlar yigʻlaydi, koʻramiz hali, dedi Moyli yigʻilganlarga. Topgan gapi
shu boʻldi. Pana-pastqamda jon saqlayman, deb oʻylagan Moyli oʻpir ham tugunini tugib,
urushga joʻnab ketdi. Shu paytgacha unga til bilgani qoʻl kelgan boʻlsa, bu safar pand berdi.
Tilmochlar juda kerak, deb uni ham el qatori joʻnatishdi.
Yarim-yalangʻoch tomoshabin boʻlib turgan bolalarga alamzada ayollardan biri Moyli oʻpirning
orqasidan kesak otinglar. Qaytmasin, deb buyurdi. Olloyor soʻfi uni koyidi.
-Qoʻy bu gaplarni, Hayitgul, uyam yaxshimi-yomonmi shu qishloqdi bolasi. Oy borib, omon
kelsin.
Hassasiga suyanib, zoʻrgʻa tik turgan Muxtor guppi unga minnatdor koʻzlarini tikib,
tasdiqlagandek bosh irgʻadi. Oʻsha kesak otgan bolalardan biri Norqizil muallim edi. Shu boismi,
gap urush yillari haqida borayotganda ogʻir kunlar asorati uning koʻzidan bir tomchi yosh boʻlib,
ajin bosgan yuziga tushdi va yoyilib ketdi...
***
...Kechagina yoqqan kuz yomgʻiridan bukkan daraxtlar ogʻirlashgan shoxlarini koʻtarolmay,
junjikib turibdi. Qayin daraxtiga uzun arqon bilan bogʻlangan targʻil sigir soyada oʻsgan nimjon
oʻtlarni chimdib yuribdi. Har surilganda tuyoqlari loyga botib qoladi. Bir necha daqiqalardan
soʻng uning sohibasi xabar olgani keldi. Atrofga qarab sigirini topolmay, bir oz karaxt holda
turib qoldi. Boshiga oʻragan tivit roʻmoli koʻzlarigacha tushib turgani boismi, yoki qurquvdanmi
yechib oldi. Uning kalta, siyrak,mallatob sochlari yetmishlarni qoralab qolganligini, oqish yuzida
aniq-tiniq koʻrinib qolgan, boʻyni, yelkalarigacha yoyilib kelgan qizgʻish sepkillari, koʻk koʻzlari
rus millatiga mansubligini bildirib turardi. U kuchli shamolda sinib ketgan qari emanning ustiga
oʻtirib qoldi. Toʻrt tomonga jovdirab sigirning loyga botgan tuyoqlari iziga termildi. Kampirning
boʻshashib ketganligi, parishon ahvolidan sigir uning yagona tirikchiligiga yarab turgan jonligʻi
ekanligi sezilib turardi. Birozdan soʻng oʻrmonni qorongʻulik qaʼriga tortadi. Sigirning arqoni
yechilib ketgan taqdirda ham qorongʻu tushguncha topilmasa, kechasi yirtqichlarga yem boʻlishi
turgan gap edi. Oʻgʻri olib ketgan boʻlsa, izlashning foydasi yoʻq. Hozir odamlar shunchalik
ochki, bir-birini yeyishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib turgandek. Sovuq tushdimi, ahvol bundan-da
beshbattar boʻladi. U kimdandir yordam soʻrash maqsadida oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Kimsasiz
oʻrmonda kim ham boʻlishi mumkin? Umidsiz, karaxt holda yana qayta oʻtirdi. Keksalikdanmi
yoki vazni ogʻirligidanmi, uning pishillab nafas olishi eshitilib turardi. Qorongʻulik oʻrmonda tez
yoyiladi. Kampir atrofga olazarak qarab, bir necha soniyani oʻtkazdi. Shu payt osmondan
tushgandek roʻparasida qop-qora sochlari koʻzigacha tushgan 10-12 yoshlardagi kir-chir, yupqa
ust-boshdagi, sovqotganidan titrayotgan qora qoshli bola paydo boʻldi:
-Buvijon, nimani izlayapsiz?
Kampir rus tilida biyron gapirayotgan oʻzga millat bolasiga hayron tikilib qoldi va sinovchan
nazar tashlab gap boshladi:
-Haligina sigirim shu yerda bogʻlangan edi. Oʻgʻri oldimi, ipi uzildimi, bilmadim,bu yerlarga
odam bolasi kamdan-kam uchraydi. Nimsa boʻldiykan? -dedi kampir atrofga jovdirab.
-Agar sigiringizni topib kelsam, menga non berasizmi?
Koʻpni koʻrgan kampir darhol gap nimadaligini tushundi va bosh irgʻadi:
- Non ham, sut ham beraman, -dedi u mijjalarida qalqqan yoshni artib. Bola qanday paydo
boʻlgan boʻlsa, shunday tez gʻoyib boʻldi. Oʻn daqiqalardan soʻng sigirni yetaklab keldi. Kampir
uni erkalab, sochlarini silab qoʻydi. Ikkovlon yoʻlma-yoʻl gurunglashib borishdi. Molni ogʻilga
olib kirib, soʻng birgalikda toʻkilaman, deb turgan yogʻoch uyga kirishdi. Qoʻldan yasalgan
yogʻoch stol- stul, yonib turgan pech, taxta oʻrindiq bolaning koʻziga uyni shinam qilib koʻrsatdi.
Sovuqdan koʻkarib ketgan bola jannatga tushib qolgandek pechning yonida oʻtirdi. Sovuq kunlar
hali oldinda boʻlsa-da uch kundan beri biror narsa totinmagan bola ochlikdan sovqotgan edi.
Kampir biroz tashqarida kuymalanib yurdi. Soʻng hozirgina sogʻib olgan sutni pishirdi. Xonaga
sutning yoqimli hidi anqidi.Kampir qoramtir temir kosani yarim qilib, unga issiqqina sut uzatdi.
Stol ustida turgan bir dona, qop-qora buxankaning yarmini kesib berdi. Yarimta non va boz
ustiga otliqqa yoʻq sut bola uchun shohona ovqat edi. Bolaning qora koʻzlariga quvonch yugurdi.
“Oʻzing uchun oʻl yetim” zamonda qilgan ayyorligidan oʻzicha xursand edi. Nima boʻlibdi,
kampirning sigirini oʻgʻirladi, yana topib berdi. Bu axir uning ikki kundan buyon tuzgan yagona
rejasi edi. Yana oʻlmay qoldi-ku. Kampir sezsa, uni uyiga boshlab kelib, qoʻni-qoʻshnisiga
kaltaklatardi. U kampirga shirin va iltijoli tabassum hadya etib, ikkinchi yarmini ham olmoqchi
boʻldi. Kampir bolani non ushlagan qoʻllariga beozorgina urdi. Soʻng dasturxonni yigʻib, narigi
xonaga oʻtib ketdi. Qaytganida bolakay pishillab uxlab yotardi. Ertalab kampir uni choʻmiltirdi.
Urushga ketgan oʻgʻlining eski-tuski kiyimlarini olib, biroz hidlab oʻtirdi. Soʻng sal kiyimlar
keng boʻlsa-da, bolani kiyintirdi. Nonning qolgan boʻlagini sut bilan oldiga qoʻydi. Oʻzi esa bir
stakan sut ichib qoʻya qoldi. Tiniqib uxlagan, qorin gʻamidan bir kun boʻlsa-da qutulgan, ichiga
issiq kirgan, yuvinib-tarangan bola endi irkit oʻrdakchadek hurpayib turmas, yoqimtoy chehrasi
ochilgan, koʻzlari chaqnab, harakatlari ildamlashgan edi. Kampir uning qoʻllaridan mahkam
ushlab, hansiragancha, lapanglab, poyi-piyoda katta yoʻldan qayoqqadir boshladi. Bolaning
koʻngliga xavotir tushdi. Molini oʻgʻirlaganini sezib qoldimikan? Sal narida joylashgan militsiya
boʻlimiga topshirarmikan? Yoʻq, ular u yerdan oʻtib ketishdi. Bolaning qoʻrquvdan rangi oqarib
ketganini kampir sezmadiyam. Ular yarim soatlardan soʻng uzun qilib qurilgan oq binoga yetib
kelishdi. Bino hovlisida bolalar oʻynab yurardi. Baʼzilari xomush, baʼzilari erinibgina taxta
oʻrindiqqa oʻtirib olishgan. Hafsalasiz, norozi qiyofada suhbatlashib oʻtirardi. Ular bolani sovuq
nazarlari bilan yoʻlakkacha kuzatib qoʻyishdi. Kampir yoʻlakdagi xonalardan biriga bosh suqib,
mudiraning xonasi qayerdaligini soʻradi. Nihoyat ular bitta stol va bittagina stul koʻyilgan
xonaga kirishdi. Boʻyi uzun, ovozi erkaklarnikidek dagʻal, oq-sariqdan kelgan, koʻzlarida qahr
aralash qatʼiyat baralla koʻrinib turgan qirq yoshlardagi ayol kampirga oʻsha stulni koʻrsatdi va
oʻzi usti charm bilan qoplangan kreslosiga choʻkdi. Kampir oʻzini Yevdokiya Sedorovna deb
tanishtirdi. Soʻng oʻrmonda yolgʻiz daydib yurgan, ochlikdan madori qolmagan, hech kimi yoʻq,
otasi frontga ketgan bolani qabul qilishini iltimos qildi.
-Isming nima? Bu savolga bola dabdurustdan javob bera olmay qoldi.
-Kel... Kostya Mahmudov, Karchigayevich.
Ayol uni Konstantin Mametov Karabayevich deb daftarga yozib qoʻydi.
Kampir bola bilan xayrlashayotib, endi zinhor oʻgʻirlik qilmasligini tayinlab, sekingina koyib
qoʻydi. Bolaning ikki beti lov-lov qizardi. Kechadan buyon kampirni boplab laqqilatdim, deb
oʻylaganidan uyalib ketdi. Kampirning ortidan ancha vaqt qarab qoldi. Bilib turib, bilmaslikka
olibdi. Endi oʻgʻirlik qilmasligim kerak, deya xijolat bilan ichkariga kirdi.
Otasi Sevash daryosi orqali bir guruh erkaklar bilan urushga ketganiga bir yildan oshdi. Tizza
boʻyi qor yoqqan, qish kunlari juda uzun tuyuladi. U tarbiyachilarning koʻzini shamgʻalat qilib,
har kuni otasini qaytishini kutib, u ketgan yoʻllarda izgʻiydi. Goʻyo dabdurustdan kelib
qoladigandek yoʻl qarab, koʻzlari ogʻrib ketadi. Ikki oydirki, uyiga ham bormay qoʻydi... Oʻsha
kun bolalar bilan qabriston yonida oʻynayotganda Sarmonbay ismli qozoq bola uni qabristonga
olib kirdi.“Bu seni onangni qabri, bunisi opang va akangniki. Otang doim shu yerga kelib
yigʻlardi. Mana bunisi mening otamniki. Men endi bu mozordan uzoqqa ketmayman. Tikanlar
oʻsib, otamga azob beradi,-dedi va otasining qabri ustidagi oʻtlarni yula boshladi. Keldiyor
Sarmonboyning harakatlarini kuzatib turdi. Soʻng qabristondan birov quvgandek qochib chiqdi.
Shuncha tez chopsa ham qadami oʻnmas, oyoqlari ortga ketgandek tuyulardi unga. U shu
chopishda uyiga kelib, qoʻshnisi bilan tik turib gurunglashayotgan onasining tizzalaridan
quchoqlab oldi. Qalt-qalt titraganidan tili gapga qovushmasdi.
-Siz mening onamsiza, oʻlmagansiza?
-Ha, onangman, mana, soppa-sogʻ turibman. Senga nima boʻldi?
-Unda qabristondagi ayol ham mening onammi? Akam, opam ham oʻlganmi? Katta akam
urushda...U javob ham kutib turmay, yugurib ketdi. Xonimoy ortidan ancha chopib keldi, ammo
bolaga yetib boʻlmasdi.
Onasi oʻgayligini bilgach, uni uydan koʻngli sovudi. Shundan beri duch kelgan joyda tunab,
kunni daryo boʻyida oʻtkazardi. Ochiqqanida suvli daraxtlarni, oʻt-oʻlanlarni shimib, daraxt
shiralarini yegan paytlari ham boʻldi. “Bolalar uyi”da u negadir oʻzini qafasdagi qushdek his
qildi. Ammo bu yerda ochidan oʻlmasligini oʻylab, yana bolalar uyi tomonga yurdi. Ular orasida
oʻzi avvaldan tanigan har-xil millatga mansub bolalar ham bor edi. Turli millat bolalari uchun
rus tili yagona til boʻlib qolgandi.
Bir hafta bolalar uyidagi tartib-intizomga rioya qildi. Keyin xayolidan otam urushdan qaytsa-yu,
meni uydan topolmasa-chi, degan oʻy oʻtdi. Ertalabki nonushtadan soʻng yana qochdi...
Huv, ana oʻsha koʻprikdan bir guruh erkaklar ot minib ketgandi. Otasini ot ustidan egilib uni
oʻpgani yodiga tushib, koʻzlariga yosh qalqdi. Sevash daryosining salqin epkinida uning
xayollari boʻlindi. Yuzidan oqqan koʻz yoshlarni ikki qoʻli bilan artib, daryoga tosh otmoqchi
boʻldi. Bir payt daryo chekkasida baliqlar uyilib yotgan chuqur girdobga koʻzi tushdi. Bolaning
koʻzi quvonchdan porlab ketdi. Axir ovqat tanqis paytda,boz ustiga tizza boʻy qor yogʻib turgan
qish chillasida bu katta boylik degani edi. Darhol ortiga yugurib, uni koyishga shaylangan
tarbiyachi opalariga aytdi. Xodimlar erkak-ayol aralash guruh tuzib, baliq tutish uchun katta toʻr
topishib, daryo tomon hovliqib yugurishdi. Ularning avzoyini koʻrgan kishi daryoga kimdir
choʻkibdi-da, deb oʻylashlari mumkin edi. Shu kuni “Bolalar uyi”da bayram boʻldi. Baliqxoʻrlik
hammani kayfiyatini koʻtarib yubordi. Mudira uning yuzlaridan oʻpdi. Tarbiyachilar uni
xaloskordek erkalashar, unga yovqarash qilib yurgan bodi bolalar ham yumshab qolgan edi. Bola
bir gal daryo boʻyiga emas, uyiga bordi. Xonimoy oʻtirgan yeridan ilkis turib, goʻyo qochib
ketadigandek uni boshini ushlab, bagʻriga tortdi:
-Keldiyor, bormisan, bolam! Nima gunohim bor ediki, meni oʻtga tashlading? Uydan ilon
chiqqandek nega qochib ketding? Otang lop etib kelib qolsalar, nima deyman? Yolgʻiz oʻgʻlimni
tiriklay goʻrga tiqdingmi, demaydilarmi? Opangni rang-u roʻyiga qaragin. Yigʻlayverib,
yuragimni qon qilib tashladi. Bu shoʻr qismat peshonamizga yozilgan boʻlsa, nima ham
qoʻlimizdan kelardi. Ayol gapira-gapira qaynatilgan uch-toʻrtta kartoshkani uni oldiga qoʻydi.
Keldiyor kartoshkani bir boʻlagini boʻlib yemoqchi boʻldi. Ammo tomogʻiga tiqilgandek
yutinishi qiyin boʻldi. Yaqin-yaqingacha onasiga erkalanardi. Hatto, singlisidan qizgʻonardi.
Endi yoniga borishga ham haddi sigʻmay, xoʻmrayib oʻtiribdi. Onasi aytgan gaplarni koʻpini
tushunmadi. Unga oʻzbek tilida gapirgandan koʻra, rus tilida gapirish osonroq edi. Otasi kelsa,
qoʻrgʻondagi “Bolalar uyi”dan izlashi kerakligini, Keldiyor deb emas, Kostya, Konstantin
Mamedov boʻlib roʻyxatga yozilganini aytib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
Oʻn yil ichida bu oʻrmon ham katta qishloqdan-da kengayib ketgandi. Qaragʻay shoyir oilasi
bilan keltirilgan yillarga nisbatan juda oʻzgarib ketgan. Poyezd bu orada necha bor kelib-ketdi.
Surgun qilingan oʻzbeklar soni ham koʻpaygandan-koʻpaydi. Toʻgʻri, ular siyosiy mahbuslardek
qiynoqqa solinmasa-da, oʻz yurtiga qaytishiga izn yoʻq edi. Qoʻl kuchi bu sovuq oʻrmonlarda
yetishmas, tayyor va arzon ishchi kuchidan foydalanish asl maqsad edi. Urush boshlangandan
buyon poyezdlar qatnovi toʻxtadi. Urush boʻlayotgan shaharlardagi ayollar va bolalarni
Oʻzbekistonga evakuatsiya qilinayotganini qoʻrgʻondagilar eshitishar, hatto oʻsha nemis
deganlari bu tomonlarga ham yaqinlashishini, shunda yurtga qaytish ehtimoli boʻlishini orzu
qiladiganlar ham bor edi. Oziq-ovqat taʼminoti kundan-kunga yomonlashar, ayniqsa, qish kunlari
oʻzlari yetishtirayotgan kartoshka, piyozdan boshqa narsa topisholmasdi. Soqchilar safi ham
keskin kamaytirilgani bois nazorat ancha boʻshashgan, erkaklarni qoʻlidan ish keladiganining
bari urushga olib ketilgan edi. Asosan ayollar va bolalar, qariyalar qolgan bu oʻrmon sahnidan
qochish haqida hech kim oʻylamay qoʻygandi. Faqat yuraklarning tub-tubida misoli bir shamdek
lip-lip etib yonib turgan umid bor ediki, bir kun, albatta, oʻz vatanlariga qaytishadi. Ogʻir mehnat
va sogʻinch hissi, adl qadlarni bukkan, boz ustiga sovuq iqlim tufayli qancha-qancha odamlar
oʻlib ketishgan. Bu ham yetmaganday , frontdan qoraxatlar ham kelib turibdi.
- Zamoniga oʻt tushsin, deya Xonimoy Keldiyorning yoʻlini toʻsdi.
-Otangdan kelgan xatlarni oʻqimaysanmi?
Bolaning koʻzlarida oʻt chaqnagandek boʻldi. Onasi nimchasining choʻntagidan chiqargan xatni
hovliqib qoʻliga oldi. Ammo xatni oʻqiyolmadi. Koʻnglining tub-tubida yigʻi aralash kuy
oqqandek boʻldi. Goʻyo u doʻmbira ovoziga oʻxshardi. U kattakon mixga osilib turgan, hech kim
qoʻlga olmaganidan gʻilofining rangi koʻrinmay ketgan doʻmbiraga tikildi. Negadir qoʻliga olib
chalgisi, shu orqali yuragida toʻplanayotgan tushuniksiz tuygʻularni chiqarib tashlagisi keldi.
Ammo boʻgʻziga nimadir tiqilgandek turaverdi. Yaxshisi, borib bolalar uyidagi gitarani chalgani
maʼqul. Xonimoy iztiroblari toʻlib-toshgan bolani olib qololmadi. Bolalar uyida joylashish
hammaga ham nasib etmayotganini, uni omadi chopganligini, endi otasi qaytguncha ochidan
oʻlmasligini oʻylab, oʻziga tasalli berdi. Keldiyor yoʻlning narigi tomonida joylashgan oʻzbek
mozoriga biroz qarab turdi. Maʼyus tuygʻularni uloqtirib tashlagandek qoʻrgʻon markazi tarafga
oyogʻini qoʻlga olib yugurib ketdi. Endi u onasi nega oʻlganini, otasi qachon urushdan qaytishini
oʻylamaslikka qaror qilgandi. Hatto, daryo boʻyiga borib, yoʻl qarashni ham yigʻishtirdi.
Oradan bir yil oʻtar-oʻtmas Xonimoyning yolgʻiz oʻgʻli Doliboy oyogʻidan yaralanib, qaytib
keldi. Qoʻltiqtayoqdagi bolasini koʻrib, ayol hungrab yigʻladi.
-Ayajon, shukur qilsangiz-chi, koʻp joʻralarim urush maydonida oʻlib ketdi. Ularning onalari qay
ahvolga tushadi?
-Urushning oti oʻchsin, bolam. Yana qanday qaro kunlar bor ekan boshimizda. Keldiyor
oʻgayligimni bilib, uydan koʻngli sovudi. Bir borib xabar ololmadim. Kelding, endi otasi
kelguncha oʻzing gʻamxoʻrlik qilasan, aldab-suldab songa solasan, -deya Xonimoy koʻz
yoshlarini artdi.
Oradan uch-toʻrt kun oʻtgach, Doliboy Keldiyorni yoʻqlab, bolalar uyiga bordi. Harbiy forma
kiygan, medallari yaraqlab turgan akasining kelishi Keldiyorning mung toʻla koʻzlarida umid
uchqunlarini yondirdi, qalbi gʻururga toʻlib, yon-atrofdagi bolalarga maqtanib qarab qoʻydi.
Ammo uyga qaytishga unamadi. Akasi xabarlashib turishini aytib, boshini siladi. Soʻng
yelkasiga bir qoʻlini tashlab, nasihat tarzida biroz koyigandek gap boshladi:
-Ayamdan qochib yurma. Meni boshimga tushgan savdolarni yarmini koʻrganing yoʻq. Otam
davlatga qarshi fitna uyushtirishda ayblanib, Magadanda otib tashlangan. Biz uni tirik, deb bu
joylarga kelib qoldik. Yoshi kattalar aralashib, ayamni dadangga olib berishdi. Men seni
yoshingda edim. Qanchalar ezilganimni bilsayding. Necha kun-tun yashirinib, yigʻlab yurdim.
Ham otamning otib tashlanganini eshitish, ham onamning erga tegishi... Boshga tushgan
muammolardan qochib yurmaslik kerak. Bu begona makonlarda qoʻlni-qoʻlga berib, ahil
boʻlganlar yutadi. Nasib etib, yurtga qaytsak, ayam men bilan Quchchiga ketadilar. Silar esa
Qoʻshtepaga. Ungacha sabrli boʻl, hayotda biz istamagan holatlar koʻp sodir boʻlarkan.
Oʻgay akasining gaplari Keldiyorning koʻnglida kechayotgan tumanli oʻylarni tarqatib yubordi.
Akasiga mehri toblanib, uni mahkam quchoqladi.
-Hozir non topish qiyin. Opam bilan singlimni qornini toʻygʻizsangiz ham katta gap. Men
dardisar boʻlmay. Otam qaytgandan keyin boraman, -dedi u kattalardek salmoq bilan.
Nemislar ortga chekinyapti, degan xabarni eshitganidan soʻng, u yana otasining kelishini kuta
boshladi. Daryo boʻyida yolgʻiz sanqib yurgan bolani 5-6 nafar bezorilik qilib yurgan oltoy va
qalmoq bolalar tutib olib, Ishim daryosiga balandlikdan itarib yuborishdi. Shifoxonada koʻzini
ochgan bola hamma tomoni bogʻlab tashlanganini, jismu tani ogʻriqdan qon qaqshayotganini his
qildi. Uning baxtiga oʻta tajribali va mehribon polyak shifokori yaqinda ishga kelgan ekan.
Badanidagi singan, chiqqan joylarning hisobi yoʻq edi. Shifokor unga tabassum bilan boqib, holahvolini soʻradi.“ Seni topish oson boʻlmadi. Tegirmonga tushsang, tirik chiqadigan bola
ekansan. Buncha balandlikdan inson bolasining sogʻ qolishi dargumon. Suyaklaring ezilib
ketibdi. Olti oy men aytgan gaplarga amal qilsang, chidasang, koʻrmaganday boʻlib ketasan,
aksincha boʻlsa, bir umrga nogiron boʻlib qolasan”, deya ogohlantirdi u. Bir yoshga kirar-kirmas
sovuq oʻlkalarda ona sutidan mosuvo boʻlsa-da, yashab ketgan bola chidadi. Hushni olgudek
ogʻriqlarni “dod” demay oʻtkazdi. Olti oydan soʻng u shifoxonadan chiqdi. Oradan ikki yil oʻtib,
urush tugadi. Biroq hanuz otasi qaytmadi. Umidlari uzilayozgan, aftodahol bola endi qabristonga
koʻp boradigan, xuddi Sarmonboy kabi oʻsha joylardagi oʻtlarni oʻrib, tozalaydigan boʻlib qoldi.
Qirq beshinchi yilning oxirlarida, bolalar uyida “Rojdestvo” bayramiga tayyorgarlik
koʻrilayotgan qorli kunda kimdir kutilmaganda uni yoʻqlab keldi. Sochlari oqarib, ajinlarning
soni ortgan otasini oʻtkir nigohidan tanidi. Oʻzbekcha nimadir degisi keldi,biroq birorta soʻz
yodiga kelmadi.»Papenka, moy rodnoy» deb baland boʻyli otasining boʻyniga osilib yigʻlardi. U
rus tilida shunday soʻzlardiki, talaffuzidan ham oʻzga millat bolasi ekanligi bilinmasdi. Oʻsha
kuniyoq otasi uni uyiga olib qaytdi.
Qiyinchilik koʻraverib pishib ketgan bolakay quvnoq va shum boʻlib oʻsardi. Uni yelkasidan
zambildek bosib turgan yuk otasining urushdaligi edi. Endi esa otasi yonida. Ana u, kimnidir
qiliqlarini qilayotibdi. Atrofini oʻrab olgan rus qizlar uning qiliqlariga, gap-soʻzlariga xandon
otib kulayapti.
-Oʻgʻling oʻsmabdi, -dedi shoyir bilan birga urushga ketib, bir qoʻlidan ayrilib qaytgan Tohir
aka.U Fargʻona tarafdan. Oʻz yurtida yogʻoch oʻymakorligi bilan shugʻullangan. Eshonlardan
birining buyurtmasiga koʻra, naqshinkor darvoza yasab, unga Qurʼon oyatlaridan oʻyib yozgani
uchun eshon qamalib ketgan, uni esa oilasi bilan surgun qilishgan.
-Kto v detdome ros, tot ne doros, -deb bosh chayqadi uning yonida oʻtirib, nimadir toʻqiyotgan
Asya momo. Keldiyorning endi gʻami yoʻq edi. Uni baxti shunda ediki, u opa-akalaridek
Qoʻshtepada esini tanimadi. Yurgakligidayoq shu sovuq oʻrmonlarda yashagan bolaga yurt
sogʻinchidek azob begona edi. Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otib yurgan bolani tartibga
solish ancha mushkul boʻldi. U baʼzan uylarga kirib, oʻgʻirlik ham qilishini sezib, otasi bir gal
xivich bilan savaladi. Urushdan keyin surgundagilarga boʻlgan munosabat biroz yumshagandek
edi. Gazeta oʻqib, radio tinglab, komendantura ishlariga yordam berib yuradigan ukrain
Bogcharyov bir gal Qarchigʻay shoyirga Stalinga xat yozishni maslahat berdi. Oradan bir yil
oʻtib, 1947 yil komendanturaga xat keldi. “Otpustit na Rodinu oʻzbeka Maxmudova Karchigaya.
Xorosho otslujil armiyu.” Ha, oʻsha sochlari tillarang, moviy koʻzlari kulib turadigan, dardi bir
shisha vino boʻlib qolgan Bogcharyov olib keldi oʻsha uzoq kutilgan ruxsatnomani. Shoyir
quvonganidan tentarogʻlab qoldi. Uni dast koʻtarib, aylantirdi va yerga qoʻydi. Yana quchoqladi.
Soʻng xomush yerga choʻkkalab qoldi. Hamma uni qutlardi. Nahotki, yurtga qaytish nasib etgan
boʻlsa? U shaxd bilan uyga kirdi, osigʻliq turgan doʻmbirani olib, chiqib ketdi.
Qabriston. Hozirgina qiygʻos ochilgan gul bujmayib barglarini toʻkayotgandek Shoyir bir pasda
soʻlib, shalvirab qolgandi. Uning ortidan kelganlar ham ahvolini tushunib, xomush tortishdi.
“Tur, turke, Turdixol, qaytish uchun ruxsat tegdi. Qambar qizim, boshingni koʻtarsang-chi?!
Sayimjonim, toychogʻim! Qoʻshtepaga qaytmaymizmi!? Evoh,sizlarni qanday tashlab ketaman!?
-deya doʻmbirani cherta boshladi:
-Tur oʻrningdan, buvishim,
Qoʻshtepaga qaytamiz,
Ibrayimning goʻri yoʻq,
Topolmaymiz, qaytamiz.
Qambar qizimni uygʻot,
Sayim toychoqni uygʻot,
Poyezdda keta-keta,
“Shohdorshoh”ni aytamiz.
Tur oʻrningdan, buvishim,
Dil ketmoqda uvishib,
Oq paxtani ekamiz,
Koʻsaklarni chuvishib,
Budananing uyi yoʻq,
Qayga borsa “pitbildiq”,
Bu sargardon oʻrmonga
Axir necha jon kevdik.
Qaytar kunda turmasang,
Buvishim, bizam oʻldik,
Obla-ya, bizam oʻldik,
Rabbimov, bizam oʻldik.
Goʻrni quchib yigʻlayotgan shoyirni koʻplashib, olib qaytishdi. Hammadan keyin koʻngli
gʻussaga toʻlgan, Sarmonboyning qabrni toʻgʻri koʻrsatganini bilgan Keldiyor ortda qoldi. U aftu angorini mutlaqo eslolmagan, ammo uni tugʻib, koʻkrak berib, yoshiga yetkazgan enasini
qabriga koʻzi tushganda dunyo mungʻayib turgan shu qabr va oʻzidan iboratdek tuyulaveradi.
Otasiga yurtiga qaytish uchun ruxsat tekkanini eshitgach, u yana oʻylovga qoldi. “Qanday joy u
Qoʻshtepa deganlari. Agar otasi aytgandek jannatdek joy boʻlsa, nega otasi oʻsha jannatga
sigʻmadi? Agar u jannat boʻlmasa,nega oʻsha qishloqdan ayrilgani uchun onasi, jigarlari oʻlib
ketdi? Oʻsha quyoshi doim kulib turgan joydagi odamlar yomonmidiki, ularning oilasini
quvishdi? Agar qoʻshtepaliklarga doʻmbira,kuy-qoʻshiq yoqmasa, ular qandaydir badqovoq
odamlarmi? Nima uchun oʻzlariga azob bergan joylarga qaytish uchun qoʻrgʻondagilar jonini
bergudek boʻlishadi? Ularning yagona orzusi qaytish. Nega? Agar u otasi bilan oʻsha nomaʼlum
yurtga qaytsa, onasi va jigarlarining ruhi chirqiramaydimi? Ularni kim yoʻqlaydi, kim tozalab,
qaraydi bu mozorga. Men qolsam-chi? Sarmonboy ham qabrni tashlab ketmayman,deb birgina
otasining mozori uchun qoldi bu yerolarga. Biznikilarniki uchta. Teng-toʻshlarim, doʻstlarim shu
yerda, Dashani tashlab ketamanmi? Yurt degan joylarida meni kim taniydi? Ha, ha qolaman.
Endi otamning ortidan ergashib yuradigan yoshda emasman.”
Keldiyor qoʻrgʻonga qaytganda otasi ancha oʻziga kelib, qoʻni-qoʻshnilar bilan ruxsatnomani
“yuvish”ni boshlagan edi. Keldiyorni koʻrib, yuziga quvonch yoyildi:
-Ay, mening otam, ota oʻgʻil, nuridiydam, bovurim. Avlodimning davomchisi. Sen bor ekansan,
Moyli oʻpir deganlari meni sindirolmaydi. Urugʻ-aymogʻing bilan qirilib ketasan, degandi. Yoʻq,
men qaytyapman. Qatorimda kamim boʻlsa-da, yorugʻ yuz bilan qaytayapman. Kel, bolam, bir
bagʻrimga bosay, Sayimjonni, Ibrayimjonni, Qambarimni, enangni umrini xudo senga qoʻshib
bergan boʻlsin. Hidingdan aylanay, qoʻzim. Keldiyor otasining gaplarini unchalik tushunmasada, uni erkalayotganini his qilardi. Bu bagʻir mehr bilan limmo-limligini, otasining yagona oʻgʻli
ekanligini, undan voz kechib tashlab ketishi dargumonligini anglardi. Bugungi xursandchilikni
buzmaslik uchun u oʻz qarorini bildirmadi.
Oradan yarim yil oʻtdi. Avgustning soʻnggi kunlarida hosil yigʻib olingach, komendanturadagilar
unga va oilasiga chipta berishdi. Yaxshi ishlagani uchun olti xalta qotgan non(suxari) va biroz
pul ham berishdi. Balogʻat yoshiga yetib qolgan Keldiyor onasining qabrini tashlab ketmasligini
aytib, otasiga qarshi chiqdi. U bu joylarga oʻrganib qolgan, nomaʼlum va sirli, otasiga
yomonliklar qilingan Qoʻshtepaga qaytishni xohlamasdi.
Shoyir uzoq jim qoldi. Yolgʻiz oʻgʻlini qoldirib ketishi aslo mumkin emasdi. Poyezd kelgandan
keyin butkul halovati buzildi. Poyezd uch kun turdi. Ertasi tongda joʻnab ketishini
aniqlagach,qorongʻu tushishi bilan ketmon va etakni olib chiqib ketdi. U tongga yaqin tugunda
nimalarnidir koʻtarib, horigan, ezilgan va yigʻlagan koʻyi kirib keldi. Bunchalik tez ketishlarini
kutmagan, navbatdagi bahonalarni roʻkach qilishga shaylanib turgan Keldiyor erinibgina
koʻzlarini ochdi. Butun vujudi holdan toygan, egni-boshiga loy tekkan, lablarining atrofida
nimalardir toshib, koʻzlari yigʻidan shishib ketgan Qarchigʻay shoyir oʻgʻlini ikki yelkasidan
koʻtarib, gʻazablangan koʻyi shunday dedi:
-Faqat enangni qabri qarovsiz qolib ketishini oʻylabgina yurtga qaytging kelmayaptimi yoki
yarim kechagacha sen bilan tansa tushayotgan qizlarni oʻylabmi? Keldiyor otasining vajohatidan
choʻchib ketdi.
-Enamni, opamni, akamni qabrini qoldirib qanday ketamiz. Boshqa sabab yoʻq,-dedi u uyqu
karaxtligi bilan yon-atrofga qaramay.
-Unda yoʻlga tayyorgarlik koʻraver. Ular ham biz bilan ketadi.
-Axir qanday qilib. Ular oʻlgan-ku?
-Mana, enangni, jigarlaringni suyaklari. Ularniyam Qoʻshtepaga olib ketamiz. Sen yaxshi
aytding. Sulton suyagini xoʻrlamas, deganlar. Faqat bu ikkimizning oramizda qolsin. Yana
poyezddan tushirib yuborishmasin. Otasi tugunni uning yoniga qoldirib chiqib ketdi.
Keldiyorning rangi oqarib ketdi. Hatto tugunga qoʻl tekkizishga ham qoʻrqdi. Orqasidan ilon
quvgandek, oʻkirib yigʻlab, uydan chiqdi. Xonimoy kap-katta bolani yigʻlab chiqib ketganini
koʻrib, uyga kirdi. Tugunni ochib, hamma gapni tushundi. Soʻng oʻrab, tugunlar safiga qoʻshib
qoʻydi-da, eri tuni bilan qabr kovlab chiqqanini bilib, yigʻlab yubordi.
Nihoyat oʻn olti yil oldin shoyirning oilasini yot joylarga keltirib tashlagan poyezd pishqirib
yetib keldi. Bu gal ham poyezd quruq kelmagandi. Urush yillarida davlatga qarshi ish qilganlar,
dala yumushlariga qatnashmaganlar, urushdan qochganlar, xoinlar degan tamgʻalar ostida yana
ishchi kuchi yetib kelgandi. Shoyir yangi kelgan oʻzbeklarga uyini qoldirish uchun atrofga
alangladi. Yoshgina kelin-kuyovni koʻrib, hayron qoldi. Ularni uyiga taklif qildi. Yangi
kelganlarni roʻyxat qilguncha kun kech boʻldi. Bogcharyov shoyirning iltimosiga binoan ularni
boshlab keldi. Kelinchak Xonimoyning oldiga kirib, yumushlarga yordam bergan kishidek
kuymalandi. Kuyovning koʻzidagi sarosima,tashvish shoyirning koʻngli buzildi.
-Yoshgina ekansizlar, halitdan nima gunoh qildinglar?
-Asti soʻramang, aka! Boshni ikkita qilamiz deb, shu kuyga tushib oʻtiribmiz.
-Yo, tavbangdan ketay, endi uylanish ham gunoh boʻlib qolibdimi?
-Sevgan yorimdan ajralmaslik uchun poyezddan tushib qochdim. Uyga qaytib,tezda kichkina
toʻy qildik. Toʻy tugamasi ular meni topib olishdi. Ikkalamizni birga surgun qilib yuborishdi.
Roziman. Laylodan ajralmasam bas. Uni koʻz olaytirib yurganlarga qoldirganimdan koʻra,
oʻlganim yaxshi edi.
Shoyir kelinchakka razm tashladi. Beixtiyor Xushroʻy ammasi yodiga tushdi. «Laʼnati
Jonuzoqqa oʻxshaganlar bordirki, u urushdan qochib, shu koʻyga tushib oʻtiribdi. Husn ham
boshga bitgan balo-da ayol kishi uchun,degan oʻy bilan kuyovnmng ahvolini tushungandek bosh
irgʻadi. Uning xush kayfiyatidan asar ham qolmadi. Bogcharyov shoyirning yelkasiga qoʻlini
qoʻydi.
-Oʻylama, sen qaytyapsan-ku. Mana, men doimiy qolaman. Hamyurtlaringga koʻz-quloq boʻlib,
yordam qilaman, Ukrainada qiladigan ishim yoʻq, xat yozib turasan. Agar gʻalamislar shunchalik
koʻp ekan, hali koʻp zemlyaklaring kelib-ketadi.
Ha, Bogcharyovga ruxsat berilsa-da, yurtiga qaytish niyati yoʻq. “Na oilam, na qarindoshim
boʻlmasa, nima qilaman. Yarimta butilka shu yerdan ham topiladi.” ,-deydi u beozor jilmayib.
Ajab! Nega oʻzbek duch kelgan joyni makon qilib, vatan bilib ketolmas ekan? Mudom tugʻilgan
tuproq ishqi yuragini yondirgan shoyir koʻrgan kuniga ming laʼnat aytib, bir haftadan soʻng
yoʻlga tushgan poyezdga oshiqdi. Oʻn olti yildan beri qarindosh-urugʻdek boʻlib ketgan turli
millat vakillari uni ogʻasidek koʻzda yosh bilan kuzatib qolishdi. Shunchalar intiqqan ona yurtida
ularni nimalar kutib turgan ekan? Koʻz yoshmi, sevinchmi, sargardonlikmi? Poyezd bagʻrida
qancha bezovta qalblar oʻylovga botib ketayotganini his qilmay, sokin harakatlanardi. Shoyir
suyunsa, bari tushga aylanib qoladigandek oʻz tuygʻularini jilovlashga urinardi. Ana,keti
uzilmaydigandek choʻzilgan qozoq choʻli boshlandi.
“ Yettov kelgandik, besh bolamdan faqat Jongul bilan Keldiyor qaytayapti. Xonimoydan koʻrgan
Izzat qizini hali el bilmaydi. Doliboy Quchchiga qaytarmikan, yoki biz bilan? Kelayotganimizda
Sayimjonim bilan Ibrayimim bir joyda tinch turolmay, irgʻishlab oʻynab ketgandi. Qambar qizim
enasiga suyanib piq-piq yigʻlagandi. Qiz bola erta esini tanirkanda, enasiga kuyib,ichikib oʻldi.
Ichikish sovuqdanam battar ekan asli.”
Xonimoy sertashvish, bir dardi bordek koʻzini olib qochadi.. Gapni gapga ulaydigan, bir gapirib,
oʻn kuladigan , shuncha gʻam egolmagan shaddod ayolga nima boʻldiykin? Uning yonida
oʻtirgan Doliboy har zamon onasiga imo qilib, yelkasi bilan turtib qoʻyadi. Xonimoy uzoq oʻyga
botib, yoʻlma -yoʻl necha bor ogʻiz juftlab, taraddudlanib, bir necha haftani oʻtkazdi. Nihoyat
poyezd Toshkentga yaqinlashgandan soʻng yorildi.
-Xoʻjayin, siz bilan meni taqdir boshimizga solgan qora kunlar birlashtirdi. Sizni boshimga ega
qilib, musofir joylarda jon saqladim. Endi bergan non-tuzingizga rozi boʻlib, taloq bering menga.
Shoyirning uzundan-uzun oʻylari tarqab, xotiniga termulib qoldi.
-Nimalar deyapsan, xotin? Yaxshimi, yomonmi, shuncha yillik roʻzgʻor qurdik. Oʻrtada qizimiz
bor,- dedi u bu haqda gap boʻlishi mumkin emas, degandek qoʻl siltab.
-Tushuning, otasi. Doliboyim bilan uydan chiqib ketgandim. Rahmatli erimning ota-onasidan
ham davr oʻtib uy usillab qolib ketgan. Otamning uyini chirogʻini yoqib oʻtiraman,deyapti
oʻgʻlim.Qolgan umrimni Doliboyimni uylantirib, nevara boqib oʻtkazsam, deyman.
Poyezd bir zaylda tebranib borib, dabdurustdan siltab tashlardi. Qarchigʻay shoyir gʻamga botdi.
U yana sinovda qoldi. Yana oilasi toʻziyapti. Doliboyning koʻz qarashlaridan oʻz qaroridan
qaytmaydigan koʻrinadi. Aslida u haq . Otasini izlab chiqqan bolakayning ota hovlisining mehri
tortishi turgan gap. Buni sargardonlikda yurgan Shoyir tushunmasa kim tushunardi? Biroq,
Xonimoyni topib, yana yoʻqotish azob-ku. Koʻnglida giryaga aylangan dard bir tekis ohangga
moslashgan edi, endi yana avj nuqtaga koʻtarildi. Yuragi borligini eslatib, tez-tez guppillardi.
Poyezd bilan bab-baravar daqiqalar uchardi. Yoʻl girdida saksovullar oralab oʻsgan qizgʻish
tikanlar koʻzga tashlanadi. Oʻzga yurtda bir oila boʻlib jon saqlaganlar sukutda qolgan. Endi hal
qiluvchi gapni shoyir aytishi kerak. Tun lashkarlari chekinib, tong nurlari yoʻlovchilar oʻtirgan
vagonlarga ham kirib kela boshladi. Poyezd oʻzbek tuprogʻiga qadam qoʻyishi bilan yoʻlovchilar
jonlanib, joyiga oʻtirolmay qoldi. Choshgohga yaqinlashgan mahal Qarchigʻay shoyir
koʻksigacha egilib tushgan boshini koʻtarib, bir ogʻiz gapiga kechadan buyon ilhaq boʻlib
kelayotgan ayolga yuzlandi:
-Xonimoy, taloqsan, toʻrt tomoning qibla, ketaver, koʻrgan qaro kunlaring shu boʻlsin. Er sifatida
burchimni bajardimmi, yoʻqmi bilmayman. Mendan rozi boʻl. Agar farzand dogʻida qiynalmay
desang, Izzatni mayli olib ket .Men boʻlarimcha boʻldim., -dedi.
- El-yurtga nima deyman, qanday tushuntiraman, otasi?
- Sen buzuqchilik qilganing yoʻq, Alloh shohid bunga. Izzat mendan koʻra senga bogʻlanib
qolgan. Qiz bolaga onasiz juda qiyin. U esini taniganda men urushda edim. Odamlarning
gapidan qoʻrqib, halol bolangni juvonmarg qilib, azobga tashlama. Juda boʻlmasa, ota-onasi oʻlib
ketdi, gʻirt yetimcha, boqib oldim, deysan. Ayolning chiroyi ochildi. Iztirobga solib turgan
muammosi yechilgan edi.
-Xudo rozi boʻlsin sizdan. Besh bolasi bilan surgunga ketib, uch nafaridan ayrildilar. Endi
Izzatni berishga koʻzlari qiymaydi, deb oʻylagandim,-deya roʻmolining bir uchini ushlab, koʻz
yoshlarini artdi.
Nimayam deyish mumkin? Algʻov-dalgʻov zamonda odamlarning shaxsiy hayoti ham izdan
chiqib ketishi hayron boʻlarli hol emasdi. Qarchigʻay shoir bu masalani yechguncha poyezd
Samarqandga kirib keldi. U Doliboyni bagʻriga bosib, xayrlashdi. Xonimoyga yengil bosh
irgʻadi-qoʻydi. Izzatni ikki yuzidan choʻlpillatib oʻpib, xudo baxtingni bersin, qizim,-dedi.
Yonida Jongul bilan Keldiyor qoldi. Xonimoy ham ularni uzoq bagʻriga bosib turdi. Soʻng bari
sekinlashib, toʻxtayotgan poyezd yoʻlagiga oshiqishdi...
Mana, Ona zamin! Nihoyat unga qadami yetdi. Shoyir bor gʻussalarini unutib, oʻzini yerga otdi.
Tumonot odam ichida Samarqand tuprogʻini oʻpib, yotib yigʻlayotgan shoyirni odamlar
qiziqsinib kuzatardi. Qoʻltiqlashib olgan ikki nafar rus ayoli ajablanib toʻxtadi. Ulardan biri
shoyirni turtib, men vrachman, nega yigʻlayapsan, nega yerni quchoqlayapsan, biror joying
qattiq ogʻriyaptimi?- deb soʻradi. Shoyir ularga parvo qilmadi.
-Yoʻq kasal emas, oʻn olti yildan keyin oʻz yurtiga keldi. Biz surgundan, 32-posyolkadan
qaytayapmiz, -dedi Keldiyor otasining yerga yotishidan uyalgandek chetga qarab.
-Bizni bu yoqqa, ularni u yoqqa haydashgan ekanda. Bu nimasi? -deya ular bosh chayqagancha
oʻtib ketdilar. Shoyirning esa necha yillik dardi oqardi bu tuproqda:
-Ay tuprogʻim, dumalayman loyingga,
Tiz choʻkaman, yiqilaman poyingga,
Shibirlagan shamolingdan aynalay,
Oy-quyoshli jamolingdan aynalay.
Qarchigʻay shoyir tuproqqa belangan ust-boshini ham qoqmay, oʻrnidan turib, doʻmbirasini
sozladi. Soʻng chordona qurib, oʻtirvolib dimogʻi bilan “Hay, yoray-y-y», deya uzoq xonish
qildi. U atrofga oʻz koʻzlariga ishonmagandek termular, dam yigʻlar, dam ovunar , telba-teskari
termalar aytib qolardi:
-Samarqandda Shoyi Zinda,
Avliyoning bari bunda,
Yiqilganda suyanmakka,
Madadkorim, Sheri Yazdon!
-Shoyirning ilhomi keldi. Endi toʻxtamaydi, -deya birga kelgan yoʻlovchilar uni qurshab oldi.
Ularning safi kengaygandan kengaydi. Kimdir musofirlik qursin desa, kimdir qanday gunoh ish
qilgan ekan,deb qiziqardi. Koʻz yoshlari tuproq bilan aralashib, aftiga qarab boʻlmay qolgan
otasiga Keldiyor sovuq nazar soldi. Toʻgʻrirogʻi, yana tuproqni oʻpa boshlagan otasining
ahvoliga atrofdagilar kulib ketayotganini koʻrib, uyalardi. Oʻz tuygʻulariga erk bergan shoyir
Jongul va Keldiyorning norozi qarab turganini koʻrib, taqqa toʻxtadi va oʻmganini koʻtardi.
Jongul tugunlarni yerga qoʻyib, otasining kiyimlarini qoqdi.
-Ay,chirogʻima. Oʻzimni Oybarchinima. Birga borib, birga qaytgan quvonchima, -deya Jongulni
erkaladi u. -Qiyo-qiyo qarashingga otang oʻlsin, ulim. Oʻz yerimni iskaladim, sogʻingandim.
Aybsitma. Sen hali emaklashgayam chogʻing kelmagan paytlar bu tuproqdan ketganding.
Nimaniyam his qilarding, chirogʻim,-deya oʻzini oqlagandek boʻldi. Keldiyor otasini biror
marotaba shunchalik sevinganini koʻrmagandi. Koʻziga shu lahza otasi biroz oʻsgandek tuyuldi.
Balki gʻamdan egilgan boshi, yelkalari rostlanganidandir bu. Yoki vatan visoli boʻyni ham
oʻstirarmikan?
Shoyir Keldiyorni, qizi Jongulni aravaga mindirib, Samarqandni aylantirdi. Mahobatli minoralar,
qoʻngʻiroq taqqan, bezatilgan ot-aravalar, doira-dutor ovozlari Keldiyorning koʻngliga xush
yoqdi. Rang-u roʻyi ochilib, kulib, atrofni ajablanib kuzatardi. U goʻyo ertaklar shahriga kelib
qolgandek boʻldi. Qaysi ziyoratgohga kirishmasin, shoyir emaklab borib, ostonasiga bosh urib,
sigʻinib yigʻlardi. Siyob bozorida chiroyli qilib taxlangan qandolatlardan, ona yurt quyoshidek
lovullab turgan nonlardan olishdi. Bozordagi shovqin-suron, «kepqoling, opqoling” degan
soʻzlar tojikcha soʻzlar bilan aralashib, qandaydir shaddod bir ohang kasb etardi. Otasi sindirib
bergan non taʼmi Keldiyorga shunchalik yoqib qoldi-ki, bittasini butunlay olib, tishladi.
-Ol-ha, ol, bolam, rizqing butun boʻlsin. Xudoga ming shukur. Alhamdililloh, alhamdililloh,
alhamdililloh -deya osmonga bir qarab qoʻydi. Qoʻshtepaga borish ancha yoʻl, salkam 90
chaqirim. Shoyir avval Juma qishlogʻiga yoʻl oldi. Bu yerda Ibolo bobo va Qizmon ammasi bor
edi. Shoyir Ibolo buvaning xizmatini qilib yurgan bolalik davrini eslab, yengil xoʻrsindi. Qanday
dilibegʻam yillar edi. Qorin gʻamidan qutulgan, chol-kampirning ham erkasi ,ham dastyori edi. U
paytlar yuragi yigʻlamas, qalbi ham sargʻaygan daftardek titilib ketgan emasdi. Oʻlim
nimaligini,ayriliq nimaligin anglamagan edi. Ular agar hayot boʻlsa, koʻrib bir-ikki kun hordiq
chiqarib, keyin Qoʻshtepaga yoʻl oladi. Yoʻqsa, uzoq yoʻlda bolalar uzlikib qolishi mumkin.
Ulovsiz qiyin. Yonidagi pul Jumagacha arava olishiga yetadi.
Arava to Juma qishlogʻiga yetguncha shoyir doʻmbira chertib keldi. Sovuq oʻlkalarda ovozi
boʻgʻilib chiqadigan bu asbob quyosh tigʻida taranglashib, dardli, tiniq kuy chiqarardi. Keldiyor
doʻmbiradan shunday nola chiqishiga hayron qoldi. Qiziqsinib, chertib koʻrdi.
-Endi senga doʻmbirani oʻrgataman, tilimizni, dinimizni oʻrgataman. Ikkovimizning qiladigan
ishimiz koʻp,-dedi u bolasining yelkasiga qoqib...
xxx
Kunlar tasbeh donalaridek bir-bir oʻtardi. Faqat kunlar tasbehining ikki uchi bogʻlanmagan.
Aylanib, aylanib yana qaytib kelmaydi. Eng mashʼum kunlar boʻlib tarix sahifasida bitilgan
urush yillarini kimki eslasa, sira-sira qaytib kelmasin, deydi. Ammo oʻsha sargardonlik, ochlik
yillarida umri behuda, qiyinchiliklar bilan oʻtib ketganlar-chi? Ular xazon boʻlgan umrini,
yoshlik yillarini tinch davr-u davronlarda qayta yashagisi kelmaydimi? Biroq vaqtning uchi
bogʻlanmagan. Vaqt tasbehi aylanmaydi.
Oʻsha ayovsiz yillarda Qoʻshtepa ham shoyirini yurtdan haydalishini tamosha qilib qolgandi.
Qoʻshtepaliklar esa dardini ichiga yutgan edi. Moyli oʻpir urushga ketgandan soʻng u qishloqqa
olib kelgan baxshi bola ham imi-jimida dom-daraksiz ketdi. Tinkasi qurigan el “Och qoringa
qoʻshiq na hojat, degandek uning zoʻrma-zoʻraki termalarini tinglamasdi. Axir bir necha asrdan
beri to Chingacha mashhur boʻlgan baxshilar sulolasi yashab kelayotgan makondagilar unchamuncha chechanlarni mensimasligi, huda-behuda termalarga aldanmasligi turgan gap. Ular
orasida bir dostonni ikki-uch xil turda eshitganlari bor. Ammo oʻsha yillari hammaning fikrizikri istolbaga osilgan karnayda edi. Undan urush qanday borayotganini eshitishar, hatto kuyqoʻshiq ham berilib qolardi. Ayniqsa, Tamaraxonim ijrosidagi shoʻxchan qoʻshiqlar ularga
yoqardi. Urush tufayli oʻzbek tuprogʻidagi shahar va qishloqlar ham battar ohorini toʻkdi. Inson
bolasining sabr-toqati, matonati sinovdan oʻtdi. Oʻsha moʻjazgina qishloq boʻlmish Qoʻshtepa
ham el qatori urushning barcha zahar-zaqqumini yutdi. Ammo shafqatsiz zamon ichra
koʻngillardagi gʻam-gʻussalar tuguni toshga aylanib, diydalarni qotirib qoʻymasligi uchun asl
kuy-qoʻshiqqa, doston-u laparlarga ehtiyoj bor edi. Kuzning sovuq kunlarida kunduzi hali ogʻiz
ochmagan koʻsaklar uylarga boʻlib berilar, odamlar esa jamuljam boʻlib koʻsak chuvishni
xohlashardi. Shunday kunlarda qishloq ahli aldab-suldab qoʻllariga koʻtargudek boʻlib, Suvon
soqovni olib kelishardi. Ekin-tekin saqlash uchun qurilgan katta, toʻrt tomoni oʻralgan paxsali
binoda istovchilar koʻsaklarini koʻtarib kelishar, odamning dardini odam oladi, qabilida birbiriga suyanch boʻlgisi kelardi. Qishloqning yarmidan koʻpi biri oʻqqa uchib,biri ochlik yoki
kasallikdan oʻlib ketgan boʻlsa-da,hali oqibat oʻlmagandi,umid oʻlmagandi.
Suvon soqov tanburini quloqlarini burab, hammaga mahzun termilib chiqadi. Soʻng boshini chap
tomonga egib, hayratomuz kuylarni chala boshlaydi. Goʻyoki kichkina bir jilgʻadan gʻam suvi
oqib ketayotgandek. Bu jilgʻaning farqi shundaki, koʻngildan oqib, koʻngilga quyiladi. Suvon
soqov qirq yoshlardagi, qoravarang, jussasi ozgʻin, boʻyi novcha, quyuq qoshlari tutashgan,
botiq, qora koʻzlarini qurshab olgan uzun kipriklari qiz bolanikidek qayrilgan. Peshonasidagi
yirik-yirik uch ajini kuy chalayotganda qoshlarini chimirgani uchun ariqchaga aylanadi. Muxtor
guppining noksimon qizgʻish noskadisiga oʻxshash burni sal sovuqda qizarib turadi. Qalin lablari
bir-birini qoʻyib yubormaslikka qasd qilgandek qimtilgan. Ehtimol gapirib yubormaslik uchun
ogʻzini mahkam yopgandir. Kuy ohangiga joʻr boʻlgandek koʻzlaridan yosh oqadi. Urush tufayli
qavmu-qarindoshlaridan, jigargoʻshalaridan ayro tushgan koʻngillar goʻyo Suvon soqov bilan
birga chekkan azoblarini chertayotgandek yigʻlashadi. Yigʻlab-yigʻlab hordigʻidan chiqqan
odamlar soqovning yelkalariga urib “boringga shukur” deyishadi. Soqovning Bahrom ismli
buvasi bir paytlar amir-u, beklar saroyida sozandalarga bosh boʻlgan ekan. U ham kuy bastalar,
ham oʻta diltortar ovozda kuylar ekan. Dovrugʻi shoh saroyigacha yetib borgandan soʻng, uning
etagini durru javohirga, kaftlarini oltinga toʻldirishini aytib, shoh odam yuboribdi. Saroydagi
sanʼatkorlarning boshligʻi oʻz oʻrnini egallashidan choʻchib, favqulodda isteʼdod sohibi boʻlgan
Bahrom sozandani odam yollab, barmoqlarini, tilini kestirgan ekan. Tilsiz, barmoqlarsiz qolgan
sozanda oʻzini Dargʻom arigʻiga tashlab, joniga qasd qilgan deyishadi. Soqovning otasi esa
cholgʻu asboblarini yasab, sotib kun koʻrgan. Ammo hech kim davralarda tanbur chertganini
koʻrmagan. Suvon soqov bir paytlar qishloqning old qizlaridan boʻlgan Zaypaga sovchi qoʻygan.
Ammo Zaypaning otasi Aminxoʻja “qora”ga qiz bermayman, boz ustiga soqov, deb sovchilarni
qaytargan. Zaypa esa otasiga Suvon soqov emas, men bilan gaplashgan, deb rosa yigʻlaganmish.
Suvon soqov tanbur chertganda Zaypa gulrangiga kirgan yanoqlarini koʻrsatmaslik uchun
roʻmolining bir uchini qimtigancha yerga qarab oʻtiradi. Suvondan sas chiqmaydi. Birov uni
tugʻma soqov desa, birov 8-9 yoshlarida bidillab gapirib yurardi, -deydi. Haqiqatga yaqinrogʻi,
uni otasi qizil armiyaga qarshi kurashgan partizan otryadda xizmat qilgani, uyiga yashirincha
kelib-ketayotganda qizillar Suvondan otang uydami, -deb soʻraganlarida uyda, deb javob bergan.
Ular otasini topib olib, yolgʻon gapirgan onasini ham qoʻshib otib tashlaganini oʻz koʻzi bilan
koʻrgani tufayli gapirmay qoʻygan, deyishadi. Uning togʻasi Meylik bobo esa “bu zamonda
gapirib, boshiga balo orttirgandan koʻra, soqov boʻlgani maʼqul, deydi.
Xullas, Suvon soqovning bor dardu gʻamlarini tanbur simlari elga oshkor qiladi. Tirikchilik
uchun u ham el qatori dashtga boradi. Oʻt oʻradi, yuk tashiydi. Tanbur chertgani, kuy yaratgani
uchun unga birov bir pul bermaydi-da. Teng-tengi bilan deganlaridek, qishloq kayvonilari unga
ham biroz oqsaydigan, duduqlanib gapiradigan, ammo husni binoyidek Mugʻja ismli qizni
Galabek tarafdan olib berishgan. Biroq u Mugʻja bilan shuncha yillik turmushida biror ogʻiz
gaplashmagan. Ularning bolalari bir-biridan chiroyli, sadaf donalaridek koʻzga tashlanib turadi.
Kayvonilar ikki yorti bir butun boʻldi, deb savob yoʻlida qilgan ishlaridan mamnun. Suvon soqov
koʻngillarni sel qilib, goh qadim ohanglarni, goh oʻzi yaratgan kuylarni atrofdagilarni unutgan
holda koʻzlarini yumib chertardi. Agar shu tanbur navosini eshitib yigʻlash “koʻngil yozish” deb
nomlansa, qoʻshtepaliklar oʻsha yillari shunday ovunardi. Norqizil muallimning aytishicha, u
bilan tengqur bolalar koʻsak orasidan namiqib, yarimta oyga oʻxshab xoʻmrayib turgan tolalarni
ichidagi chigitlarni tishlab, magʻzini yeb qoʻyisharkan. Biroq kattalar sezib qolib dakki
berishganmish. Qishloq ahlining topgan-tutganlari frontga joʻnatilarkan.
-Hatto, toshbaqa ham terib, frontga joʻnatardik, -deydi u. -Ochlik jondan oʻtib, katta-yu
kichikning sillasi qurigan kunlarning birida odamlar toʻplangan shiyponga hassasini doʻqqillatib
Muxtor guppi kelib qoldi. Oʻshanda qirq uchinchi yilning ilik uzildi mahali edi chamamda.
-O, yoronlar, -dedi u chim bosilgan uvat ustiga ikki qoʻllab hassasiga tayanib, oʻtirayotib. Shartim ketib, partim qoldi. Bir oyagʻim yerda boʻlsa, biri goʻrda. Ortimdan qibil farzandlar
qoldirolmadim. Oʻgʻlim Moyli toʻplagan don-dundan ajratib qoʻydim. Olib kelib, taom
tayyorlab, bola-chaqa bilan baham koʻringizlar. Bilaman, Moyli koʻp zugʻum oʻtkazdi. Oʻsha
omborga tiqilgan narsalar ham koʻpning rizqi. Shu bitta yomonimni qargʻamanglar, oʻlmay
qaytsin, deb duo qilinglar, -dedi.
Odamlar jonlandi. Biri qoʻyib, biri gap boshladi:
-Moyliyam shu qishloqdi bolasi. Yomon, yaxshi, deb burnimizni kesib tashlolmaymiz-ku.
-Bolasi demang, balosi, dedi biri.
-Hozir birinchi navbatda ochlikdan qutulish kerak. Uyidan chiqolmay, oʻlim bilan olishib yotgan
qariyalar, bolalar bor. Moyli oʻpirni duo qilsak qilibmiz-da, bu mushkul vaziyatdan chiqib
ketaylik, -dedi buvalardan biri. -Sirasini aytganda Muxtor guppidan el yomonlik koʻrgani yoʻq.
-E, elning shunday qora kunida tovuq moyak bosgandek, ozuqani bosib yotganlarni uyini titipitisini chiqarib, tortib olish kerak asli, hamqishloqlarini zulukday soʻrgan oʻpirni duoyam
qilaylikmi?
-Biz-ku duo qilarmiz, ochlik azobidanam qutularmiz. Shoʻring qurgur shoyir kechirarmidi,
Turdixol dugonaning uvoli tutmaydimi, u dunyoda otasi oʻgʻli uchun, oʻgʻli otasi uchun javob
bermaydi-ku, -dedi ayollardan biri. Muxtor guppining qizarib, shilpiqlanib qolgan koʻzlaridan
yosh tomchiladi. Titrab-qaqshab, hassasiga suyanib oʻrnidan turib oldi. Hech narsa demasdan
ortiga qayta boshladi.
Shu kuni Moyli oʻpirning dargohiga qadam bosmaymiz, degan Qoʻshtepa ahlining ahdidan
ochlik ustun keldi. Ogʻir kunlarda bir musht boʻlib tugilgan hamqishloqlar Moyli oʻpir gʻamlab
qoʻygan oziq-ovqatlar bilan ocharchilikdan chiqib oldi.
Qizgʻaldoqlar girdi-atrofga chiroy berib, tomlar ustini qoplagan, zardolilar dovcha tugayotgan
kunlarning birida Muxtor guppini tuproqqa qoʻyishdi. “Yaxshi odam edi, elning ogʻiriga yaradi,”
deyishdi uning ortidan.
Hamma joyda xoʻroz bir xil qichqiradi, deganlaridek urush eng chekka qishloqlargacha zahrini
tarqatardi. U Qoʻshtepadagi har bir xonadonni turtkilab oʻtdi. Kimdir bu zarbalarga dosh berdi,
kimdir qaytib oʻngarilmadi. Juvoz haydab tirikchilik qilayotgan Norqizil uchun qirq uchinchi
yilning yozi benihoya ogʻir keldi. Pochtalon qoʻlidagi xat uni ham otadan, ham onadan ayirdi.
Otasining oʻlimi toʻgʻrisidagi xabar anchadan beri toʻshak tortib yotib qolgan enasining ham
boshiga yetdi. Yetim qoʻzi kabi boʻzlab, nima qilarini, qayga borarini bilmay qolgan bola
huvillab yotgan uyiga ham bormay qoʻydi. Kecha-yu kunduz juvoz tortib, ayriliq zaqqumini
ichiga yutdi. Shop moʻylovli otasining gumburlab chiqadigan ovozi, onasining xasta titroqli
dovushi undan juda olislab ketdi.
Bir baquvvat kaft boshini silashi, mehri ummon bagʻir koʻksiga bosishi hali oʻn yoshga ham
toʻlmagan bola uchun armonga aylandi.
Oʻsha kuni zigʻir yetib kelmaganligi uchun juvoz ishlari toʻxtadi. Tiramohning ayni yigʻim-terim
mahali. Keksalar qovun-tarvuzdan ham, meva-chevadan ham Olloh bu yil qarashdi, deb dimogʻi
chogʻ boʻlgan kunlar edi. Norqizil olmalardan qoqi tayyorlab, frontga yuborayotganlarga yordam
berib turardi. Ilgari frontga nimadir yuborilayotganda jon-jahdi bilan yordam berar, goʻyoki ular
yuborgan qoqlar, turshaklar otasiga yetib boradigandek tuyulardi. Endi esa frontda otasi yoʻq.
Hafsalasiz, erinib olmalarni qirqayotgandi. Katta yoʻlda kimdir yuk mashinasidan tushganini,
qishloq tomon yoʻl olganini koʻrib qoldi.
-Hoy, odamlar, askar qaytayapti, qaranglar, -deya u hayajonlanib baqirdi. Xirmonjoydagilar babbaravar yoʻlga qarashdi.
-Ha, kimdir kelayapti. Oqsoqlanib yurganligi uchun kimligini bilish qiyin, -deb chuvillashdi ular.
-Hamma ishdan qolib yugurmasin, birortabolani yuboraylik, kimligini bilib keladi, -dedi
kayvonilar.
-Norqizil, chop, juda imillab yurayapti. Yukiga koʻtarishasan. Kimligini bilib kel,-dedi Toʻxta
xola degan qoʻshni ayol.
Katta yoʻldan qishloqqa kirguncha yarim soat piyoda yurish kerak. Chollardan biri “Yaxshisi,
aravani qoʻsh. Qon kechib, omon qaytayapti, kim boʻlsa ham kutib olinglar», dedi.
Norqizil arava bilan tuproq koʻchani changgga toʻldirib, askarga peshvoz chiqishga oshiqdi.
Qaniydi, otasidan qoraxat kelganligi yolgʻon boʻlsa-yu, oqsoqlanib yoʻl tortayotgan mehriboni
boʻlib chiqsa. Arava ortidan koʻtarilgan changdan xirmonjoydagilar hech narsani koʻrmay
qolishdi. Askar bilan oʻrtada ellik qadamlar qolganda... u tanidi. Biroz serrayib turdi. Soʻng
yashin tezligida aravani ortiga burib qaytdi. Askar unga qarab, “hay-hay”lagancha qoldi. Bola
hayajonlanganidan ot bechorani tinimsiz savalardi. Xirmonjoydagilar arava yetib bormasdan
qaytganini askar bilan koʻkka koʻtarilgan chang oraligʻidan sezishdi. Norqizil aravaga tik turib,
uchirib haydab yetib keldi. Changga belangan, koʻz yoshlari duv-duv oqayotgan bola zoʻrgʻa
gapirardi.
-Urush, urushni boshlagan odam kelyapti,-dedi u kutib turganlarga.
-Gitlermi?-deb bir-biriga ajablanib qarashdi ular.
-Yoʻq, Otamni qora roʻyxat qilib, birinchi boʻlib, urushga joʻnatgan odam. Hammani joʻnatib,
oxirida oʻzi ketgandi. Endi birinchi boʻlib qaytib kelyapti. Kesak otuvdik-ku ortidan, oʻsha,-dedi
bola chinqirib.
-Moylimi?-deyishdi. Ular biroz ikkilanib turishdi, soʻng indamay ishlariga kirishishdi. Hamma
oʻz xayoli bilan unsiz ishlardi. Faqat Norqizil piq-piq yigʻlardi.
Moyli oʻpir chinor tagiga yetganda biroz dam olish uchun uvatga oʻtirdi. Qiziq, aravadagi bola
nega uni koʻrib, qoʻrqib ketdi? Behuda hamma yoqni changga toʻldirgani qoldi. Nega qoʻrqdi?
Olaboʻjiga oʻxshab qolibdimi? Bolalarga yomonlik qilganini eslolmaydi-ku. Haliyam
qishloqdagilar uni kechirishmabdi, shekilli. Xirmonjoyga bir zum toʻxtab, salomlashib oʻtsami
yoki aravani qayta joʻnatmaganlari uchun yuzing-koʻzing demay bosib oʻtib ketsinmi? Otasi
“peredovoy” boʻlib, ularni yonida ishlayotgan boʻlsa-chi? Axir qon kechib yurganida qishlogʻini
qadri qanday oʻtdi-ya. Bu oʻpkasi qozondek hamqishloqlarini ham urush mana shu chinor
barglaridek toʻkdi. Faqat tabiat qurib-qovjirab qolgan barglarni birinchi oladi. Bu urushda esa
navqiron yigitlar oʻlib ketdi. Hey, attang. Katta davlatga tobe boʻldik- qoldik. Endi uni qayeridan
oʻt chiqsa, suv sepishga borish kerak. Boʻlmasa, olov biz tomonga ham qoʻl choʻzadi. Yangogʻi
aytganidek, hoʻl-u quruq baravar yonadi. Tuyqus yodiga shu chinor tagiga ot bogʻlab, yerga
yumalab kulgani keldi. Shoyirni xuddi shu yerdan borsa-kelmas yoʻlga kuzatgandi. Bola-chaqasi
tugul oʻziyam oʻlib ketgandir. Oʻshanda shaytonga “hay” bersa boʻlar ekan. Endi qishloqdagilar
oldida shoyir oppoq, u esa yuzi qora boʻlib qoldi. U xoʻrsinib oʻrnidan turdi. Qoʻltiqtayoqqa
osilib, ortiga qaradi. Tuproq yoʻlda bir poy etik izi. Tuproq boʻliq boʻlganligi tufayli qoʻltiqtayoq
izi koʻmilib ketayapti. He savil, ortidan shunaqa iz qoladimi? Bir poy iz. Bir poy iz endi qanday
yashaydi? Ikkita tayoqqa suyanibmi? Kahridan titrab-qaqshaganlar endi nima deb laqab
qoʻyisharkin? Avvali otasi biror laqab taqaydi. Qishloqda undan oʻtib, kishiga laqab tirkaydigan
yoʻq. Yangogʻi aytganidek, eng asosiysi oʻlmay, tirik keldi-ku. Endi boshidan qor yogʻadimi,
doʻl yogʻadimi, unga baribir. Dimogʻiga tuproq toʻlib, tomogʻini bugʻdi. Bu yoʻllarni aspalt
qildirmasam, Moyli otimni boshqa qoʻyaman. Otam bu til bilmaganlarni oldida kerilib yursin,
deb oʻyladi u.
-Uv, hormanglar, sovmisilar, -dedi odamlarga yaqinlashgach. -Bunday biz uchun qon yutib, qon
kechib, bir musulmon bolasi kelyapti, demaysilar. U kimni bolasi borarga borib, hamma yoqni
changga toʻldirib qaytgan?-dedi u xirmonjoyning berirogʻida turib.
-Yaxshi keldingma, Moyli? Ziyoratlaring qabul boʻlsin. Qolgan umringda urush koʻrmagin, dedi keksalarning biri peshvoz chiqib. Birin-ketin kayvonilar kelib koʻrishishdi.
-Uzlukib qopsan. Hozir aravada oʻzim uyingga tashlab qoʻyaman, -dedi mehri tovlanib,
otasining joʻrasi boʻlmish Doniyor buva.
-Hamma dalada, otam geroydi otasiman, deb yalpayib yotibma?
Doniyor buva uni nima deganini eshitmadi. Qulogʻi ogʻirlashib qolganiga ancha yil boʻlgan:
-Bu deyman, oʻzimizdi bolalardan birovini koʻrib qomadingma ushaqlarda?-dedi Moyliga tikilib.
Moyli bosh chayqadi. -Murchadek bigʻillagan odam. Birovi otayapti, birovi oʻlayapti. Tanib
boʻladimi, bu ahvolda, -dedi sekin mingʻirlab. Chol eshitmadi. Aravani toʻxtatib, Moylini
tushirdi. Biroz oʻylab turib, oʻzi ham otdan tushib, uni tolga arqonlab, ildam yurib, eshikni
ximich bilan urdi.
-Hoy kim bor, sollat kelli, sollat. Suyunchini olib chiqinglar, -dedi u. Moylining xotini ogʻzini
roʻmol uchi bilan yopib,eshikni ochdi.
-Ibi, assalom-u alaykum, voy otasi, ayogʻingiz... ayol shoshib qolgandi. Birdan ortiga tisarilib,
joy toʻshashga shoshdi. Doniyor chol Moylidan avval eshikdan kirib, toʻshanchi toʻshalgan supa
ustiga borib oʻtirdi. Xosiyat gilam ustidagi xazonlarni tergandek harakat qildi. Koʻrpacha soldi.
Chol hech narsa demay, ikki qoʻlini tizzasiga qoʻyib, biroz yerga tikilib, fotiha surasini oʻqiy
boshladi. Moyli supa chetiga omonatgina oʻtirib, ikki kaftini ochib “omin”deyishga shaylanib
turardi. Doniyor buvaning duolari choʻzilavergach, sabri tugab:
-Garangmisan, bor xotin otamni chaqir. Moyli ulingiz omon keldi, de. Ayogʻimni aytma, mazasi
qochmasin tagʻin-dedi .
Duoga qoʻl ochib turgan Xosiyat nima qilarini bilmay, oʻrnidan turib nari ketdi. Uzundan-uzoq
duo oʻqigan chol “Bandalikda” deya oʻrnidan turdi. Moyli oʻpir qoʻlini yuzigayam
yaqinlashtirmay qoʻshilgan kishi boʻldi.
-Bu deyman, Doni buva, Meni urusdi yurtiga qolib ketgan ayogʻim uchun shuncha duo oʻqib,
“bandalik” deyapsizmi, oʻziyam yarim soat mingʻirlab, odamni zix qilib yubordiz.Charchab
keldi,demaysizam? Shu ayagʻim evaziga tirik qaytdim-da, -deb “qih-qih”lab kuldi. Gap orasida
bir qoʻlini yuziga olib borgandek harakat qildi. Chol hali Moyli otasining oʻlganini
anglamaganini sezib, indamay oʻrnidan turdi.
“Yo tavbangdan ketay, nahotki duoyi fotiha oʻqilganda irshayish kerak boʻlsa. Buni haliyam
ongi ochilmabdi”,- deya koʻnglidan kechirgancha chol darchaga qarab yoʻl oldi. Chiqib
ketayotib, bir piyola choy ichib keting, deya ortidan ergashgan Xosiyatga bosh chayqab:
-Muxtor oshna sal shoshmasa, diydor koʻrishish qiyomatga qolmas ekan, dedi.
-Uv, toʻxtang, otam qayoqqa shoshdilar, qayga ketdilar? Kimnikiga? Darcha eshigi yopildi.
Xosiyat endi biroz fahmlayotgan eriga bor gapni shartta aytdi.
- Boyadan beri hol soʻrab, otam tirikmi oʻzi, demaysiz. Chol mardum duoyi fotiha qilganda ham
xayolingizga birrov kelmadimi? Otamizdan ajralib qoldik, xoʻjayin. Olti oy boʻldi u dunyoga
rixlat qildilar,-dedi xotini yigʻlamsirab, hangu mang boʻlib qolgan eriga.
Moyli oʻpir bor ovozi bilan baqirdi:
-Uv, laʼnati chol, menga doʻstligi yoʻq edi asli. Men toʻpti ogʻzidan omon kelsam-u, oyogʻini
uzatib, uyga yotib, oʻlib oʻtirsalar. Moylini bir kuydiray, deptilar-da. Yana frontovikmish.
Mahmud oshnasi chaqirib olibdi-da. Ozroq shoshmasalar, aytadiganimni aytardim. Bekorga
guppi deyishmas ekan. Olti oy sabr qilmay, guppilik qilib mozorga borib, yotib olibdilar. U
oʻrnidan turib, hovli yuzida ancha yurdi.
-Otasi, oʻtiring bir oyoqda qiyin-ku. Oʻtiring, biroz yonboshlang. Uzoq yoʻl tortib keldingiz,
charchab qolasiz. Mana bu qatiqni, ichib oling hovuringizni oladi, ichingizga ketgan changchunglarni tozalaydi. Nihoyat koʻzlari qizargan, yuzi battar koʻpchigan Moyli oʻpir yostiqqa
yonboshladi.
-Hoy xotin, beri kel. Boboy oʻlim oldidan nima dedilar. Birma-bir ayt. Bitta soʻz qoldirma.
Oʻxshatib ayt, dedi u xotini keltirgan bir kosa qatiqni icharkan.
-Koʻp kuyinmang, otasi, buva yoshini yashab, oshini oshab oʻldilar. Qishloqdan qancha yoshyalanglar, goʻdaklar kun koʻrmay, oʻlib ketishdi. Buvaniki toʻy, bizdiyam shu yoshlarga
yetkazsin.
-Befahm, yuzga kirib, oʻlsayam ota ota-da. Qaydagi mishiqilarga teng qilasan. Ayt, yuragim
yonib borayapti. Tez boʻl.
-Yamoniniyam aytayma,-dedi Xosiyat tortinib.
-Aytuvir, xotin. Otamni koyishlarini sogʻingandim. Ioylining ovozi titrab ,koʻzlariga yosh toʻldi.
Ayol bir nimani esga olayotgandek supa yonidagi murut daraxtining uchiga tikildi. Soʻng
koʻrsatkich barmogʻini bigiz qilib, soʻz boshladi:
-Oʻpir omon kelsa ayt, kelin, odamlarni emas, meni goʻrimga gʻisht qalasin. Boz yana
yomonlikning boshida boʻlsa, goʻrimda tik turaman. Bu moʻltonining bolasi shirin jonimga
kuydirgi boʻlib tugʻilgan ekan. El oldida tilim qisiq, yuzim qora boʻldi. Oʻsha enagʻar urushdan
eson kelsa, yaxshi koʻrishimniyam ayt, yoʻl qarab, sogʻinib oʻlib ketdi, degin,-dedilar.
-Oʻxshadi, otamning gaplariga oʻxshadi. Olmading ham, qoʻshmading ham. Otam shunday
deyishlari aniq edi. Voh, qanday otam bor edi-ya. Bijingligidan eshikdan kirishim bilan janjal
boshlardilar, to chiqib ketgunimcha. U yoqlarda otam bilan gap talashishni qanchalik xumor
qilardim. U atlas bolishga suyanib, uzoq yigʻladi. Kechga tomon Muxtor guppi ruhi oldida
istihola qilganlar uni koʻrgani kelishdi
Ertasi kuni Moyli oʻpir yostiqdan bosh koʻtarib, oʻgʻlini ergashtirib, qabristonga bordi.
Ikki yil ichida qabriston ancha kengaygandi. U qachon bu joylarga kelganini eslolmadi. Na
shohni, na gadoni biladi bu qabriston, hamma teng huquqli. Yoki tengsizlik ham bormikan. Balki
savob-u gunohlar, savol-u javoblarda tengsizlik bordir. Ammo jimjitlik saltanatida sirtdan
qaragan odam buni sezmaydi. Yangiligi va eskiligi bilan, kattaligi va kichikligi bilan sal
farqlanadi, xolos.
-Qani, koʻrsat, buvangni qayga qoʻyishdi?
-Anovi Zulpin momoniki.
-Kim edi Zulpin momong?
-Ha, oʻsha Zaypa yangani enasida.
-Chaqqon kampir edi tinib-tinchimagan. Ketib qopti-da, chayir boʻlsayam.
-Bunisi Norqizilning enasiniki, siz otasini urushga joʻnatgan kuningiz onasining yuragi yomon
urib oʻlgan ekan.
-Peshanasiga nori bor, dumaloq bolami, Norqiziling. Aravani quruq opqochgan ahmoq. Shundan
oʻpkasi qozondek boʻlib, xirmonjoyda xoʻmrayib, burnini shoʻlqillatib yigʻlab turgan ekan-da.
-Nimayam qilardi. Yigʻlasa, yigʻlagudek. Bir kunda otasidan ham, enasidanam ayrildi.
-Ja, mahmadana boʻlib ketibsan. Buvangni makonini koʻrsat.
-Mana bu buvamniki, buvajonimniki, -dedi Bekmirza tovushi titrab.
Moyli qabr poyiga amallab choʻkdi. Negadir koʻziga yosh kelmadi. Hali ajriq qoplamagan bu
lahadda otasi yotganligini oʻylab, chidamsiz bir ogʻriq ichini kemirdi. Nima deyish kerak?
Joyingiz jannatda boʻlsin, desinmi? Jannat-u doʻzaxni kim borib koʻrib kelibdi? Hammasi
sapsata, ertak. Barg bahorda koʻkaradi, kuzda xazon boʻlib yerga singib ketadi. Odam bolasi ham
shu. Tugʻiladi. Biroz yashaydi. Qariydi. Jism quriganidan, aʼzolar srogini oʻtagandan keyin
oʻladi. Yer ostida nima boʻladi? Munkarnakir gurzisi bilan kelaymishmi? Qayda, qurtkumursqaga yem boʻladi. Bordan yoʻq boʻladi. Bor gap shu. Yaxshi yashab qolish kerak.
Yoshim anchaga borib qoldi. Hademay Bekmirza meni qabrim boshida turadi. Attang. Majlisda
gapirishni oʻrganibdi-yu, suralardan yodlash kerakligini xayoliga keltirmabdi.
Sen xunasa, shu boʻlishingda mozorim boshiga borib ham “yangogʻi aytganimizdek” deb, nutq
toʻqiysan, shekilli” degan otasining koyishi yodiga keldi. Nimadir boʻgʻzini kuydirib tiqildi,
ogʻriq berdi. Oʻziga hayron qarab turgan bolasiga nima deyishini bilmay, shunday gap boshladi:
-Buvang ming sakkiz yuz-u oltmish birda asli Umakayda tugʻilgan. Otasi Tangir buvani kattakatta yeri boʻlgan. Buvang boʻyi choʻzilgandan keyin qoʻliga qurol olishga majbur boʻlgan.
Noiloj qizillarga qarshi, keyin oqlarga qarshi kurashgan. “Yosh Buxorochilar”ga qoʻshilib Amir
Olimxonga qarshi kurashgani uchun qizil armiya tomonidan ragʻbatlantirilgan. Turli tomondan
turib kurashaverganidan nimadir sabab boʻlib Umakaydan qochishiga toʻgʻri kelgan. Aslida
zamon rasvo boʻlgan-da. Chuqur oʻylab, bitta yoʻlni tanlashga buvang ojizlik qilgan. Yangogʻi
aytganimizdek, ming toʻqqiz yuz qirq uchning bahorida vafot etgan. Uni biz, sen va men
unutmaymiz nikogda».
Esini tanigandan beri buvasining yonidan jilmagan Bekmirza choponining yengiga koʻz
yoshlarini artdi. U otasining bu tarzdagi duoyi fotihasini eshitib, angrayib qoldi. Buvasi yetti
yoshga kirganda uni yoniga chaqirgandi:
-Hoy, toy bola, beri keling-chi. Qoʻlingizni halollaganimizgayam bir oy boʻldi. Yetti yoshdan
musulmonchilikka boʻyin egsangiz, durust gap boʻladi. Otangizni hammadan illay shoʻro
maktabiga berib, katta xato qildim. Bola bechora arosatda qoldi. Siz mana bu imloni oʻrganib,
suralarni yodlaganingizdan keyin maktabga borasiz. Tomogʻimning tagida turgan jon qushi
“puf” etib uchib ketsa, ortimdan duo qiladiganim siz boʻlasiz. Ha, otamdan-da, deya erkalagan
va shu kundan arab imlosini oʻrgatib, Qurʼon yodlatishga kirishgan edi. Ikki yilda u koʻp narsani
oʻrgandi, joynamozga boshi tegdi, maktabgayam bordi.
-Ota, fotiha oʻqimaysizmi,-dedi u sekingina. Moyli uyalganidan qoʻltiqtayogʻi bilan oʻgʻlini bir
tushirishiga sal qoldi. Oʻzini yalangʻoch holda birov koʻrib qolgandek, qizarib ketdi.
- He, non qorningga urgur, men maktab koʻrgan, partiyni odamman. Eskicha soʻzlar menga
yarashmaydi. Birortani qulogʻiga yetsa bormi?
-Hech kim yoʻq-ku, ota?
-Devorniyam qulogʻi bor, deyishadi. Bunda oz odam yotibdimi?
-Oʻliklardan ham shubhalanayapsizmi?
-Nailoj, zamon shunday.
-Unda men oʻqiyman. Bola buvasi oʻrgatgandek, pichirlab suralarni oʻqiy boshladi.
Moyli nima qilarini bilmay, bolasining yoniga oʻtirdi.“Mushtdekkina goʻdakni oldida yer bilan
bitta qildingiz-ku, ota? Menga oʻrgatolmaganingizni bolamga yodlatibsiz. Endi uni ham umri
optova koʻtarib oʻtarkan-da. Zamon qaltis ekanligini choʻrtta fahmlamabsiz. Javob bermaysiza.
Nimayam qilardim, ayoqni uzatib, bemalol yotavering. Yangogʻi aytganimizdek, Moylini otasi
el qatori bir uyum tuproq boʻlib yotishi mumkin emas. Oʻzim sizni bulardan farq qiladigan qilib
qabringizga toʻgʻara oʻrnataman, marmar lavh yozdiraman” deb oʻyladi u yon-atrofdagi kattakichik qabrlarga qarab. Otasiga aytar soʻzi shu boʻldi. Oʻgʻli bilan birga duoga qoʻl ochdi.
Qoʻltiqtayoqqa suyanib, qabrlar oralab likonglab qaytarkan, oʻgʻlini urushdi:
-Kavsar suviniyam bilarlar bu kishim. Qora tuproqdan boshqa narsa tegmaydi odam oʻlgandan
keyin. Uv bachchagʻar, yana biror marta xurofotga berilganingni koʻrsam, kallangni sapchaday
uzaman. Tushundingmi? Buvang qoloq odam edilar. Zamondan orqada qolib ketgan, irimchi. U
dunyo, bu dunyo deb bosgan qadamlaridan choʻchib, oʻtib ketdilar. Sen bugunning bolasi boʻl.
Gʻarbni oʻrgan, Moskopga oʻqishga yuboraman.
Bekmirza indamadi. Otasini nega odamlar yomon koʻrishini tushungandek boʻldi. Buvasi
aytganidek, otasida imon-eʼtiqod yetishmas ekan. Biroq bir umr oʻgʻliga yaxshi soʻz aytmagan
Muxtor guppini Moyli oʻpir qanchalik yaxshi koʻrsa, Bekmirza ham otasini shuncha yaxshi
koʻrardi...
xxx
Urgutdagi roʻyxatda boʻlmaganligi uchun Shayman polvonga qogʻoz kelmadi. Pochvonliklar
bilan birga qishloqdagilarning oʻtidan kirib, kulidan chiqib ellashib ketdi. Enasining urugʻi shu
qishloqdan boʻlganligi uchun ham musofirligi bilinmadi. Quritilgan mayizlarni frontga joʻnatish
uchun markazga kelgan Shayman polvonga qoʻshtepalik usta Sulaymon duch kelib qolmaganda
polvonning kunlari bir tekis oʻtayotgandi.
-Shu desayiz, kun oʻtmay qoldi. Besh-oltita beshik yasab, Urgut bozoriga pullay, deb kelgandim.
Hali uchtasi sotilgan yoʻq. Shunga Gʻavsul Aʼzam buvani ham bir ziyorat qilay, deb aylanib
yuruvdim,-dedi. Qanorlardagi mayizlarni boʻshatayotgan Shayman qovogʻini uygancha
qishloqdagilarning ahvolini soʻradi.
-Shu desayiz, naridan beri yuribmiz. Parvardigorning dargoyi keng. Oʻpir ham urushga ketib,
eson-omon Qoʻshtepaga qaytdi. Partkum boʻlaymish, degan mish-mish yuribdi. Qaragʻay
oshnaga javr boʻldi-da. Shu desayiz uyam urushga olinganmish. Bollarini holi nima kechdi?
Xudo biladi. Koʻp qora kunga qoldi-da boyaqish. Oʻpirdi esa murtini bolta kesgani yoʻq.
Yaxshiga yurim yoʻgʻ-u, yamonga oʻlim yoʻq, deganlari shumikan? Shu desayiz, polvon aka,
Muxtor guppi oʻlganiga olti oy boʻmasi arzandasi kelib qoldi. Bir ogʻiz gapingiz, oʻt qoʻy
desayiz, oʻt qoʻyaman. Chinorga os, desayiz, osaman uni. Axir shoyir jonday oshnam edi. Bizda
lafz bitta boʻladi. Axir qoʻngʻirotman, bilasiz.
Muxtor guppi otasining qadrdon doʻsti ekanligini oʻylab, cholning siyi-sifatini qilib, ukasi uchun
qasos olishni keyinga surib yurgan Shayman polvonning peshonasi tirishdi:
-Sen borib tuvak yasa. Boshqalarning ishiga tumshugʻingni tiqib, oʻzingni doʻst koʻrsatma.
Taqdir xudodan. Faqat uni aytgani boʻladi, -dedi.
Sulaymon usta polvonning qahrli nigohidan seskanib, nari ketdi.
Polvonning yuragiga oʻt tushdi. Oyoq tagida tuproq bilan singishib ketayozgan katta toshni
sugʻurib, bu orada ancha uzoqlashib ketgan Sulaymonning ortidan otdi.
-Ablah, ichgan qasamimni eslatayapsanmi? Qoʻlingdan kelgani tuvak yasash-ku, Oʻpirni
osolasanmi? Uni moy bosgan koʻzlariga qarashdan qoʻrqarding-ku. Koʻpni ichida opangni
roʻmolini tortib olib, bilagidan ushlaganda qayoqda edi bu jurʼating. Nas bosgan bukri,-dedi.
Ammo bu xabar uni oʻyga toldirdi. Tajanglashib, baqir-chaqir qilib, yaqinlarining ham taʼbini
xira qildi. Nihoyat etigiga qurt tushgandek bezovtalanib qolgan Shayman Qoʻshtepa tomon ot
soldi. Ukasi Qarchigʻay shoyir surgun qilinganiga ham oʻn yildan oshibdi. Oʻshandan buyon
Polvon qishlogʻida qarindoshlari koʻmagida vatan qilib yashayotgandi. Alamini mehnatdan
olayotgandi. Zabardast, qatʼiyatli, odamlarni ortidan ergashtira oladigan polvonni bu yerda
xoʻjalikka taʼminotchilik qilishga rais koʻndirgandi. Odamlarning ishonchi, yelkasidagi bu
yukning zalvori necha yillardan buyon uni bosib, biror nojoʻya ish qilishdan tiyib turgandi.
U Qoʻshtepaga yaqinlashganda kun ogʻib, kuzning soʻnggi kunlari boʻlganligi bois izgʻirin
qoʻzgʻalgan payt edi. Odam oyogʻi tinishi bilan tepani aylanib oʻtib, otini daraxtzorga bogʻladi.
Moylining uyini moʻljalga olib, pisib kelaverdi. Yon-atrofdagi tovushlar tinchigach, omonatgina
turgan paxsa devordan oshib, hovliga kirdi. Ikki soatlar chamasi ularni uxlashini kutdi. Eng
oxirida fonusni koʻtarib, Moylini ayoli kirib ketdi. Polvoning joʻyali rejasi ham yoʻq edi. U uy
ichiga moʻraladi. Moyli oʻpir lampa yorugʻida nimadir yozib oʻtiribdi. Hali beri uxlamaydigan
koʻrindi. Polvon uni kuzatib turib, koʻp narsani esladi. Otasi bilan shu hovliga kelganlarini,
Moyli bilan birga toy-toy oʻynaganlarini, ukasini tom ustiga oʻtirib aytgan termalarini.
Doʻmbiraning singanini. Tutab yotgan tutun ichiga otilgan doʻmbira. Moyli ketgandan keyin
qandaydir qarimsiq, chayir qoʻl doʻmbirani oʻt ichidan olgandi. Qoʻl esiga keladi-yu, egasini
eslolmaydi. Kim olgandi doʻmbirani oʻshanda. Toʻliq yonib ketganmidi, yoki tiklasa boʻlarmidi?
Ajdodlari qoʻlida asrlab turgan, necha-necha xonlarni,urushlarni koʻrgan doʻmbira. Aravaga
minayotgan Turdixolning sarosimali, madad soʻragandek jovdiraganlari, shoyir ukasining behad
iztiroblar qoplagan chorasiz chehrasi... Bular lahzada koʻz oldidan oʻtdi. Poyezdda koʻzda yosh
bilan ketayotgan ukasining oilasi koʻz oldiga keldi-yu, pisib turgan joyidan qanday qilib
Moylining ortida paydo boʻlganligini oʻziyam sezmay qoldi. Mana u, har kuni xayolan bir
oʻldiradigan gʻanimi. Oʻz qishlogʻidan nari ketishiga sababchi boʻlgan badkirdor. Oilasini
tumtaraqay qilgan imonsiz. U belidagi belbogʻni oldi-da ortiga burilayotgan oʻpirning ogʻziga
tiqdi. Oʻzi bilan olib kelgan ikki qarich arqon bilan qoʻllarini bogʻladi. Xirillab qolgan Moylini
oyoqlarini bogʻlash uchun urinayotganda bir oyogʻi yoʻqligini sezib qoldi. Biroz achingandek
boʻshashdi. Biroq ukasini surgunda xotini, bola-chaqasidan ayrilganini eslab, yana jahl otiga
mindi. Lampamoyni boshidan quyib, mil-mil yonayotgan fonusni tutib, yoqib yubordi. Boshiga
zarb bilan bir musht urib, hushidan ketkizib shitob bilan chiqib ketdi. Hali qishloqdan chiqib
ulgurmasidan Moylining ayolini chinqirgani eshitildi.
“Sergak ekan zavjasi. Hali uxlamabdi-da, Moylining ajali yetmagan koʻrinadi”,-deya otga mindi.
Odamlar yordamga yetib kelguncha Moylining yuz-koʻzi, chirmab bogʻlangan qoʻllari kuyib,
arqon junlari hilvirab kuygan etiga yopishib qolgandi. Uni aravaga solib, markazdagi
shifoxonaga olib ketishdi. Bu orada oʻz ishidan koʻngli toʻlmay, nogiron odamga qilgan
zulmidan xijolatga botib, Shayman polvon qir yoqalab Urgutga qaytayotgandi...
Oradan toʻrt yil oʻtdi. Shayman polvonni daraklab birov kelmadi. Na guvoh bor edi bu ishda, na
iz. Faqat har kimning koʻnglida gumon bor edi, xolos. Moyli oʻpir oqargan odamnikidek oqishqizgʻish boʻlib kuyuk izi qolgan yuzi, qoʻllarini yashirib, elga mutlaqo qoʻshilmay qoʻydi. Uning
pajmurda betini koʻrgan markazdagilar partkomlikka chiqqan buyruqni ham bekor qilishdi.
Oʻpirning kunlari yumaloq xat yozish bilan oʻtardi. U bu xatlarni oʻgʻli Bekmirzaga berib,
pochta qutisiga tashlab kelishni buyurardi...
xxx
“Shoyir oqlanibdi. Urushga borib katta xizmatlar koʻrsatibdi, hozir Jumaga yetib kelibdi. Bolachaqasi bilan qaytayotganmish”, degan xabar qoʻshtepaliklarni quvontirib yubordi. Shoyirning
qavm-u qarindoshlari, qishloq kayvonilari yigʻilib, Juma qishlogʻiga-Qizmon ammanikiga, deb
sakkizta eshak yuborishdi. Uzoq yoʻl, almashib minishadi, deb taxmin qilishdi ular. Uch-toʻrt
kun Jumada dam olgan shoyir yoʻlga tushdi.
Bu orada Urgut bozorida beshikni yaxshi pullayotgan Sulaymon usta qaytar mahal Pochvonga
borib, ariq labidan oʻt oʻrayotgan Shayman polvonga uchradi.
-Qoʻshtepada nima gap, - soʻradi Shayman qovoqlarini ochmay.
-Moyli oʻpir uydan dalaga chiqmay, nima balolarnidir yozib yotibdi, deyishadi. Menga qasd
qilishi mumkin boʻlgan bitta odam bor. Shayman polvon. U yana bir kun keladi, deb toʻrt yildan
beri yoʻl qarab, uch-toʻrtta kuchukni quturtirib boqib yotibdi. Shu desayiz, suyunchi bersayiz, bir
xushxavarim bor. Erta-indin shoyir qishloqqa yetib kelarmish. Polvon qoʻlidagi oʻroqni yerga
tashlab, Sulaymon ustaning yoqasidan oldi.
-Rost aytayapsanmi, yolgʻon boʻlsa shu ingichka boʻyningni uzib olaman. U ustani dast koʻtarib,
rostingmi bu, yoki meni aldayapsanmi, oʻshanda oʻpirni ayogʻi yoʻqligini aytmaganding, polvon
degan nomga xilof ish qilishimga sababchi boʻlding. Bir nogironga, xudo jazolaganga qoʻl
koʻtarib, gunohga botdim. Oʻshandan beri ich-etimni yeyman, -dedi hansirab.
-Qoʻyvoring, polvon. Yaxshi gapgayam, yamon gapgayam yaqomdan olasiz. Rost aytayapman.
Tushiring,pastga. Bitta-yu bitta koʻylagimniyam yirtib yubordingiz, -deya yolvordi.
-Xotin, bitta koʻylak olib chiq ustaga. Xushxavar olib keldi, -deya polvon ichkariga qarab
yugurdi. Shu kuniyoq u ham bor-budini ortib, xayr-xush qilib, koʻch-koʻronini ortib yoʻl tortdi...
xxx
Moyli oʻpir otasining oʻlimini eshitgan paytdagidek hovli yuzida aylanib qoldi. Bu qanday yuz
berdi? Nega shoyir qaytayapti? Kim ruxsat berdi? Axir u zamonga qarshi terma aytgan.
Odamlarni kommunistlarga nisbatan “gij-gijlagan” degan ayb bilan... Oʻzidan boshqa guvohlik
bermagani uchun mehnat lageriga yuborilgandi. Nima balo, daryo suvi teskari oqayaptimi?
Hammasi yodida. Oʻsha oʻttizinchi yil. NKVDdagilar undan qora xalqni qiynagan, tuzumdan
norozi, tili oʻtkir, arabcha oʻqiydigan, namozxon, boyligi koʻp odamlarni roʻyxatini beringlar,
deganda Jonuzoq ikkalas iQarchigʻayni, eshonni ruyxat qilib bergandi. Ular nima yomonlik
qiluvdi unga? Tayinli hech gap yoʻq.
U rus maktabga oʻqib keldi. Amaldor boʻldi. Topish-tutishli edi. Lekin nega shoyirchalik
qadrlashmadi? Toʻy-u marakada birga kirib qolishsa, uni qoʻllariga koʻtargudek opkirib
ketishadi. Oʻpirni esa unutishadi. Bormisan-yoʻqmisan, deyishmaydi. U majlis qilganda bir pas
jim turishni bilmaydi bu xalq, ammo baxshi terma aytganda sel boʻlishadi. Hatto, kuy
tugagandan keyin ham jim qolishadi. Begona-ku begona, xotini ham koʻz ochib koʻrganining
yonida unga shunday tikiladiki, goʻyo shoyirga koʻngli bordek. Bolasini bagʻriga bosgancha
mahliyo boʻladi-qoladi. Oʻshanda Xosiyat deb chaqirganini ham eshitmadi. Qarchigʻayga
qaraganda ulugʻvor choʻqqiga qaragandek havas va hayrat bilan boqardi. Yengidan tortib, siltab
oʻziga qaratganda esa bir kesak yoki toʻnkaga qaragandek koʻzlaridagi olov soʻndi. Yana
yoʻlma-yoʻl Shoyirni maqtab bordi.
-Bu Shoyir oʻlgur odamni sel qiladi. Chechanligini aytmaysizmi? Koʻzlarida bir ummon bordek
odam shoʻngʻib ketadi” -dedi jilmayib. Xotinining yuziga bir tarsaki tushirib, alamidan chiqmadi
u. Ertasi kuni dardi ichida bolalab turganda qora roʻyxat soʻrab qolishdi. Shunda Shoyir
qogʻozga tushib, surgun qilindi. Bu yaramas bir yil oʻtib, koʻzi qonga toʻlib, Sibirday joydan
qochib kelmasaydi, jiyani Turdixolni bola-chaqasi bilan unga qoʻshib joʻnatib, uvoliga qolmasdi.
Odamlar ham undan bu qadar nafratlanmasdi. Oilasi bormi, qaytib kelaveradi, deganda vakil
hammasini joʻnatamiz, -dedi. Asli qoʻliga doʻmbira olgan kunidan uni yomon koʻradi. Har
aytgan soʻzi unga tegib ketaverardi. Holiq rais Jazdon shoyirni shunday yomon koʻrgan. Har
gapini oʻziga olib, namiqardi. Toʻyda ovqatiga margimush qoʻshib berdirib, qutulganini yayrab
aytib beruvdi. U bunday yoʻl tutmadi. Oʻldirtirib yuborish qoʻlidan kelardi. Joni qattiq ekan
bachchagʻarni. Yana shuncha yil oʻtib qaytibdi. Endi Qoʻshtepani odami oʻzgaradi. Uni
moxovdek soʻppayib qolganini aytib, qanchalik quvontirishsa. Oqlangan boʻlsa, bir parcha
qogʻozni qoziga tashlab, tuhmat qilganim uchun qamatarmikan?
Moyli oʻpir yelib-yugurib xizmat qilib yurgan Xosiyatni yoniga chaqirdi. Piyoladagi choy
qoldigʻini chayqab-chayqab, tuyqus xotinining yuziga sepib yubordi. Seskanib tushgan Xosiyat
yuzi-boʻyni aralash tushgan shammni kaftlari bilan artib, nafrat bilan eriga qaradi:
-Bu nimasi, arpangizni xom oʻrdimmi? Xotin kishi deb shuncha xoʻrlaysizmi? Men ham
kasmingizni qilib ustingizdan bir yumaloq xat yozsam, partiyniligingiz qayda qoladi?
-Siyosiy oʻsish-ku bu. Nahotki? Yangogʻi aytganimizdek, ering urus-tuzem maktabga oʻqigani
uchun siyosiy oʻsayapsan, xotin. U ayolining jigʻibiyron boʻlganiga shitrab, qornini silkitib,
yonboshlab xoʻp kulgach, hali-hanuz hech gapga tushunmay , savolomuz qarab turgan xotiniga
oʻqrayib qaradi:
-Oshigʻing qaytayapti, eshitdingmi? -dedi sekingina. Xosiyat bir qalqib tushdi.
-Qanaqa oshigʻim? Nimalar deyapsiz? Kallangiz joyidami, ishqilib. Jin-pin chalgani yoʻqmi?dedi tovushi qaltirab.
-Bilmaganga olasan. Hammadan illay sen eshitgansan. Ayolning jahli chiqib, yuzlari qizardi.
-Qarchigʻay shoyirni oilasi bilan qaytayotganini eshitdim. Boshqa kim qaytayapti?
-Yegan tarsaking esingdan chiqibdi-da? Sen tufayli oʻsha chechaning oilasi bilan surgunga
ketgan. Shuni fahmlamadingmi?
-Turqingiz qursin, otasi. Hech boʻlmasa bolalaringizni hurmati yoʻqmi? Oʻz jufti halolingizni
birovga toʻgʻirlashga xudodan qoʻrqmadingizmi?
Axir Shoyirdi dostonlariga, termalariga qiziqardim. Bir men emas, butun qishloq, erkagu ayol.
Bir siz uni elga koʻp koʻrdingiz. Nahotki, shunga rashk qilib, bir roʻzgʻordi uvoliga qolgan
boʻlsangiz? Boshiga eri boʻlaturib, oshiq-maʼshuq boʻladiganlarga chiqarib qoʻyibsiz meni.
Shunchalikka bordingizmi? Taloq ayting. Endi chidolmayman.
-Ho, endi kelayapti, boshi ochiq, tegib olaman, deysanda-a? Bekorlarni aytibsan. Lashlushimizni yigʻib, markazdan uy olamiz. Hukumatdan joy soʻrab, xat yozganman. Ketamiz.
-Shuncha toʻhmat gaplaringizdan keyin siz bilan qanday qilib bir yostiqqa bosh qoʻyaman?-ayol
hungrab yigʻladi.-Shoʻrpeshana boʻlmasam, kelib-kelib butun qishloq yuz oʻgirgan kishigayam
tegamanmi? Yoʻq narsaga birovdi ayblab, toʻhmat qiladigan odamni zavjasi boʻlamanmi?
Kasringizga bolalarim qolmasa goʻrgaydi. Menginani yer yutsin, bu kunimdan oʻlganim
yaxshiydi. Doston eshitganim uchun nahotki bir uy kuyib ketsa. Koʻzlarim oqib tushsiniydi.
Quloqlarim tom bitsiniydi. Oyaqlarim sinsiniydi.
-Eydi-eydilama, bas qil, diydiyongni. Oyagʻimni kesilganini yuzimga solayapsanmi?
- Bu gapingizni ham gʻarlik, ham peshkirlik deyishadi.
-Eringni yonida Qarchigʻayga tikilgan sen-ku.
-Ha, shunday boʻlgandi. Endi javobimni bering. Shoʻrtumshuq bolalaringizam oʻzingizga siylov.
-Meni sovunimga kir yuvmabsan-da. Qarindosh-urugʻingni boshiga it kunini solishimni
istaysanmi? Oʻzi ichim tutab yotibdi. Anovi shoʻrmandang kelib, bir yomonlikning payida
boʻlmasmikin, deb oʻylayapman.
-Paytavamga qurt tushdi, deng, otasi. Shoyir siz emaski, yomonlikning payida boʻlsa.
Er-xotin to Bekmirza kelguncha gap talashishdi.
-Ota, Qarchigʻay shoyir degan kishi ertaga qaytarkan. Faqat qishloqdagilar emas, Samarqand,
Shahrisabz, Galatepa, Uymovut, Umakay, Galamullo, Qovchin eh-he har tarafdan odamlar uni
kutib olgani yetib kelishibdi. Katta bayram boʻlarov.U kim? Bir kattakon amaldormi?
-Enangdan soʻra, uni kimligini, -deya Moyli oʻpir ichkariga kirib ketdi va bir qulogʻi tashqarida
boʻldi.
-Qarchigʻay shoyir qishlogʻimizdi boobroʻ kishilardan biri. Nechchi asrdan beri ota-buvalari
doʻmbira chertib, dostongoʻylik qilib kelgan. Bir hasadgoʻy, nokas, oʻylovi shipdan nari
oʻtolmaydigan amaldor sabab, u nohaq surgunga joʻnatilgan. Bir yil oʻtib qochib keluvdi.
Gʻanimlari borda, yana oilasi bilan surgun qildi. Xotini bechoraning qoʻlidagi chaqalogʻi olti
oylik edi. Besh bolasidan ikkov qolgan deyishadi. Xotini yarim yil yashamay oʻlib ketganmish.
Otangga jiyan boʻlardi. Uni akasi Shayman togʻa ham qaytayaptiykan. Ukasi qishloqdan chiqib
ketgan kun to ukam qaytguncha bu qishloqda yashash menga harom, deb chiqib ketganicha endi
qaytayapti.
-Shunchalik xudodan qoʻrqmaydigan, nazari past, imonsiz kimsalar bormi, qishlogʻimizda?
Moyli oʻpir chidolmadi. Inqillab chiqib, oʻgʻliga oʻshqirdi:
-Hoy, takasaltang, bu tovuq miya enang nimani bilardi? Xatni qutiga tashladingmi? Bor,
mollarga oʻt olib ke. Bilib qoʻy, kelayotgan xalq dushmani. Hali haqiqat qaror topadi. Kelgan
joyiga yana qaytadi. Zamon notinch. Yana quloqni bolalari bilan ogʻiz-burun oʻpishma.
Miyangni buzadi. Anovi qadr bilmaydigan elga qoʻshilma. Meni yigʻib qoʻygan don-dunimni
yeb, ocharchilikdan chiqqan. Birovi kelib rahmat aytayaptimi? Noshukurlar. Qani, doʻmbira
ularni qornini toʻydirarmikan?
Xosiyat bolasiga bor ishingga, deganday imo qildi. Nomozdigarda uyga qaytgan Bekmirza shu
kech dasturxon boshiga kelmadi. Odamlardan eshitgan gapi uni toʻydirib qoʻygandi. Yarim
tungacha oʻsha imonsiz kimsa oʻz otasi ekanligidan orlanib, yigʻlab-yigʻlab uxlab qolganini
Moyli oʻpir ham, Xosiyat ham bilmadi.
xxx
Shoyir qaytdi. Uni xarobaga aylangan hovlisini kimdir suvab, kimdir suv sepib qoʻyibdi. Chinor
tagidan to hovlisigacha ergashgan el uni kuzatib turibdi. Peshin mahali boʻlgani uchun uy
yonboshida zombirlar gʻujgʻon oʻynayapti. Shoyir ularni uyasini izlab, tomga qaradi. Eh-he,
qatorlashtirib zombir uya quribdi-ku, dedi u qoʻlini boshi ustiga qoʻyib tepaga qararkan.
-Hozir, qaynoq suv quysak uyasi buzilib, oʻlib ketadi, -dedi birov.
-E bitta choʻp beringlar, bir turtsak, uyasi buziladi. Uyasi buzilgandan keyin oʻz-oʻzidan bu
yerdan ketadi, -dedi kimdir.
-Qoʻyaveringlar, -dedi shoyir xomush. Zombirdiyam uyasi buzilmasin. Birda-yarimda
choqsayam oʻzimizdi zombir. Hechqisi yoʻq.
Yigʻilganlar jimib qolishdi. Soʻng oldindan taraddud koʻrishgani uchun, shoyirning poyiga qoʻy
soʻyishdi. Palov tayyorlandi. Qoʻy yogʻidan qilingan palovdan oshar ekan, shoyirning koʻzlari
jiqqa yoshga toʻldi. “Toʻylarimiz zoʻ-oʻr boʻlardi-ya, bovay. Ayagʻim olti, qoʻlim yetti boʻlib,
rosa palov tashirdim. Hammamiz yigʻilib palov pishirsak, zoʻ-oʻ-r boʻlardi-da, bovay”, degan
Turdixolning soʻngi iltijosi yodiga tushib, tomogʻiga nimadir qadalgandek boʻldi.
Hamma tarqab, kayvonilar qoldi. Shoyirga nima xizmat kerak boʻlsa aytaver, deyishdi ular.
-Men bir nomaqbul ishni qilib qoʻydim, -deb gap boshladi shoyir. -Sizlarsiz aylamni
topolmayman. Bunda bir tugun bor. Xotinim va bolalarimga tegishli. Shuni galalashib mozorga
qoʻysak. Ularning ruhini bezovta qilganimni bilaman. Ammo u joylarda qoldirib kelishga koʻzim
qiymadi.
Kayvonilar bosh egib, oʻyga botishdi. Baʼzilari dastroʻmol chiqarib, soqollarigacha tomchilagan
koʻz yoshlarini artib olishdi.
-Ey dunyoyi qoʻtir, -dedi Joʻravoy choʻpon ingichka soqolini silab. -Koʻrmagan kuning qolmadi,
Mahmudning quluni. Endi boʻlar ish boʻlibdi. Turdixol shoʻrlikning ham suyagi oʻz yerida
boʻlgani maʼqul. Faqat tonggacha Shayman polvon ham yetib keladi. Ular ham maʼrakada
boʻlgani yaxshi. Hamma taomilga amal qilib, ularni tuproqqa topshiramiz.
Shoyirning koʻngli joyiga tushdi. Hamma muammoning kaliti el. El birlashsa, togʻdi urib talqon
qilish mumkin. Bu tugundagi soʻngaklar uni yoʻlma-yoʻl ezib, yelkasiga zil-zambil yuk boʻlib
kelayotgandi. Toʻgʻri qildimmi, yoʻqmi, degan savol bezovta qilayotgandi. U torgina hovlisida
miriqib kerishdi. Ogʻzini katta ochib, havoni simirdi. Ich-ichini titratib uzun bir xoʻrsiniq chiqib
ketdi. Boʻgʻzida toshdek qotgan nimarsani “Aha-aha, ahahey” degan quvnoq xirgoyi bilan
davoladi. Chayir barmoqlarini qars-qurs qilib oʻyga botdi.
Qoʻshtepani nega buncha qoʻmsadi, sogʻindi? Mana shu qoʻngʻir tuproq torttimi oʻziga, yoki ana
shu mehrli hamqishloqlari. Koʻngliga nima boʻldi? Nega buncha yumshadi? Boshiga it kunini
solgan Moyli oʻpirga nisbatan boʻlgan qahri qayoqqa qochdi? Yoki bu qahr yurtdoshlarini
koʻrsatgan mehri oldida hech boʻlib qoldimi? Har kim ilinganini olib kelgan. Poʻstakmi,
boʻyrami, koʻp oʻrniga koʻrib, qabul qilasan,-deyishdi. Shoyir bir oz mizgʻib olguncha
kayvonilar yana paydo boʻldilar. Ular munkillagan bir cholni olib kelishibdi.
-Arabbandidan keltirdik. Bilasan, oʻzimizdi eshon otilib ketgandan berli bunday nazarkarda
kishilarga ehtiyojimiz bor. Shu paytgacha Qoʻshtepada soʻngaklar koʻmilmagan. Bovujud
soʻngaklar uch kasga tegishli. Eshon buvani shu bois maʼrakaga bosh boʻsinlar deb keltirdik,dedi Juravoy choʻpon.
Qoʻlida tasbeh bilan turshak shimiyotgandek har zamon chappillagan ovoz chiqarib qoʻyayotgan
Gʻaybulloxon eshon koʻrpachaga chordana qurib oʻtirdi. Ikki kaftini ochib, uzoq duoyi fotiha
oʻqidi. Soʻng qoʻlidagi tasbehini koʻziga surtib, bir-bir aylantirishni boshladi. Hamma ogʻziga
termulib turganini bilsa-da, koʻzlarini yumgancha oʻyga botdimi, pinakka ketdimi, atrofdagilar
“churq”etmay uni kutib oʻtirishdi. Cholning yuzidan nur yogʻardi, koʻksigacha tushgan oppoq
soqoli unga koʻrk bagʻishlardi. Boz ustiga bir salobati bor ediki, birov uni bezovta qilishga haddi
sigʻmasdi. Nihoyat u sal yoshlanib turgan, chuqur koʻzlarini ochdi. Sovib qolgan choyini bir
hoʻplab, hammaga bir-bir qarab chiqdi. “Bismillohir-rahmonir rahiym. Lohavlo vala quvvata,
illo-billohil aliyil azim. Bir zamonlar beklardan birining oʻgʻli jangda shahid boʻlibdi, deb gap
boshladi. Uning nimkala ovozi uzoqdan kelayotgandek eshitilar, ammo alladek yoqimli edi. U
oʻzidan keyin tugʻilgan ukasiga qattiq mehr qoʻygan ekan. Har kech onasining tushiga kirib
“Ukamni yonimga yuboring” deb soʻrarmish. Bir farzandi dogʻida kuyayotgan ona taʼbirchilarni
yigʻib, tushini aytibdi. Oʻlik chaqirayapimi, bu oʻgʻlingiz ham ajal topishi mumkin, deyishibdi
ular. Va bir necha misol aytishibdi...”
Cholning rivoyat aytishni boshlaganiga kayvonilardan biri bezovta boʻldi. Masala boshqa yoqdayu, eshonim rivoyat aytayaptilar. Yoki qarilik belgisimikin? -deb mingʻirlab qoʻydi.
-Sabr qiling, Tilovoldi, sabr qiling, -deb pichirlab javob berdi Joʻravoy choʻpon.
“Mushfiq ona nima qilarini bilmay, oʻzini oʻtga- choʻqqa urib, chora izlay boshlabdi. Bir kuni
bozorga kiraverishda uni juldur kiyingan, qoʻlida yalangʻoch chaqalogʻini emizib oʻtirgan
moʻltoni ayol chaqiribdi. “Boshingda bir sinov bor, bir ofat koʻrinayapti. Dardingni ayt,
chorasini aytaman, depti u dabdurustdan. Chiqmagan jondan umid, deganlaridek, ayol uni yoniga
borib, tushini aytibdi. Arvoh chaqirayapti, oʻgʻlingni olmasi qoʻymas. Ammo sen uni alda. Axir
hammamiz ham tuproqdan yaralganmiz. Tuproqdan bir vujud yasa-da, unga ikkinchi oʻgʻlingni
ismini qoʻy va uni marhumni yoniga koʻm. Mana, ukang ham yoningga keldi. Endi goʻringda
tinch yot, -deb baralla ayt, -debdi. Ayol moʻltonini aytgani keladi, qilgani em boʻlmaydi,
deyishadi. Shuginani ham bir aytganini qilib koʻray, -deb kulol chaqiribdi. Unga loydan
gʻoʻrchoq yasashni buyuribdi. Gʻoʻrchoq tayyor boʻlib, qurigandan keyin marhum oʻgʻlining
yonidan qabr kovlatib, amallarni qilib koʻmdiribdi. Shu-shu oʻgʻli qaytib tushiga kirmaydigan
boʻlibdi. Chol yana koʻzlarini yumib oldi. Endi men boray, deya oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Cholni
kuzatib qaytgan kayvonilar uni nima demoqchi ekanligini birdan tushunishmadi. Qarchigʻay
shoyir anglab, Joʻravoy choʻponga taxminini aytdi. -“Qiyomatni oʻylash kerak”, -dedi Safar
buva. Agar soʻngaklarni oʻzini koʻmsak, erta qiyomatda ular qanday tiriladi? Tanasi oʻrmonda,
soʻngaklari Qoʻshtepada. Tanasini loydan yasab, alohida-alohida kafanlab, koʻmish kerak. Bu
ish qay darajada toʻgʻri, yoki notoʻgʻri ekanligini yolgʻiz Parvardigor biladi. Ammo kayvonilar
bu ish taomilga koʻra toʻgʻri boʻldi, tuproqdan bino boʻlganmiz, tuproqqa qaytamiz, -deya abjir
yoshlardan besh-oltitasini chaqirib, hech kimga bildirmaslikni tayinlab, kulol-u, temirchilar bilan
kengashib ish boshlashdi.
Tong boʻzarmasdan Shayman polvon guldirakdek guldirab kirib keldi. Ukasini bagʻriga bosib,
yigʻlab, oʻpkasini boʻshatib oldi. Sahar-mardondan xalq yana shoyirnikiga toʻplandi. Turdixol va
uning ikki goʻdagi yana bir bor tuproqqa topshirildi.
Soʻngaklar loydan yasalgan tana ichiga alohida qilib solindi. Soʻng suv bilan silliqlashdi.
Temirchilar olovga toblashdi. Qoʻy soʻyib, xudoyi qilishdi. Uch kun ovora boʻlishdi. Payshanba
saharda Turdixolning tobuti derazadan chiqarilib, lapanglab yoʻlga tushdi. Ikki goʻdak vujudi esa
taomilga koʻra, toʻrtburchak, katta va keng yostiq ustiga alvon banot tashlangan holda mozorga
olib borildi. Shoyirning yarasi yangi boʻldi. Unga qoʻshilib, qoʻshtepaliklar yigʻladi. Birov bildi,
birov bilmadi. Birovi tushundi, birovi tushunmadi. Bu qanday hol boʻldi? Surgunda, yot yerlarda
oʻlib ketganiga oʻn yildan oshib ketgan marhuma va uning ikki bolasi qanday qilib tobutga
tortildi, qanday qilib kafanlandi? Qari bilganni pari bilmas, kayvonilar bir hikmat topishgandir,
deya ular tusmollashdan, ajablanishdan toʻxtashdi. Koʻz koʻrib, quloq eshitmagan maʼrakadan,
otasiga boʻlgan hurmat-izzatdan Keldiyorning koʻngli oʻsdi...
Anchadan beri Moyli Qarchigʻay bilan Shayman polvon kelib oʻldiradi, degan vahm ichida
kunni kech qilib, tongni ottiradi. Oʻz soyasidan ham hurkadigan boʻlib qolgan. Bir koʻngli
ukasinikiga borishni xohlaydi. Ammo uning xotini oʻzi qamatib yuborgan eshonning singlisi.
Eshigidan kiritmasayam kerak. Aka-uka oʻrtasida bordi-keldi yoʻq. Oʻgʻli Elmirza Samarqandda
oʻqiyapti. Uch qizini urushga ketgan payti Muxtor guppi Umakayga uzatgan. Bu qishloqda
ularni eshigini taqqillatib keluvchi yoʻqligi tufayli boʻlsa kerak, Muxtor guppi hech kim bilan
maslahatlashmay, dangir-dungur qilmay, elga bir choʻqim osh berib qizlarini egalariga
topshirgan. Kenja oʻgʻli Bekmirza yovvoyi qarash qilib, undan oʻzini olib qochayapti. Hozir toʻrt
muchchasi salomat boʻlsaydi, Qarchigʻayni yana Sibir taraflarga qagʻillatib, uchirib yuborardi.
Afsuski, qamchisidan qon tomadigan paytlar oʻtib ketdi, endi ojiz-u, notavonga aylandi. Oʻsha
aft-u angorini pajmurda qilib, el ijirgʻanadigan qilib qoʻygan kasni Shayman polvon edi, deb
yozmagan idorasi qolmadi. “U Urgutda yashaydi. Gumoningiz tasdiqlanmadi”, degan javobdan
boshqasini olmadi. Endi aka-uka bir boʻlib, meni oʻldirmoqchi, deb xat yozsinmi? Yoki agar
boshimga har qanday tashvish tushsa, aybdor Qarchigʻay shoyirdir, deb arza tashlasinmi?
Oradan uch oy oʻtibdiyamki, Shoyir eshigiga dov tortib kelmayapti. Bu sukunat qanchalik
yomon. Kelib, bir-ikki musht tushirib ketsayam, koʻngli bir yoqlik boʻlardi. Maza qilib uxlab
olarmidi? Uyqusini yoʻqotganiga ham ancha boʻldi. Tong otishini, kun botishini kutib umri
oʻtayapti.
U betoqat boʻlib, tashqariga chiqdi. Ajalini uyda kutib oʻtiraverish joniga tegdi. Necha yillardan
beri tunda el oyogʻi tingandan keyin koʻrshapalakdek kechasi koʻchani kezardi. Qarchigʻay
shoyir kelgandan beri tunda ham eshik hatlab, koʻchaga chiqmagandi. U muyulishda joylashgan
shoyirning uyiga yetib kelib, darchasi yonida biroz tin oldi. Darcha ochiq ekanligini koʻrib, birov
chiqib qolmasin, degan xayolda oʻrnidan turib uy ichiga qaradi. Hali-hali oʻzgarmabdi. Eshigini
tunda ham ilmaydi-ya. Doʻst bor, dushman bor deganday. U beixtiyor ichkariga kirdi. Chiroq
yonib turgan deraza yoniga yaqinlashdi. Ichkarida bir uy odam. Yuzidan nur yogʻilib, shuncha
qiyinchilik va ayriliqlarni boshidan oʻtkazsa-da qora koʻzlaridagi burgutqarashlar oʻzgarmagan,
qotma ,chayir gavdasini adl tutib, togʻdek bardoshini koʻz-koʻz qilgandek salobat bilan oʻtirgan
Shoirning ogʻziga hamma termulgan. Yana boshlabdi-ku qoʻshigʻini, deb oʻyladi u. Shoyirning
gaplaridan maʼni izlashga urinib, quloq tutdi:
“Qosimxondan bu soʻzni eshitib, eshonning zehni koyib, achchigʻi kelib, oʻrnidan turib,
Qosimxonga qarab, bu soʻzni aytib turgan ekan:
«Jafolar solarman tandagi jonga,
Xazon boʻlsa, zogʻlar qoʻnar gulshanga,
Sen bejoy teginding, menday eshonga,
Hali ham bir Shirin-Shakar hurmati,
Otar edim taxt-baxting osmonga.
Zulm qilding sen ham ikki oʻgʻlingga,
Tulki-shaqal kular sening holingga,
Men eshonman, oʻt tutashdi tanima.
Kosa berib qoʻyayinmi,qoʻlingga.
Valiligim senga maʼlum qilaymi,
Koʻrmagan kunlarni senga solaymi,
Yoʻqsa, seni olachipor qilaymi?
Mendayin eshonning koʻnglin boʻlasan,
Sen ham elda moxov, pes boʻp qolasan,..»
Moyli-oʻpir ortiga qaytdi. Sovuqdanmi, qoʻrquvdanmi tishi-tishiga tegmay takkillardi. “Nima
deyapti, doston aytdimi, yoki uni mazax qildimi, olachipor dedimi, moxov-pes... bu gaplarni
meni derazadan eshitayotganimni bilib aytdimi, yoki bu shunchaki dostonmi? Shirin-Shakar
hurmati dedi-ku. Ular dostondagilardir. Yoʻq, atay meni yuzimni aytayapti. Olachipormish.
Yuzini koʻrmasayam orqavarotdan eshitib, qoʻshiqqa solgan. Menday eshon deydi-ya. Hozir
borib bir xat yozayki, eshonlarni valiligini propaganda qilayapti deb. Uv, Moyli-ya, kim eding-u,
kim boʻlding? Laʼnati urushga borib kelib ham obroʻ topmading. Endi esa aftu basharangga itam
qaragisi kelmaydi. Qaytib kelaman, degandi, qaytdi. Oʻldiraman, degandi ikkoviyam jim. Nima,
meni soʻz bilan oʻldiradimi? Bu gaplar menga tegishlimi, yoki dostonmi, aniqlaymiz. Oʻv,
kasopat ayoq. Yoʻq boʻlsang ham ogʻriysanmi? Buguncha qogʻozni hayp qilmay. Etta tagʻi
boray», deya uxlashga oʻrindi.
Moyli oʻpir tong sahar turib, kun kech boʻlishini kuta boshladi. Boshqa qiladigan ishi ham yoʻq.
Xosiyat salom-aliksiz qovogʻini uygancha, bir uyum kirni choshgohgacha yuvdi. Magʻzavalarni
zarda bilan oʻraga toʻkib, iddao bilan bir choynak choy olib keldi.
-Endi boshingda ering borligi esingga tushdimi? U qoʻltiqtayoqning birini xotiniga qarab
uloqtirdi. Xosiyat koʻzda yosh bilan ichkariga kirib ketdi. Peshin mahali ham chiqmadi. Moyli
oʻpir necha marta oʻtirgan joyidan oʻdagʻayladi. Javob boʻlmadi. Oʻzini bir nima qilib
qoʻymadimikan? Qoʻltiqtayogʻining ikkinchisiga qanday yetsam ekan, deya yakka tayoqda
oʻzini tiklolmay, chorasiz qoldi. To oʻgʻli eshakka ortilgan oʻtinni yerga tushirib, uyga kirguncha
u peshayvonda sovuqda oʻtirishga majbur boʻldi. U avvali xotinidan xabar olishga oshiqdi.
Koʻrpani bor boʻyi bilan boshigacha yopib olgan Xosiyat yigʻlayverib qizarib, yuzlari shishib
ketgan edi. Ota-onasi orasidan qora mushuk oʻtganini sezgan Bekmirza oʻzi dasturxon yozib,
tamaddi qilishni boshladi. Moyli oʻpir ham indamay uning yoniga choʻkdi. U bugun Xosiyatsiz
kuni xarob boʻlishini anglab yetgandi.
Tun qora roʻymoli bilan yorugʻlikning yoʻlini toʻsganda u yana Shoyirning uyiga qarab yoʻl oldi.
Yana bir uy odam. Shoyirdan boshqani tovushi chiqmaydi. “Bu soʻzni eshitib, Gulgun pari
kanizlarga qarab, shu soʻzni aytib turgan ekan.
Oʻng qoʻlimda oʻn bir yuzuk,
Taqib qoʻyinglar, qizlarim.
Zarli kovush chang boʻlmasin,
Qoqib qoʻyinglar, qizlarim.
“He, xotinchalish. Aytgan gapini qarang, ayolmi erkakmi oʻzi bu. Yuzukmish. Rostdan doston
aytayotgan ekan-da. Gulgun pari dedi-ku. Men boʻlsam, oʻzimga olib, namiqib oʻtiribman. Shu
bir choʻpchak bilan shuncha odamni ogʻziga qaratib oʻtiribdi”.
U uyga kirganda Bekmirza nimanidir yozib oʻtirgan ekan. U otasi Shoyir qaytgandan buyon
behalovat boʻlib, uyqusi oʻchib, sal narsadan choʻchib yurganini sezardi. Unga rahmi kelganidan
koʻcha-koʻyda yurganda tengqurlaridan eshitgan gapni aytdi:
-Ota, muncha bezovta boʻlmang. Eshitgandim, Shoyir tirik qaytsam, oʻldiraman, degan ekan
sizni, Shayman polvon qasam ichgan ekan.
-Xoʻsh, odamlar nima deyapti? Nega eshigimdan kelmayaptiymish ular.
-Shoyir yodida qolgan hamma dostonlarini aytib, tugatgandan keyin sizni oʻldiraymish?
-Shunday deptimi?
-Zombirdiyam uyini buzmang. Birda-yarimda chaqsa chaqar. Baribir oʻzimizdi zombir-ku, deganmish.
-Shayman-chi?
Xudo urib qoʻygan banda bilan raqib boʻlish polvon zotiga yarashmaydi. Teng-tengi bilan, depti.
Moylining yuzi yorishdi. Kursiga oʻtirib, qizarib-boʻzarib xoʻp kuldi. Oʻgʻlining yelkasiga
qoqib:
-Qoʻrqibdi. Shoyirligiga boribdi. Men uni oʻrnida boʻlsam, naq kindigidan otib, bola-chaqasi
bilan yoʻq qilardim, -dedi. U gapi bolasiga malol kelganini bilib, oʻzini tutib oldi.
-Unda oʻgʻlim, gʻam yema. Shoyirning dostonlari hali-veri tugamaydi. Ajalim yetib oʻlib ketsam
ham, u yodlagan dostonlarini aytib ado qilolmaydi. Axir uning ota-buvasi uch asrdan beri doston
aytadi. Bu aniq bilganim. Barini yodlagan. Qolgan-qutganiga qoʻshib koʻpaytiraveradi. «Oʻng
qoʻlimda oʻn bir yuzukmish. Qara, barmoqlari oʻnta-yu, shu yerdayam bitta uzukni ortiqcha
qoʻshib oʻtiribdi. Agar dostonlari ado boʻlsa, terma aytadi, -dedi.
-Buvam ham “Qarchigʻay shoyir imonli, eʼtiqodli, oshnamning farzandi. Kun kelib yurtiga
qaytsa, zulm qilganlarga zulm bilan javob berishiga ishonmayman”, degandilar.
-Buvang kim zulm qilganini ham aytganmidilar?
-Yoʻq, ammo el ogʻziga elak tutib boʻlmaydi. Shoyir qaytgan kuni hammasidan xabardor
boʻldim. Orlandim, uyaldim, yer bilan bitta boʻldim.
-Bas, uyalish qizga yarashadi, senga emas.
-Sizam yumaloq xat yozishni bas qiling. Boshda bir-ikki joʻnatdim. Ochib oʻqib koʻrgach,
xatlaringizni oʻqimasdanoq yoqib yuborayapman. Qanday qilib, oʻz qishloqdoshlaringizga
boʻhton qilasiz? Qip-qizil yolgʻon-ku, yozganlaringiz. Agar yana shunday igʻvo yozsangiz, men
uydan chiqib ketaman.
-Xatlarni javobi kelmayapti, deb yursam, ichimdan dushman chiqibdi-da. Yangogʻi
aytganimizdek, oʻz otangga xiyonat qilibsan-da, tirmizak. Bovang birovning xatini ochib oʻqish
gunoh, demabmidi?
-Siz birov emassiz-ku. Otamsiz.
-Boʻlar ish boʻlibdi,buyovi sinibdi. Menga qara, Shoyirning oʻgʻli bittayam oʻzbekcha
bilmasmish-a. Gitara chalarmish. Meni urislashib ketdi, xontaxtaga emas, stol-stulga
oʻtiraymish, deb bir gal davrada ustimdan kulgandi. Uris oʻzidan chiqipti-da, hm.
-Bolalar uyida oʻsishiga siz sababchi boʻlgansiz. Kayvonilarni aytishicha, otasi terma aytganda
jon qulogʻi bilan tinglarkan. Ot aylanib qozigʻini topadi, deyishdi.
-Til oʻrganishi mumkin. Doʻmbirani oʻrganish ,boz ustiga terma toʻqish oson ish emas. Agar
Shoyirning tirmizagi doʻmbira chertib, yangogʻi aytganimizdek doston aytsa, Xudoning karomati
boʻladi bu. Menga oʻxshaganlarga koʻrsatgan karomati.
Shu kuni Moyli oʻpirning asablari dam oldi. Tinch uxladi. Tong-sahardan xotiniga kulib qarab,
“Qoʻlingizdan choy ichaylik endi, enasi”, dedi.
Kunlarning birida ayni sahar payti shoyirning darxonasini Joʻravoy choʻpon taqqillatib keldi.
Uning qoʻlida Moyli oʻtga tashlagan, ota-buvasidan qolgan eski doʻmbira sal-pal kuyib,
qoraygan, singan joyidan ulangan holda turardi. Shoyirning dimogʻi chogʻ boʻldi. Bu doʻmbirani
shunday ogʻir zamonda tishida asragan ozgʻin, tizzalari titrab turgan Joʻravoy choʻponni
mahkam quchib, ikki yuzidan oʻpdi. “Qoʻyvor, Mahmudning chirogʻi, qoʻyvor. Suyaklarim sinib
ketmasin Axir necha yildan beri omonatingni oʻz qoʻllarim bilan topshiray, deb yashadim.
Xudoga ming shukur. Niyatimga yetdim. Endi sen ham doʻmbiraga ega topishing kerak. Bu
yelkangdagi yuk. Qoʻshtepa doʻmbirasiz qolmasligi kerak,”-dedi u tantanali ohangda.
Choshgohda Qarchigʻay shoyir doʻmbirani koʻtarib, Qoʻshtepaga chiqdi. Oʻsha bir juft boʻlib
oʻsgan baquvvat chinorni quchogʻi yetguncha bagʻriga bosdi. Charaqlab chiqib kelayotgan
quyoshga qarab, koʻzlari qamashdi. Xuddiki, jazavasi tutgandek chinorning atrofini aylanib,
doʻmbirani tez-tez cherta ketdi:
«Rabbim-ov, quyoshim-ov, yaxshi-yomon qarindoshim-ov. Ichimdan chiqqan ilonim, qorin
talashgan sirtlonim, girdimda uchgan bingagim, bogʻlanmay qolgan ingagim, ikki qabr koʻrgan
soʻngagim, egnimga bergan yurgagim, ichi achirim ichagim, qaro kunlarim-kechagim, dod
desam kelmas dodarim, kuyiblar oʻlgan modarim, surpa-yu, oʻqlogʻ, urpogʻim, koʻkayi kesilgan
turpogʻim. Lahadga ketmasin, hunorim, ming yillik qoʻshigʻim, chinorim?! Duo ber, doʻmbiram
egasiz qolmasin. Yolgʻizim, Keldiyorim oʻlmasin,-deya yigʻlab, kuyladi.
Peshinda esa qoʻy soʻyib, elni chaqirib, koʻpning duosini olib, Keldiyorning kaftiga tuflab,
sulolaga tegishli doʻmbirani topshirdi. Shoyirning bu ilinji roʻyobga chiqadimi, yoʻqmi endi bu
yogʻini vaqt koʻrsatadi.
xxx
-Ertaga amfiteatrda bayram tantanasi boʻladi. Ham tomosha, ham maqola deganday, jonli
suhbatlar tayyorlang. Mana, taklifnoma,-dedi muharririmiz. Xiyobon oralab, bayramga bordim.
Shahar turli rangdagi gullar oʻsgan gulzordek ochilgan. Favvoralar olqishlayotgandek magʻrur
otilmoqda. Odamlar yasangan, ohorli kiyimlarini kiyishgan, yuzlaridan nur yogʻilayotgandek.
Goʻyoki Olloh bu kun har bandasining yuziga tabassumdan muhr bosgandek. Koʻnglim shunday
charogʻon ediki, shomga yaqin boshlangan tantanalar ohangida uchayotgandek edim.
Atrofdagilarni kuzatib salomlasharkanman, koʻksida medallari yarqirab, oldingi safda oʻtirgan
Norqizil muallimga koʻzim tushdi. Uzoqdan, shahardayam bayramlar chiroyli oʻtadi, degandek
ishora qildim. Muallim bosh barmogʻini silkib, zoʻr degandek javob qaytardi. Bayramlarimiz
koʻp. Ajab, eng yaxshi bayramimiz qaysi? Hayyom bobomizning bir toʻrtligi yodimga tushib
ketdi.
Yonida bor boʻlsa bir burda noni,
Oʻziga yarasha uy-oshiyoni,
Na u birovga qul, na birov unga ,
Ayt shod yashayversin, xushdir zamoni.
Birovga qul emasmiz, boshimizga oʻzga millat qizil qamchisini koʻtarib turgani yoʻq. El
ozodligidan ortiq baxt, hurriyatga erishilgan kundan afzal bayram bormi? Bovurima, yana
koʻnglim toʻldi. Koʻngil el shodligidan ilhomlandi. Vatan bayrogʻi hilpirab tuygʻularimni
titratayotir . Tomoshabinlarning qiyqirigʻiga quloq tutdim. Doʻmbirasini bir qoʻlda koʻtargancha,
saksonni qoralab qolgan chol barchaning olqishiga peshvoz chiqib kelardi. Norqizil muallimga
qaradim. U koʻzida yosh bilan, oʻrnidan turib, qarsak chala boshladi. Nahotki bu baxshi, oʻsha
oq qayinlar orasida boʻtadek boʻzlab, erta ketgan enasini izlab, oʻrischa soʻzlab ulgʻayganKeldiyor boʻlsa?! Qarchigʻay shoyirning quluni ekanligini suxandon ham taʼkidladi. “Sahnada
Oʻzbekiston xalq baxshisi Keldiyor Qarchigʻay oʻgʻli. ”Boʻyingdan aylanay, vatanim». Terma.»
Gulduros qarsaklar, olqishlardan maydon bir ulugʻ hayqiriqqa aylandi. Doʻmbiraning dilkash va
biroz dilgir navosi maydondagilarni tartibga soldi. Ha, sahnada oq salla oʻragan, koʻk beqasam
yaktagi ustidan beliga atlas belqars bogʻlab olgan saksonni qiyalagan, bor armonin quvalagan,
shaddod Keldiyor baxshi kuylayapti.
-Qaldirgʻoch qanotin qoqami,
Birov yeng,birovi yoqami,
Tinchligi boʻlmasa zamonning,
Koʻngilga bayramlar yoqami?
Doʻmbiram, kuyingdan aylanay,
Istiqlol ,toʻyingdan aylanay,
Elim-ov, oʻynagin, kul bugun,
Orzu-yu oʻyingdan aylanay!
Yigitlardek chaqqon harakatlanayotgan baxshini tinglarkanman, negadir boʻgʻzimga bir tosh
tiqilgandek boʻldi. Nazarimda yakkkam-dukkam koʻrinib turgan yulduzlar bir pasda
koʻpaygandek, ular ham oʻzbekning toʻyini koʻrib, doʻmbirasini tinglashga oshiqqandek edi.
Ay bovurima, men esa moʻjizaga duch kelgandek, na oʻtirishimni, na turishimni bilmay afsun
qilingandek tek qotgandim. Xudoning karomatini qara. Tantana nihoyalayotganda otilgan
mushaklarning sovuq tomchilaridan oʻzimga keldim. Yulduzlar yanayam yorqinroq nur sochardi.
Beixtiyor ular biz tiriklarning bayramini koʻrayotgan ruhlar emasmikan, deya oʻylardim. Ular
orasida kimlar bor ekan? Qoʻshtepani dunyo deb bilgan, ammo begona yurtlarda jon bergan
Turdixol ham, Qoʻshtepasida doʻmbirani egasiga topshirib, ajali yetguncha yurtini kuylagan
Qarchigʻay shoyir ham kenjatoyining termasini eshityaptimikan? Shunday dorilomon kunlar
uchun jon berganlar bayramni koʻrayapsizmi? Ular orasida siz ham bormisiz, ena!? Yigʻlama,
deysizmi? Men yigʻlamayapman, sizni sogʻinmayapman, yuzimni yuvayotgan tomchilar koʻkka
boʻylab qaytayotgan mushaklarniki.
Ayt, ey doʻmbira, koʻnglida ezgulik borlargina yulduzlarga aylanganmi? Huv anovi, qora
roʻmoldekkina yoyilib, bir chekkada osilib turgan bulutlar kimlar? Doʻmbirani yoʻq qilmoqchi
boʻlgan Jonuzoq, Moyli oʻpirlarmi? Pastda ham shunday manzara. Quvonchi ichiga sigʻmay,
hurlikni tantana qilayotganlar orasida ham qora bulutdek tumshayib, payt poylab nish
sanchmoqchi boʻlayotgan kaslar bor. Ular xalq dengizi ichra gʻarq boʻlib, xas-xashaklarga
aylanib qolaveradi.
Kuzning ilk tuni. Yoqimli iliqlik bilan odamlar orasida hayajon bilan oʻzbekning toʻyidan
qaytayabman. Doʻmbira ohangida guppilayotgan yuragim hayqirmoqda. Oʻz-oʻzimga bir soʻz
aytyapman. Soʻz va soz oʻlmagay, armonlarga vido aytib, orzularga peshvoz chiqaver, doʻmbira!
Manba: “Sohibqiron yulduzi” jurnali 2011 yil № 1-2 sonlar.
Автор
kh.davron
Документ
Категория
Художественная литература
Просмотров
11
Размер файла
222 Кб
Теги
egamberdiyeva, Xurshid Davron kutubxonasi, Hafiza Egamberdiyeva
1/--страниц
Пожаловаться на содержимое документа